“Zolotaya Korona” taʼsischisi Oʻzbekistondagi Parapay toʻlov tashkilotini sotib oldi — tafsilotlar
Rossiyaning “Servise” AJ kompaniyasi Oʻzbekistondagi Parapay toʻlov tashkilotining 100 foiz aksiyasini sotib oldi. Bitim 23 iyulda — Yevropa Ittifoqi “Zolotaya Korona” tizimining operatori va hisob-kitob markazini sanksiyalar roʻyxatiga kiritgan kuni amalga oshirilgan.

Rossiyaning “Zolotaya Korona” toʻlov tizimi operatorining taʼsischisi Oʻzbekistondagi Parapay toʻlov tashkilotini sotib oldi.
Korporativ axborot portalida eʼlon qilingan muhim faktga koʻra, Rossiyaning “Servis” AJ kompaniyasi Parapay’ning 20 mln 428 ming 996 dona aksiyasini qoʻlga kiritgan. Bu kompaniya ustav kapitalining 100 foizini tashkil etadi.
Tranzaksiya va Parapay’ning yangi aksiyador haqida xabardor qilingan sanasi 2026-yil 23-iyul deb koʻrsatilgan. Maʼlumot esa 27-iyul kuni jamoatchilikka oshkor qilingan.
Portalda aksiyalarning umumiy nominal qiymati 20,43 mlrd soʻm miqdorida keltirilgan. Biroq bu aksiyalar uchun amalda toʻlangan narx emas. Tomonlar kelishgan bitim qiymati va toʻlov shartlari ochiqlanmagan.
Xaridorning “Zolotaya Korona” bilan qanday aloqasi bor?
“Servis” AJ “Zolotaya Korona” brendining bevosita operatori emas. Biroq ochiq korporativ reyestrlarda kompaniya Rossiyadagi RNKO “Platyojnыy sentr”ning 100 foiz taʼsischisi sifatida koʻrsatilgan.
Aynan “Platyojnыy sentr” “Zolotaya Korona” toʻlov tizimining operatori va asosiy hisob-kitob markazi hisoblanadi.
Rossiya Markaziy banki reyestriga koʻra, “Platyojnыy sentr” amaldagi hisob-kitob nobank kredit tashkiloti hisoblanadi. Unda rubl va xorijiy valyutadagi bank operatsiyalari uchun 3166-K litsenziyasi hamda 2012-yildan buyon toʻlov tizimi operatori sifatida ishlash huquqi mavjud.
Parapay kimga tegishli edi?
Bitimgacha Parapay aksiyalari toʻrt nafar mahalliy mulkdor oʻrtasida taqsimlangan edi. Ibrohim Fatxullayevga 54,33 foiz, Izzatulla Fatxullayevga 23,5 foiz, Dilmurod Fatxullayevga 17,06 foiz va Ziyovuddin Toʻlaganovga 5,1 foiz ulush tegishli boʻlgan.
Shu tariqa, Fatxullayevlar oilasiga mansub uch aksiyador kompaniyaning jami 94,89 foiz aksiyasiga egalik qilgan. Bitim natijasida Oʻzbekistondagi toʻlov tashkiloti ustidan nazorat toʻrt nafar jismoniy shaxsdan Rossiya kompaniyasiga oʻtdi.
Parapay 2022-yil 30-mayda roʻyxatdan oʻtkazilgan. Markaziy bank kompaniyaga 2023-yil 4-aprelda toʻlov tashkiloti litsenziyasini bergan. Dastlab masʼuliyati cheklangan jamiyat sifatida ishlagan kompaniya keyinchalik aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilgan.
Parapay’ning tranzaksiyalar hajmi, mijozlari soni, tushumi va bozordagi ulushi boʻyicha batafsil ochiq maʼlumotlar hozircha mavjud emas.
Shunga qaramay, Parapay’ning asosiy qiymati uning Oʻzbekistonda amaldagi litsenziyaga ega ekanida. Litsenziyalangan mahalliy kompaniya xaridorga Oʻzbekiston banklari, milliy toʻlov tizimlari va foydalanuvchilari bilan integratsiya qilish uchun tayyor yuridik hamda texnologik platforma berishi mumkin.
Bu hozircha faqat ehtimoliy ssenariy. Bitim tomonlari xaridning maqsadini tushuntirmagan va Parapay “Zolotaya Korona”ning Oʻzbekistondagi rasmiy operatoriga aylanishini eʼlon qilmagan.
Bitim sanksiyalar kuchaygan kunga toʻgʻri keldi
Parapay aksiyalari boʻyicha tranzaksiya Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketini qabul qilgan 23-iyul kuni amalga oshirilgan.
Yangi paket doirasida 48 nafar shaxs va 170 ta tashkilot sanksiyalar roʻyxatiga qoʻshildi. Bundan tashqari, 94 ta Rossiya banki va yirik moliyaviy tashkilotining aktivlari muzlatilib, ularga mablagʻ taqdim etish taqiqlandi. 33 ta kredit va moliya tashkilotiga nisbatan esa tranzaksiyalarni amalga oshirish taqiqi joriy qilindi.
Roʻyxatga “Zolotaya Korona” tizimining operatori va hisob-kitob markazi RNKO “Platyojnыy sentr” ham kiritilgan. Natijada xorijiy banklar va toʻlov hamkorlari kompaniya bilan operatsiyalarni qisqartira boshladi.
Bitim va sanksiyalar bir kunga toʻgʻri kelgani eʼtiborga molik. Biroq ochiq maʼlumotlar Parapay xaridi aynan yangi cheklovlar sabab tezlashtirilgani yoki sanksiyalarni chetlab oʻtish maqsadida amalga oshirilganini tasdiqlamaydi.
Oʻzbekistondagi kamida 16 ta bank xizmatni toʻxtatdi
23–28-iyul kunlari Oʻzbekiston banklari birin-ketin “Zolotaya Korona” orqali pul yuborish va qabul qilishni vaqtincha toʻxtatayotganini maʼlum qildi.
29-iyul holatiga koʻra, ochiq xabarlar asosida roʻyxatda kamida 16 ta bank bor:
- Oriyent Finans Bank;
- ANORBANK;
- Trastbank;
- Oʻzsanoatqurilishbank — SQB;
- Poytaxt Bank;
- Biznesni rivojlantirish banki — BRB;
- Kapitalbank;
- Asakabank;
- Agrobank;
- Aloqabank;
- Mikrokreditbank;
- Turonbank;
- Asia Alliance Bank;
- mybank;
- InfinBank;
- Openbank.
Roʻyxat yakuniy boʻlmasligi mumkin. Ayrim banklar cheklovni saytida emas, ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi yoki mobil ilovasi orqali eʼlon qilgan. Bundan tashqari, bank saytlaridagi “Zolotaya Korona” mahsulot sahifalari yangi cheklov eʼlon qilinganidan keyin ham ochiq qolishi mumkin.
Masalan, Kapitalbank tizim orqali oʻtkazmalar 23-iyuldan toʻxtatilganini bildirgan. Asakabank boʻyicha xabar 24-iyul kuni eʼlon qilindi. Mikrokreditbank esa xizmat 25-iyuldan toʻxtatilganini 27-iyul kuni maʼlum qildi.
Keyinchalik Agrobank, Aloqabank, SQB, BRB, Turonbank va Asia Alliance Bank ham pul yuborish va qabul qilish vaqtincha ishlamasligini bildirdi.
Banklar cheklovni qanday izohladi?
Banklar tomonidan berilgan izohlar bir xil emas.
Mikrokreditbank va Aloqabank xizmatning toʻxtatilishini Yevropa Ittifoqining 21-sanksiyalar paketi bilan bevosita bogʻladi. Aloqabank xabarida “Zolotaya Korona” operatori sanksiyalar roʻyxatiga kiritilgani qayd etilgan.
Agrobank, ANORBANK, Trastbank, Turonbank va InfinBank kabi qator banklar esa “texnik ishlar” yoki “texnik sabablar”ni koʻrsatgan. Boshqa banklarning ayrimlari sababni batafsil ochiqlamasdan, xizmat vaqtincha mavjud emasligini maʼlum qilgan.
Bu farq banklarning muammoni turlicha baholayotganini anglatishi mumkin. Ayrim banklar sanksiyalar omilini ochiq tilga olmoqda, boshqalari esa huquqiy va komplayens tekshiruvlari davom etayotgan paytda “texnik sabab” degan neytral izoh bilan cheklanmoqda.
Biroq “texnik ishlar” iborasi cheklov sanksiyalarga aloqador emasligini oʻz-oʻzidan isbotlamaydi. Chunki uzilishlar “Platyojnыy sentr” Yevropa Ittifoqi roʻyxatiga kiritilganidan keyin va bir vaqtning oʻzida bir nechta bankda kuzatildi.
2024-yildagi cheklovdan farqi nimada?
Bu “Zolotaya Korona” atrofida sanksiyalar sabab yuzaga kelayotgan birinchi uzilish emas.
AQSh Moliya vazirligining OFAC idorasi 2024-yil 23-avgustda Centre of Financial Technologies Group — CFT guruhini sanksiyalar roʻyxatiga kiritgan. CFT “Zolotaya Korona” ekotizimi bilan texnologik va tarixiy jihatdan bogʻliq kompaniya hisoblanadi.
Oʻsha vaqtda Gruziya, Qozogʻiston va ayrim boshqa davlatlardagi banklar tizim orqali operatsiyalarni vaqtincha toʻxtatgan. Keyinchalik ayrim banklar huquqiy tekshiruvdan soʻng xizmatni qayta tiklagan.
2024-yildagi vaziyatning muhim farqi shundaki, AQSh sanksiyasi “Zolotaya Korona” operatorining oʻziga emas, u bilan aloqador texnologik guruhga nisbatan qoʻllangan edi.
2026-yilda esa Yevropa Ittifoqi bevosita “Platyojnыy sentr”ni — pul oʻtkazmalarining operatori va hisob-kitob markazini roʻyxatga kiritdi. Shu bois hozirgi cheklovlarning operatsion taʼsiri 2024-yildagidan jiddiyroq boʻlishi mumkin.
Oʻzbekiston yoʻnalishi ochiq, lekin mahalliy tarmoq qisqarmoqda
29-iyul kuni “Zolotaya Korona”ning rasmiy sahifasida Rossiyadan pul yuborish mumkin boʻlgan toʻrtta davlat koʻrsatilgan:
- Xitoy;
- Oʻzbekiston;
- Qirgʻiziston;
- Turkiya.
Kompaniya ushbu roʻyxat oʻzgarishi mumkinligini alohida qayd etgan.
Demak, Oʻzbekiston yoʻnalishi “Zolotaya Korona” platformasida rasman saqlanib qolgan. Ammo Oʻzbekistondagi hamkor banklarning birin-ketin xizmatni toʻxtatishi pulni amalda olish yoki joʻnatish mumkin boʻlgan nuqtalar sonini kamaytirmoqda.
Nega bu Oʻzbekiston uchun muhim?
Oʻzbekiston iqtisodiyotida transchegaraviy pul oʻtkazmalarining oʻrni katta.
Markaziy bank maʼlumotiga koʻra, 2025-yilda xorijdan Oʻzbekistonga yuborilgan pul oʻtkazmalari 28 foizga yoki 4,1 mlrd dollarga oshib, 18,9 mlrd dollarga yetgan.
Shundan:
- 9,9 mlrd dollar yoki 52 foizi anʼanaviy xalqaro pul oʻtkazma tizimlari orqali;
- 8,6 mlrd dollar yoki 46 foizi bank kartalariga toʻgʻridan-toʻgʻri P2P oʻtkazmalari orqali;
- 397 mln dollar yoki 2 foizi bank oʻtkazmalari orqali kelib tushgan.
Oʻzbekistondan xorijga yuborilgan mablagʻlar esa 5 foizga kamayib, 2,7 mlrd dollarni tashkil etgan.
Markaziy bank bu statistikada “Zolotaya Korona”ning alohida ulushini koʻrsatmagan. Shuning uchun tizimdagi uzilish Oʻzbekistonga kelayotgan 18,9 mlrd dollarning aynan qancha qismiga taʼsir qilishini ochiq maʼlumotlar asosida hisoblashning imkoni yoʻq.
Shunga qaramay, Rossiya Oʻzbekiston fuqarolari uchun asosiy mehnat migratsiyasi yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolmoqda. “Zolotaya Korona” esa hisob ochmasdan, tezkor va naqd shaklda pul yuborish imkoniyati tufayli migrantlar orasida keng foydalanilgan tizimlardan biri.
Banklar tarmogʻining qisqarishi ayrim mijozlarni boshqa xalqaro tizimlar, kartadan kartaga oʻtkazmalar yoki bank kanallariga oʻtishga majbur qilishi mumkin. Bu esa komissiya, ayirboshlash kursi, limit va pulni olish usuli boʻyicha yangi xarajatlarni yuzaga keltiradi.









