Yirik P2P oʻtkazmalarini soliq organlariga berish gʻoyasi Konstitutsiyaga zid — Markaziy bank
Markaziy bank yirik P2P oʻtkazmalar boʻyicha maʼlumotlarni soliq organlariga avtomatik taqdim etishni nazarda tutuvchi taklif Konstitutsiyaning 41-moddasiga zid boʻlishi mumkinligini bildirdi. Regulyator bunday mexanizm bank siriga boʻlgan ishonchni pasaytirishi va mablagʻlarning norasmiy muomalaga oʻtish xavfini oshirishi mumkinligini taʼkidlamoqda.

Markaziy bank raisi oʻrinbosari Abrorxoʻja Turdaliyev oylik yirik P2P oʻtkazmalar haqidagi maʼlumotlarni soliq organlariga taqdim etish boʻyicha taklif fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga taʼsir qilishi mumkinligini maʼlum qildi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan nashri xabar berdi.
Gap Soliq qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasi haqida bormoqda. Unda jismoniy shaxsning bitta kartasiga bir oy davomida boshqa shaxslarning bank kartalari yoki elektron hamyonlaridan BHMning 500 baravariga teng yoki undan ortiq mablagʻ kelib tushsa, bank ushbu maʼlumotni Soliq qoʻmitasiga taqdim etishi nazarda tutilgan edi.
Hozirgi hisobda bu chegara 206 mln soʻmni tashkil qiladi.
Markaziy bankka koʻra, bunday tartib naqd va naqdsiz hisob-kitoblar oʻrtasidagi tafovutni yanada kuchaytirishi mumkin. Regulyator ushbu mexanizm fuqarolarni bank tizimidan foydalanishdan koʻra, naqd pulga yoki norasmiy hisob-kitoblarga qaytishga undashi ehtimolini istisno qilmayapti.
Shuningdek, Markaziy bank bunday yondashuv yashirin iqtisodiyot ulushi oshishiga ham olib kelishi mumkinligini qayd etdi.
Konstitutsiyaning 41-moddasida har bir shaxs mulkdor boʻlishga haqliligi, bank operatsiyalari, omonatlar va hisobvaraqlar sir tutilishi hamda meros huquqi qonun bilan kafolatlanishi belgilangan.
Regulyator amaldagi qonunchilik doirasida bank siri va shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha zarur texnik hamda tashkiliy choralar mavjudligini ham eslatdi.
Markaziy bank, shuningdek, 500 BHM miqdoridagi chegara nima sababdan tanlangani boʻyicha maʼlumotga ega emasligini bildirdi. Regulyatorning qayd etishicha, mazkur loyiha Soliq qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Avvalroq Pinkod Soliq qoʻmitasi P2P oʻtkazmalar va omonatlarga oid maʼlumotlarni banklardan olishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqqani haqida yozgandi.
Jamoatchilik qanday eʼtiroz bildirgandi?
Taklif eʼlon qilingach, loyiha jamoatchilik muhokamasida keskin eʼtirozlarga sabab boʻldi. Izohlarning asosiy qismi hujjatni hozirgi koʻrinishda qabul qilmaslik, uni qayta ishlash yoki bank maʼlumotlarini faqat aniq qonuniy asos va sud qarori mavjud boʻlganda olish kerakligi haqidagi fikrlardan iborat boʻldi.
Eʼtirozlarda 500 BHMdan ortiq tushum har doim ham tadbirkorlik daromadi emasligi qayd etilgan. Masalan, qarz qaytarilishi, avtomobil yoki uy-joy sotishdan tushgan pul, davolanish yoki taʼlim uchun yigʻilgan yordam, toʻy va marosim xarajatlari, doʻstlar yoki hamkasblar oʻrtasidagi umumiy hisob-kitoblar ham yirik P2P tushum sifatida koʻrinishi mumkin.
Shuningdek, fuqarolar bunday mexanizm aholining bank kartalari orqali hisob-kitob qilishdan qochib, naqd pulga qaytishiga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Bu esa yashirin iqtisodiyotni qisqartirish oʻrniga, mablagʻlarning bank tizimidan tashqariga chiqishi va banklarga boʻlgan ishonch pasayishiga sabab boʻlishi mumkin.
Muhokamalarda maʼlumotlarning sizib chiqishi, ulardan noqonuniy foydalanish va soliq organlariga ortiqcha vakolat berilishi xavfi ham koʻtarilgan. Shu sababli jamoatchilik vakillari loyihani hozirgi shaklda qabul qilmaslik yoki uni Konstitutsiya, bank siri va shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish talablari asosida qayta koʻrib chiqishni taklif qilgan.









