11 989.460 so‘m

increase

29.280

13 815.450 so‘m

increase

54.070

149.480 so‘m

decrease

-0.940

11 989.460 so‘m

increase

29.280

4 soat avval
Bozor
78

Yil boshidan beri 350 foiz oʻsish: “Oʻzbektelekom” aksiyalari nega keskin qimmatlashmoqda?

“Oʻzbektelekom”ning oddiy aksiyalari 5 avgust kuni 8 818 soʻmga yetib, bir kunda 10,22 foizga qimmatlashdi.

Yangi aksiyalar chiqarilishi hisobga olinganda, ularning narxi yil boshidan 354,1 foizga, 21 apreldan buyon esa 267,4 foizga oshgan.

Narxning koʻtarilishiga rekord moliyaviy natijalar turtki bergan boʻlsa-da, savdo hajmining kichikligi ham oʻsishni tezlashtirgan boʻlishi mumkin.

Yil boshidan beri 350 foiz oʻsish: “Oʻzbektelekom” aksiyalari nega keskin qimmatlashmoqda?

“Toshkent” Respublika fond birjasi maʼlumotiga koʻra, 5 avgust kuni “Oʻzbektelekom”ning oddiy aksiyalari boʻyicha soʻnggi bitim 8 818 soʻmdan tuzilgan (13:41 holatiga koʻra). Kun davomida narx 8 996 soʻmgacha koʻtarilgan.

Bir kun avval aksiyalar 8 000 soʻmdan yopilgan edi. Shu tariqa, soʻnggi bitim narxi bir kunda 797 soʻm yoki 10,2 foizga oshdi. Kompaniyaning oddiy aksiyalari bozor qiymati esa 7,2 trln soʻmga yetdi.

Narxdagi keskin oʻsish “Oʻzbektelekom”ning yarim yillik hisoboti eʼlon qilinganidan keyin tezlashdi. Hisobot 29 iyul kuni eʼlon qilingan. Oʻsha kuni aksiyalar 6 300 soʻmdan yopilgan boʻlsa, 5 avgustga kelib narx 8 797 soʻmga yetdi. Natijada besh savdo kuni ichidagi oʻsish 40 foizni tashkil etdi.

353 foizlik oʻsish qanday hisoblandi?

Yil boshidagi va hozirgi narxni toʻgʻridan toʻgʻri solishtirish notoʻgʻri natija beradi. Sababi, aprel oyida “Oʻzbektelekom” aksiyalari boʻyicha 2:1 nisbatda kapitalizatsiya amalga oshirildi.

Bunda kompaniyaning har bir mavjud aksiyasi uchun aksiyadorga yana ikkita qoʻshimcha aksiya berildi. Natijada investorning aksiyalari soni uch baravarga koʻpaydi.

Masalan, kapitalizatsiyadan oldin 10 ta aksiyaga ega investorning hisobida undan keyin 30 ta aksiya paydo boʻldi. Biroq bu uning investitsiyasi birdan uch baravar oshganini anglatmaydi, chunki bir aksiyaning narxi ham uch baravarga moslashtirildi.

Birja maʼlumotiga koʻra, savdolar qayta tiklanganda oddiy aksiyalar narxi 7 200 soʻmdan 2 400 soʻmga tushirilgan. Yaʼni aksiyalar soni uch baravar koʻpaygani sababli narx ham uchga boʻlingan.

Pinkod.uz • kapital bozori

“Oʻzbektelekom” aksiyalari yil boshidan 354,1 foizga qimmatlashdi

Grafikda aksiyalar soni uch baravar oshirilgani hisobga olingan. Shu sabab apreldagi texnik qayta hisoblash narx qulashi sifatida koʻrsatilmaydi.

Soʻnggi bitim • 5 avgust 8 818 soʻm +818 soʻm / +10,22%
Yil boshidan+354,1%
21 apreldan+267,4%
29 iyuldagi hisobot896 mlrd soʻm foyda

Xuddi shu tartibda yil boshidagi qariyb 5 826 soʻmlik narx kapitalizatsiyadan keyingi hisobda taxminan 1 942 soʻmga teng boʻladi. Hozirgi 8 818 soʻmlik narx bilan solishtirganda aksiyalar yil boshidan qariyb 354,1 foizga qimmatlashgan.

Boshqacha aytganda, yil boshida “Oʻzbektelekom” aksiyalariga 1 mln soʻm sarflanganida, kapitalizatsiya va narx oʻsishi hisobiga ushbu paketning bozor qiymati hozir taxminan 4,54 mln soʻmga yetgan boʻlardi. Bu hisobga dividendlar kiritilmagan.

Kapitalizatsiyaning oʻzi daromad keltirmaydi. U faqat kompaniyaning avvalgi yillarda taqsimlanmay qolgan foydasini ustav kapitaliga oʻtkazib, aksiyalar sonini koʻpaytiradi. Real daromad aksiyalar narxi kapitalizatsiyadan keyingi 2 400 soʻmlik darajadan koʻtarilgani hisobiga yuzaga kelgan.

Savdolar 21 aprel kuni tiklanganidan buyon narx 2 400 soʻmdan 8 818 soʻmga yetdi. Shu tariqa, kapitalizatsiyadan keyingi oʻsishning oʻzi 267,42 foizni tashkil etdi.

Aksiyalar nega qimmatlashdi?

Aksiya narxining oʻzgarishiga aniq bitta sababni koʻrsatib boʻlmaydi. Biroq savdolar dinamikasi va kompaniya eʼlon qilgan maʼlumotlar oʻsishga, avvalo, moliyaviy natijalarning yaxshilanishi taʼsir qilganini koʻrsatadi.

“Oʻzbektelekom” 2026 yilning birinchi choragidayoq 412,3 mlrd soʻm sof foyda olgan. Oʻtgan yilning shu davrida kompaniya foydasi 25,7 mlrd soʻm edi. Shu tariqa, koʻrsatkich bir yil ichida 16 baravar oshgan. Birinchi chorak hisoboti 28 aprel kuni — aksiyalar savdosi qayta tiklanganidan bir hafta oʻtib eʼlon qilingan.

Yarim yillik natijalar esa kompaniya foydasidagi oʻsish davom etayotganini koʻrsatdi. Pinkod avvalroq yozganidek, “Oʻzbektelekom” yanvar–iyun oylarida 896 mlrd soʻm sof foyda oldi. Taqqoslash uchun, 2025 yilning shu davrida kompaniya foydasi 10 mlrd soʻmni tashkil etgan edi.

Kompaniyaning xizmatlar koʻrsatishdan olgan sof tushumi 12,6 foizga oshib, 5,77 trln soʻmga yetdi. Xizmatlar tannarxi esa nisbatan sekinroq — 3,7 foizga oʻsib, 3,41 trln soʻmni tashkil etdi.

Natijada yalpi foyda 1,83 trln soʻmdan 2,36 trln soʻmga yetib, 28,5 foizga oshdi. Asosiy faoliyatdan olingan foyda esa 848,4 mlrd soʻmdan 1,24 trln soʻmgacha koʻpaydi. Bu kompaniya faqat valyuta kursi hisobiga emas, oʻzining asosiy telekommunikatsiya faoliyatida ham koʻproq foyda olayotganini koʻrsatadi.

Foydaning katta qismi valyuta kursi bilan bogʻliq

Shunga qaramay, sof foydadagi qariyb 90 baravarlik oʻsishni faqat xizmatlar hajmining koʻpayishi bilan izohlab boʻlmaydi. Eng katta oʻzgarish valyuta kursi farqlarida kuzatilgan.

2025 yilning birinchi yarmida kompaniya valyuta kursi farqidan 241,4 mlrd soʻm daromad olgan, ammo 801,2 mlrd soʻm zarar koʻrgan edi. Natijada valyuta operatsiyalarining sof taʼsiri 559,8 mlrd soʻmlik zarar boʻlgan.

2026 yilning mos davrida kurs farqidan olingan daromad 429 mlrd soʻmga yetdi. Ayni paytda kurs farqidan zarar 380,5 mlrd soʻmgacha kamaydi. Natijada avvalgi 559,8 mlrd soʻmlik zarar 48,5 mlrd soʻmlik daromadga aylandi.

Bu ikki davr oʻrtasida 608,3 mlrd soʻmlik ijobiy oʻzgarish yuz berganini anglatadi. Mazkur summa sof foydadagi jami 886 mlrd soʻmlik oʻsishning qariyb 69 foiziga teng.

Demak, aksiyalar narxini qoʻllab-quvvatlagan rekord foydaning bir qismi kompaniya faoliyati yaxshilangani bilan, katta qismi esa valyuta kursidan zarar kamaygani bilan bogʻliq. Kurslar dinamikasi oʻzgarsa, bu omil keyingi davrlarda kompaniya foydasiga teskari taʼsir qilishi ham mumkin.

Dividendlar ham talabni oshirgan boʻlishi mumkin

Aksiyalarga qiziqishni oshirgan yana bir omil dividendlar boʻldi. Kompaniya aksiyadorlari 2025 yil yakunlari boʻyicha har bir oddiy aksiya uchun 372,57 soʻm dividend toʻlashni tasdiqlagan.

Kapitalizatsiyadan keyingi 2 400 soʻmlik boshlangʻich narxda bu 15,5 foizlik dividend daromadliligiga teng edi. Yaʼni investor 2 400 soʻmga aksiya olib, 372,57 soʻm dividend olish imkoniyatiga ega boʻlgan.

Aksiya narxi 8 818 soʻmga yetgach, xuddi shu dividendning narxga nisbatan daromadliligi 4,2 foizgacha kamaydi. Openinfo maʼlumotiga koʻra, dividendlarni toʻlash 30 iyunda boshlangan va 27 avgustgacha davom etadi.

Past likvidlik narx oʻsishini kuchaytirgan boʻlishi mumkin

Moliyaviy natijalardan tashqari, bozordagi aksiyalar taklifining cheklanganligi ham narxning tez koʻtarilishiga taʼsir qilishi mumkin.

“Oʻzbektelekom”ning 2023 yildagi IPO’si doirasida 5,54 mln dona yoki oʻsha paytdagi ustav kapitalining atigi 2 foiziga teng aksiyalar ommaviy joylashtirilgan. Birja maʼlumotiga koʻra, aksiyalar 6 000 soʻmdan sotilgan.

Kapitalizatsiyadan keyin kompaniyaning oddiy aksiyalari soni 818,3 mln donaga yetdi. Biroq 5 avgust kuni atigi 27 980 dona aksiya bilan 239 mln soʻmlik bitim tuzilgan. Bu kompaniyaning jami oddiy aksiyalarining 0,0038 foiziga teng.

Bir kun avval ham 30,4 ming dona aksiya 234 mln soʻmga sotilgan edi. Shunga qaramay, narx bir kunda 13,3 foizga oshgan.

Bu birjada nisbatan kichik hajmdagi xaridlar ham kotirovkalarga sezilarli taʼsir qilayotganini koʻrsatadi. Shu sabab soʻnggi bitim asosida hisoblangan 7,2 trln soʻmlik bozor qiymati kompaniyaning barcha aksiyalarini aynan shu narxda sotish mumkinligini anglatmaydi.

Qarzlar ham oshmoqda

Rekord foyda va tushum oʻsishiga qaramay, kompaniyaning qarz yuki ham koʻpaygan. Yarim yillik hisobotga koʻra, uzoq muddatli bank kreditlari yil boshidagi 5,63 trln soʻmdan 7,71 trln soʻmgacha oshgan. Oʻsish 2,08 trln soʻm yoki 36,9 foizni tashkil etdi.

Kompaniyaning jami majburiyatlari esa 10,5 trln soʻmdan qariyb 14 trln soʻmga yetgan. Natijada majburiyatlar 17,28 trln soʻmlik jami aktivlarning 81 foiziga teng boʻlib qolmoqda.

Shu tariqa, “Oʻzbektelekom” aksiyalarining oʻsishi ortida asosiy faoliyat foydasining koʻpayishi, valyuta zararlarining keskin kamayishi va dividendlar turibdi. Biroq foydaning kurs farqlariga bogʻliqligi, qarzlarning oshishi va birjadagi past savdo hajmi narxning keyingi harakatiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan asosiy xatarlar boʻlib qolmoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+