Yanvar oyida respublika boʻyicha uy-joy bozori qanday oʻzgardi?
Yanvar oyida respublika boʻyicha uy-joy oldi-sotdi bozorida faollik sezilarli darajada oshdi. Bitimlar soni oʻtgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 12 foizga koʻpaydi. Ayniqsa, Toshkent shahrida savdolar hajmining jadal oʻsishi kuzatildi.

Yanvar oyida respublika boʻyicha uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 28,6 mingtani tashkil etdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 12 foizga yuqori boʻlib, koʻchmas mulk bozorida ijobiy faollik saqlanib qolayotganini koʻrsatadi.
Yil boshidan buyon respublika hududlarida koʻchmas mulk savdolari dinamikasi ijobiy tendensiya namoyon etmoqda. Savdolar hajmining qariyb uchdan bir qismi Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri kelib, poytaxtda bitimlar soni 33,4 foizga oshdi. Bu respublika hududlari orasida eng yuqori oʻsish koʻrsatkichi hisoblanadi.
Shuningdek, Samarqand viloyatida bitimlar soni 26 foizga, Sirdaryo viloyatida esa 24 foizga oʻsib, hududiy bozorlarda ham faollik sezilarli darajada kuchaygani qayd etildi.
Respublika boʻyicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar dinamikasi
Yanvar oyida respublika miqyosida ikkilamchi uy-joy bozorida narxlarning moʻʼtadil oʻsishi kuzatildi. Xususan, 1 kvadrat metr uchun oʻrtacha narx oylik hisobda 0,9 foizga oshgan boʻlsa, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish 8 foizni tashkil etdi.

Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng yuqori oʻsishi Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida qayd etildi. Ushbu hududlarda uy-joy narxlari oʻrtacha 24 foizga oshgan. Shu bilan birga, Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham narxlar 16 foizga oʻsdi.
Toshkent shahrida uy-joy bozori: ikkilamchi va birlamchi segmentlar
Yanvar oyida Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy bozorida 1 kvadrat metr uchun oʻrtacha narx qariyb 1120 AQSh dollarini tashkil etdi. Bu oylik hisobda 0,6 foizga, yillik hisobda esa qariyb 2 foizga oʻsgan.
Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng yuqori oʻsishi Yakkasaroy (5,7 foiz) va Mirabad (4,3 foiz) tumanlarida kuzatildi.
Shu bilan birga, poytaxtning birlamchi koʻchmas mulk bozorida narxlar oʻsishi nisbatan yuqori surʼatlarda kechdi. Yangi qurilgan uy-joylarda 1 kvadrat metr uchun oʻrtacha narx oʻtgan yilga nisbatan 9 foizdan koʻproqqa oshdi.
Birlamchi bozorda narxlar oʻsishining eng yuqori koʻrsatkichlari Mirabad (18,4 foiz) va Mirzo-Ulugʻbek (17,3 foiz) tumanlarida qayd etildi.
Toshkent shahrida ijara bozori tahlili
Yanvar oyida poytaxtda uy-joy ijarasining oʻrtacha qiymati 1 kvadrat metr uchun qariyb 8,8 AQSh dollarini tashkil etdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 9 foizga yuqori.

Ijara narxlarining eng yuqori darajasi Mirabad, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo-Ulugʻbek tumanlarida saqlanib qolmoqda. Ushbu hududlarda ijara narxi 1 kvadrat metr uchun oʻrtacha 11 dollar atrofida.
Ayni paytda ijara narxlarining oʻsish surʼatlari Olmazor, Yunusobod, Yashnobod, Chilonzor va Mirzo-Ulugʻbek tumanlarida yanada jadallashib, mazkur hududlarda yillik oʻrtacha oʻsish qariyb 13 foizni tashkil etdi.









