Yanvar oyida banklardagi muammoli kreditlar 2,6 trln soʻmga oshdi
Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, banklardagi jami kredit portfeli qariyb 534 trln soʻmga yetgan. Eng koʻp muammoli kreditlar (NPL) oshishi esa davlat banklarida kuzatilgan.

Markaziy bank hisobotiga koʻra, 2024-yil 1-fevral holatida banklarning jami kredit portfeli 868 milliard soʻmga oshib, qariyb 534 trillion soʻmga yetgan. Shu bilan birga, muammoli kreditlar (NPL) hajmi 2,6 trillion soʻmga koʻpayib, jami 23,8 trillion soʻmni tashkil qilgan.
Davlat banklaridagi holat
Davlat ulushi mavjud banklar orasida eng katta kredit portfeliga va NPL miqdoriga ega boʻlgan bank Oʻzmilliybank hisoblanadi. Unga tegishli jami kredit portfeli 107,49 trillion soʻmni, NPL miqdori esa 3,77 trillion soʻmni tashkil etmoqda. Shunga qaramay, bankning jami kredit portfeli 515 milliard soʻmga kamaygan.
Bundan tashqari, quyidagi davlat banklarining kredit portfellarida ham pasayish kuzatilgan:
- Oʻzsanoatqurilishbank – 144 mlrd soʻmga kamayish
- Xalq banki – 861 mlrd soʻmga kamayish
- Turonbank – 100 mlrd soʻmga kamayish
Davlat banklari orasida eng kam NPL ulushiga ega bank Aloqabank boʻlib, muammoli kreditlari 343 milliard soʻmni (umumiy kredit portfelining 2,5 foizi) tashkil qilmoqda. Eng kam kredit portfeliga ega bank esa Turonbank boʻlib, uning umumiy kredit portfeli 12,45 trillion soʻmni tashkil qiladi.
Davlat banklari orasida jami kredit portfelida NPL ulushi eng yuqori boʻlgan bank – Biznesni Rivojlantirish Banki (6,9%), eng kam NPL ulushiga ega bank esa yana Aloqabank (2,5%) boʻldi. Umuman olganda, yanvar oyida davlat banklarining kredit portfeli 129 milliard soʻmga oshgan, muammoli kreditlar esa 2,5 trillion soʻmga koʻpaygan.
Xususiy banklardagi holat
Davlat ulushiga ega boʻlmagan banklarda yanvar oyida kredit portfeli 738 milliard soʻmga oshgan boʻlsa, NPL hajmi 108 milliard soʻmga koʻpaygan.
Ipoteka bank ushbu banklar orasida eng katta kredit portfeli va NPL hajmiga ega boʻlib, uning kredit portfeli 34,86 trillion soʻm, NPL miqdori esa 3,51 trillion soʻmni tashkil etgan. Shunga qaramay, bankning jami kredit portfeli oʻtgan oyga nisbatan 232 milliard soʻmga kamaygan, NPL hajmi esa 66 milliard soʻmga pasaygan.
Eng katta NPL oʻsishi Oriyent Finans Bank da kuzatilgan – muammoli kreditlari 82 milliard soʻmga oshgan.
9 ta bankda NPL umuman mavjud emas. Bunga asosiy sabab sifatida ushbu banklar tashkil etilgani yoki kredit bera boshlaganiga unchalik ham koʻp boʻlmaganini keltirish mumkin.
Madad Invest Bank eng yuqori muammoli kredit ulushiga ega boʻlib, uning NPL darajasi 19,5 foizni tashkil qilmoqda. Bu koʻrsatkich oy davomida 4,6 foizga kamaygan boʻlsa ham, bank hali ham eng yuqori muammoli kreditlarga ega.
Garantbank esa jami kredit portfelidagi muammoli kreditlarning eng katta oʻsishiga ega boʻldi – NPL miqdori 31 milliard soʻmga yoki 3,8 foizga oshdi.