11 847.160 so‘m

increase

52.280

13 843.410 so‘m

increase

157.810

141.440 so‘m

increase

2.770

11 847.160 so‘m

increase

52.280

Yaqin 2 soat ichida
Iqtisodiyot
22

Xitoy qanday qilib Oʻzbekistonning eng yirik investoriga aylandi?

2026 yilning birinchi yarmida Oʻzbekistonda oʻzlashtirilgan xorijiy investitsiya va kreditlarning 47 foizi Xitoy hissasiga toʻgʻri keldi. 

Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni bir yilda 46,8 foizga oʻsib, 6 241 taga yetdi. 

Pinkod Xitoyning Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi ulushi nima hisobiga bu qadar tez oshayotganini tahlil qildi. 

Xitoy qanday qilib Oʻzbekistonning eng yirik investoriga aylandi?

2026 yil 1 avgust holatiga Oʻzbekistonda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 20 973 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shundan 6 241 tasi yoki 29,8 foizi Xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan.

Taqqoslash uchun, Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 3 512 ta, Turkiyaniki 2 327 tani tashkil qilmoqda. Demak, Oʻzbekistondagi Xitoy kompaniyalari soni Rossiyanikidan 1,8 baravar, Turkiyanikidan esa 2,7 baravar koʻp. 

Xitoyning ustunligi nafaqat son, balki oʻsish surʼatida ham koʻrinmoqda. 2025 yil 1 avgustda bunday korxonalar soni 4 250 ta edi. Bir yil ichida koʻrsatkich 1 991 taga yoki 46,8 foizga oshgan.

Shu davrda xorijiy investitsiyali korxonalarning umumiy soni 26,3 foizga koʻpaygan. Xitoy kompaniyalari esa bundan qariyb ikki baravar tezroq oʻsdi. Natijada ularning umumiy koʻrsatkichdagi ulushi 25,6 foizdan 29,8 foizgacha, yaʼni 4,2 foiz punktga kengaydi. Bir yilda qoʻshilgan 4 364 ta xorijiy korxonaning qariyb 46 foizi aynan Xitoy hissasiga toʻgʻri kelgan. 

Xorijiy mablagʻlarning 47 foizi Xitoy hissasiga toʻgʻri kelgan

Xitoyning iqtisodiyotdagi taʼsiri investitsiya hajmida yanada yaqqol. 2026 yilning birinchi yarmida Oʻzbekistonda asosiy kapitalga 338,9 trln soʻmlik investitsiya oʻzlashtirilgan. Shundan 69,5 foizi xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga moliyalashtirilgan.

Xorijiy mablagʻlarning 47 foizi Xitoy hissasiga toʻgʻri kelgan. Eʼlon qilingan ulushlar asosida hisoblanganda, Xitoydan jalb qilingan investitsiya va kreditlar qariyb 110,7 trln soʻmni tashkil qiladi. Bu mamlakatdagi jami asosiy kapital investitsiyalarining 32,7 foiziga teng.

Taqqoslash uchun, 2025 yilning birinchi yarmida Xitoyning xorijiy investitsiya va kreditlardagi ulushi 36,2 foiz edi. Bir yil ichida bu koʻrsatkich 10,8 foiz punktga oshgan. Hisob-kitoblarga koʻra, Xitoy mablagʻlari hajmi qariyb 70,8 trln soʻmdan 110,7 trln soʻmga yetgan, yaʼni taxminan 56 foizga koʻpaygan.

Import eksportdan 5,7 baravar koʻp

Xitoy Oʻzbekistonning eng yirik savdo hamkori ham hisoblanadi. 2026 yilning yanvar–iyun oylarida ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aylanmasi 9,5 mlrd dollarga yetib, Oʻzbekiston umumiy tashqi savdosining 23,1 foizini tashkil qilgan. Rossiya bilan savdo 7 mlrd dollar, Qozogʻiston bilan esa 2,8 mlrd dollar boʻlgan.

Biroq savdo tarkibida katta nomutanosiblik mavjud. Oʻzbekistonning Xitoyga eksporti 32,4 foizga oshib, 1,42 mlrd dollarga yetgan boʻlsa, Xitoydan import 39,3 foizga koʻpayib, 8,05 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Shu tariqa, Xitoydan import ushbu davlatga eksportdan 5,7 baravar koʻp boʻlgan. Oʻzbekistonning Xitoy bilan savdo taqchilligi olti oyda 6,63 mlrd dollarga yetgan. Xitoy mamlakat jami eksportining qariyb 9 foizini qabul qilgan, biroq importning 32 foizini yetkazib bergan.

Ayrim bozorlarda konsentratsiya bundan ham yuqori. Masalan, yarim yil davomida Oʻzbekistonga 37 874 ta elektromobil import qilingan boʻlsa, shundan 37 560 tasi Xitoydan keltirilgan. Bu jami elektromobil importining 99,2 foiziga teng. Ularning umumiy qiymati 447,7 mln dollarni tashkil qilgan.

Xitoy qanday qilib birinchi oʻringa chiqdi?

Xitoyning Oʻzbekistondagi eng yirik investorga aylanishi bitta qaror yoki alohida loyiha natijasi emas. Bu Oʻzbekistonning sanoat, energetika va infratuzilmani tez yangilashga boʻlgan ehtiyoji bilan Xitoyning kapital, uskuna va qurilish quvvatlarini tashqi bozorlarga olib chiqish siyosati bir vaqtda toʻgʻri kelgani bilan bogʻliq.

Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2025 yilda 7,7 foizga oʻsgan, investitsiyalar hajmi esa 10,5 foizga koʻpaygan. Tez oʻsayotgan aholi, shaharlashuv va ishlab chiqarish elektr tarmoqlari, transport hamda kommunal infratuzilmani kengaytirishni talab qilmoqda. 

Xususan, mamlakat 2030 yilgacha 25 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini ishga tushirishni maqsad qilgan. Biroq Jahon banki mavjud elektr tarmoqlari bu hajmni qabul qilish uchun zudlik bilan modernizatsiya qilinishi kerakligini qayd etgan.

Xitoy kompaniyalari aynan Oʻzbekistonda katta ehtiyoj mavjud boʻlgan energetika, togʻ-kon va metallurgiya, kimyo, avtomobilsozlik, qurilish, logistika va raqamli infratuzilma sohalarida kuchli.Ular koʻp hollarda loyihaga faqat sarmoyador sifatida emas, balki kreditor, pudratchi va uskuna yetkazib beruvchi sifatida ham kirmoqda. 

Shu sabab bitta yirik loyiha bir vaqtning oʻzida Xitoydan investitsiya, kredit, import va yangi korxonalar oqimini oshiradi.

Davlatlararo investitsiya hamkorligi kengaymoqda

Bu jarayon ikki davlat oʻrtasida shakllangan yirik investitsiya loyihalari portfeli bilan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmatiga koʻra, Xitoy bilan qoʻshma investitsiya loyihalari portfeli 60 mlrd dollardan oshgan.

Faqat 2024 yilning oʻzida umumiy qiymati 10 mlrd dollardan ziyod boʻlgan 64 ta loyiha ishga tushirilgan. Ayni paytda BYD elektromobillarini ishlab chiqarish va mahalliylashtirishni kengaytirish, muhim minerallarni qayta ishlash, yashil energetika, jamoat transporti va pullik avtomobil yoʻllari boʻyicha yangi loyihalar tayyorlangan.

Xitoy kapitali uchun moliyaviy va institutsional sharoitlar shakllangan

Moliyalashtirish modeli ham Xitoyning ustunligini tushuntiradi. Xitoy Eksimbanki, Xitoy davlat taraqqiyot banki va “Ipak yoʻli” jamgʻarmasi yirik va uzoq muddatli loyihalarni moliyalashtirish imkoniga ega. 

Xitoy Eksimbankining mintaqaviy filiali Toshkentda ochilgan, bank mablagʻlari hisobidan Olimpiya shaharchasi qurilgan. Bu Xitoy kapitali uchun bir martalik bitimlardan koʻra doimiy moliyaviy infratuzilma shakllanayotganini koʻrsatadi.

Oʻzbekistonda investorlarga berilgan imtiyozlar ham muhim rol oʻynamoqda. OECD tahliliga koʻra, maxsus iqtisodiy zonalardagi kompaniyalar investitsiya miqdoriga qarab bojxona toʻlovlari, mol-mulk, yer va suv soligʻidan vaqtincha ozod etilishi mumkin. Xitoy kompaniyalari uchun bu ishlab chiqarishni Oʻzbekistonda yoʻlga qoʻyish, mahalliy bozorga kirish va qoʻshni davlatlarga mahsulot sotish xarajatlarini pasaytiradi.

Ichki talab zaifligi Xitoy kompaniyalarini tashqi bozorlarga undamoqda

Xitoyning oʻz iqtisodiyotidagi vaziyat ham kompaniyalarni tashqi bozorlarga undamoqda. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Xitoyda ichki talab zaifligicha qolayotgani, nisbatan past inflyatsiya esa Xitoy tovarlarini tashqi bozorlarda arzonlashtirganini qayd etgan

AQSh va Yevropa bozorlarida savdo toʻsiqlari kuchayayotgan bir paytda, Markaziy Osiyodagi 37 milliondan ortiq aholiga ega Oʻzbekiston Xitoy kompaniyalari uchun yangi savdo va ishlab chiqarish maydoniga aylanmoqda.

Tashqi savdo bu jarayonni yanada tezlashtiryapti. Xitoy Oʻzbekiston importining 32 foizini taʼminlamoqda. Mamlakat importida mashinalar va transport uskunalari 8,25 mlrd dollar bilan eng katta tovar guruhini tashkil qilgan.

Xitoydan kelayotgan uskuna, avtomobil, elektronika va butlovchi qismlar ortidan ularni sotish, yigʻish, taʼmirlash va logistika bilan shugʻullanuvchi yangi kompaniyalar ham paydo boʻlmoqda. Shu bois 6 241 ta korxonaning barchasini yirik sanoat investori sifatida baholab boʻlmaydi. Ular orasida import va savdo bilan shugʻullanuvchi kichik bizneslar ham boʻlishi mumkin.

Transport yoʻlaklarining oʻzgarishi ham Xitoy kapitalining kirib kelishini yengillashtirmoqda. “Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” temir yoʻli Oʻzbekistonga Xitoy bilan qisqaroq va toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa imkonini beradi. U kelajakda Transkaspiy va janubiy yoʻlaklar bilan bogʻlansa, Rossiya orqali oʻtuvchi anʼanaviy Shimoliy yoʻnalishga muqobil marshrut shakllanishi mumkin.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini taʼsiri

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va undan keyingi sanksiyalar bu diversifikatsiyaga qoʻshimcha turtki berdi. 

Urush Rossiya orqali oʻtadigan logistika yoʻllarida xarajatlar va geosiyosiy xatarlarni oshirdi, Rossiya kompaniyalarining xalqaro moliya va ayrim texnologiyalarga kirishini chekladi. Natijada Oʻzbekiston uchun investitsiya va transport yoʻnalishlarini koʻpaytirish yanada muhimlashdi.

Biroq buni Oʻzbekiston Rossiyadan iqtisodiy jihatdan uzoqlashayotgani sifatida talqin qilishga hozircha asos yetarli emas. Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ham bir yilda 3 093 tadan 3 512 taga, yaʼni 13,5 foizga koʻpaygan. Rossiya 7 mlrd dollarlik savdo aylanmasi bilan ikkinchi yirik hamkor va 2,37 mlrd dollarlik koʻrsatkich bilan Oʻzbekistonning asosiy eksport bozori boʻlib qolmoqda.

Asosiy oʻzgarish Rossiyaning mutlaq pasayishida emas, Xitoyning ancha tez harakat qilayotganida. Xitoy Oʻzbekistonning infratuzilma va sanoatga boʻlgan talabini davlat banklari mablagʻlari, yirik pudratchilar, arzonroq uskunalar va keng ishlab chiqarish zanjiri bilan birlashtira oldi. 

Natijada Rossiya bilan anʼanaviy aloqalar saqlanib qolayotgan bir paytda, iqtisodiyotdagi yangi investitsiya va ishlab chiqarish loyihalarining markazi tobora Xitoy tomonga siljimoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+