Xitoy Donald Trampga javob sifatida AQSh mahsulotlariga 34% boj joriy qildi
Xitoy hukumati, shuningdek, 27 ta AQSh kompaniyasini sanksiyalar va eksport nazorati ostiga kiritdi.

Xitoy hukumati 10 apreldan boshlab Qoʻshma Shtatlardan import qilinadigan barcha mahsulotlarga 34 foizlik boj stavkasi joriy etilishini eʼlon qildi. Bu chora AQSh Prezidenti Donald Tramp tomonidan eʼlon qilingan "Ozodlik kuni" tariflariga javoban koʻrilgan qator asosiy choralar doirasida amalga oshirilmoqda.
Xitoy Savdo vazirligi bayonotida aytilishicha, yangi bojlar AQShning Xitoy eksportlariga nisbatan belgilagan 34 foizlik "oʻzaro" tarifiga tengdir. Shuningdek, Xitoy yuqori texnologiyali sohalarda muhim ahamiyatga ega boʻlgan kamyob yer minerallari— jumladan samariy va gadoliny kabi elementlar — eksporti ustidan ham yangi nazorat choralarini joriy qilmoqda.
Samariy aerokosmik va mudofaa sanoatida qoʻllanilsa, gadoliny tibbiyotda, xususan, MRT qurilmalarida keng foydalaniladi.
Xitoy hukumati, shuningdek, 27 ta AQSh kompaniyasini sanksiyalar va eksport nazorati ostiga kiritdi. Ulardan 16 tasi "ikki tomonlama" (fuqarolik va harbiy) texnologiyalar eksportiga taqiq ostiga olingan. Roʻyxatda High Point Aerotechnologies va Universal Logistics Holding kabi yirik kompaniyalar mavjud.
Shu bilan birgalikda, Pekin Jahon savdo tashkilotiga rasmiy daʼvo arizasi taqdim etganini ham bildirdi. Xitoy tomonining taʼkidlashicha, AQShning ushbu chorasi xalqaro savdo qoidalariga zid boʻlib, koʻp tomonlama savdo tizimi barqarorligiga jiddiy xavf tugʻdirmoqda.
“Bu — bir tomonlama bosim oʻtkazish orqali global iqtisodiy tartibni izdan chiqaruvchi odatiy zoʻravonlik siyosatidir”, — deyiladi Xitoy Savdo vazirligi bayonotida.
Xitoy, shuningdek, AQShning DuPont China Group Co. kompaniyasiga qarshi monopoliyaga qarshi tergov boshladi. Shu bilan birga, AQSh va Hindistondan import qilinayotgan rentgen trubkasi va KT qurilmalari komponentlariga qarshi dempingga qarshi surishtiruv eʼlon qilindi.