Xitoy AQSh mahsulotlariga nisbatan boj tariflarini 125 foizgacha oshirdi
Xitoy, shuningdek, AQShning boj siyosatini “raqamli oʻyin” deb atab, bundan buyon bu kabi harakatlarga javob qaytarmasligini bildirdi.

Xitoy juma kuni AQShdan import qilinadigan mahsulotlarga boj stavkalarini 84 foizdan 125 foizgacha oshirishini eʼlon qildi. Yangi tariflar 12 aprel sanasidan kuchga kiradi.
Mazkur choralar AQSh tomonidan Xitoyga nisbatan joriy etilgan yuqori boj tariflariga javoban amalga oshirilmoqda. Oq uyning bayonotiga koʻra, Xitoyga qoʻllanilayotgan tariflar avval xabar qilingandek 125 foiz emas, balki 145 foizni tashkil qiladi.
Xitoy Moliya vazirligi oʻzining keskin bayonotida AQShni “zoʻravonlik”da ayblab, bu siyosat xalqaro miqyosda AQShni masxaraga aylantirishi mumkinligini taʼkidladi.
“AQShning Xitoyga nisbatan oʻta yuqori boj stavkalarini bir tomonlama joriy qilishi – xalqaro iqtisodiy va savdo qoidalarining ochiq-oydin buzilishidir. Bu holat, shuningdek, Ikkinchi jahon urushidan soʻng AQShning oʻzi asos solgan global iqtisodiy tartibga zid keladi.
Bunday yondashuv asosiy iqtisodiy qonunlar hamda sogʻlom mantiqqa mutlaqo toʻgʻri kelmaydi. Bu toʻliq bir tomonlama bosim va majburlashdan boshqa narsa emas”, — deyiladi bayonotda.
Xitoy hukumati, shuningdek, agar AQSh bojxona stavkalarini oshirishda davom etsa, bu harakatlar iqtisodiy jihatdan foydasiz boʻlib qolishini va jahon iqtisodiyoti tarixida eng kulgili misollardan biri sifatida esda qolishini maʼlum qilgan.
Bayonotda yana qayd etilishicha, agar AQSh “boj stavkalari bilan raqamli oʻyin”ni davom ettirsa, Xitoy bu harakatlarga eʼtibor qaratmaslik yoʻlini tanlaydi.