12 009.290 so‘m

decrease

-4.230

13 699.000 so‘m

increase

49.240

154.740 so‘m

decrease

-5.210

12 009.290 so‘m

decrease

-4.230

1 soat avval
Bank
82

Uzum Bank, “Ipoteka-bank”, SQB va “Agrobank” isteʼmolchilar huquqlarini buzgani uchun jarimaga tortildi

Markaziy bank Uzum Bank’ni mijozlar murojaatlari va kredit maʼlumotlarini yuborishdagi kamchiliklar uchun 215,5 mln soʻm jarimaga tortdi. 

“Ipoteka-bank” mijozlar kartasidan mablagʻlarni muddatidan oldin va roziliksiz yechgani uchun 105 mln soʻm jarima oldi.

“Agrobank” va SQB esa axborot berishdagi qoidabuzarliklar uchun mos ravishda 255 mln va 119,5 mln soʻm jarimaga tortildi.

Uzum Bank, “Ipoteka-bank”, SQB va “Agrobank” isteʼmolchilar huquqlarini buzgani uchun jarimaga tortildi
Foto: AI/Pinkod.uz

Markaziy bank joriy yilning birinchi choragida banklar va mikromoliya tashkilotlarida moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilarining huquq va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi boʻyicha tekshiruvlar oʻtkazdi.

Tekshiruvlar davomida “Shaffof-moliya” va Tezcoin mikromoliya tashkilotlari hamda Uzum Bank faoliyatida qonunchilik talablari buzilgani aniqlandi.

Mikromoliya tashkilotlarida mikroqarz ajratishda qarz yuki boʻyicha belgilangan talablarga rioya qilinmagan. Shuningdek, mijozlar murojaatlarini koʻrib chiqish, mikroqarz shartnomalarini rasmiylashtirish va kredit tarixiga oid maʼlumotlarni kredit byurolariga oʻz vaqtida yuborish bilan bogʻliq kamchiliklar aniqlangan.

Uzum Bank’da esa rasmiy veb-saytda isteʼmolchilarga taqdim etilishi shart boʻlgan axborotning minimal hajmiga oid talablar bajarilmagan.

Bundan tashqari, bank mijozlar murojaatlarini koʻrib chiqishda qonunchilik talablariga rioya qilmagan, isteʼmolchilarning kredit tarixiga oid maʼlumotlarni kredit byurosiga kechiktirib yuborgan hamda shartnomalarga qonunchilikda nazarda tutilgan ayrim talablarni kiritmagan.

Aniqlangan qoidabuzarliklar uchun:

  • “Shaffof-moliya” mikromoliya tashkilotiga — 201 mln soʻm;
  • Tezcoin mikromoliya tashkilotiga — 156 mln soʻm;
  • Uzum Bank’ga — 215,5 mln soʻm jarima qoʻllanildi.

“Ipoteka-bank” mijozlar kartasidan roziliksiz pul yechgan

Markaziy bank “Ipoteka-bank” faoliyati yuzasidan kredit munosabatlariga doir isteʼmolchilar murojaatlarini ham oʻrgandi.

Oʻrganish davomida bank ayrim kredit qarzdorliklari uchun mablagʻlarni qarz oluvchilarning bank kartalaridan toʻlov jadvalida belgilangan sanadan oldin yechib olgani aniqlandi.

Shuningdek, kredit shartnomasida qarz oluvchi yoki birgalikda qarz oluvchining kartasidan mablagʻlarni roziligisiz yechib olish nazarda tutilmagan boʻlsa-da, bank tomonidan pullar akseptsiz yechib olingan.

Bundan tashqari, kredit boʻyicha garov mulkiga nisbatan bank huquqlari haqidagi yozuv garov reyestridan qonunchilikda belgilangan muddatdan kechiktirib chiqarilgan. Shartnomalarni rasmiylashtirishda ham qonunchilik talablariga rioya qilinmagan.

Ushbu qoidabuzarliklar uchun “Ipoteka-bank”ka 105 mln soʻm jarima qoʻllanildi.

“Agrobank” va SQB ham jarimaga tortildi

Joriy yilning birinchi choragida tijorat banklarining hududiy filiallari va alohida boʻlinmalarida “sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlari ham oʻtkazildi.

Nazorat davomida banklar isteʼmolchilar bilan ishlashda oshkoralik va shaffoflik, shuningdek, taqdim etilayotgan axborotlarning toʻliqligi hamda toʻgʻriligiga oid talablarni buzgan.

Aniqlangan qoidabuzarliklarning xususiyati, miqyosi va davomiyligini hisobga olgan holda 14 ta bankka jami 681,5 mln soʻm jarima qoʻllanildi.

Shundan “Agrobank”ka 255 mln soʻm, “Oʻzsanoatqurilishbank”ka esa 119,5 mln soʻm jarima belgilandi.

Markaziy bank qolgan 12 ta bankning nomi va ularga qoʻllangan jarimalar miqdorini ochiqlamadi.

Shu tariqa, birinchi chorakda banklar va mikromoliya tashkilotlariga qoʻllangan hamda Markaziy bank tomonidan ochiqlangan jarimalarning umumiy miqdori 1 mlrd 359 mln soʻmni tashkil etdi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+