UzQR orqali toʻlovda xaridordan komissiya olinmaydi — Markaziy bank
UzQR tizimining rasmiy tarifida xaridorlardan komissiya undirish nazarda tutilmagan. Tranzaksiya uchun belgilangan 0,65 foizlik toʻlov faqat sotuvchidan olinadi va toʻlov jarayonida ishtirok etgan tashkilotlar oʻrtasida taqsimlanadi.

Markaziy bank UzQR yagona QR-kodi orqali amalga oshiriladigan toʻlovlarda komissiya shakllanishi boʻyicha tushuntirish berdi.
Regulyatorga koʻra, tizim orqali hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun belgilangan komissiya tranzaksiya summasining 0,65 foizini tashkil etadi va faqat savdo yoki xizmat koʻrsatish subʼektidan undiriladi.
UzQR’ning rasmiy tarif tuzilmasida toʻlovchi, yaʼni xaridordan komissiya olish nazarda tutilmagan. Hozirda ayrim bank va toʻlov xizmatlari tomonidan xaridorlardan undirilayotgan qoʻshimcha yigʻimlar esa tizim ishtirokchilarining oʻz tashabbusi bilan joriy etilgan.
Markaziy bank xaridorlardan komissiya undirilishi bilan bogʻliq masalalar hozirda tartibga solinayotganini maʼlum qildi.
Komissiya qanday taqsimlanadi?
Sotuvchidan olinadigan 0,65 foizlik komissiya toʻlov zanjirida ishtirok etuvchi tashkilotlar oʻrtasida quyidagicha taqsimlanadi:
— 0,2 foiz — UzQR operatoriga;
— 0,15 foiz — QR-kodni oʻqigan bank yoki toʻlov xizmatiga;
— 0,1 foiz — toʻlov tizimiga;
— 0,1 foiz — sotuvchiga QR-kod taqdim etgan ekvayer bankka;
— 0,05 foiz — kartani chiqargan bankka;
— 0,05 foiz — toʻlovchining bankiga.
UzQR operatoriga ajratiladigan mablagʻ tizim va shaxsiy kabinetlar faoliyatini taʼminlash, onlayn nazorat-kassa mashinalari bilan integratsiya hamda yagona koll-markaz xarajatlarini qoplashga yoʻnaltiriladi.
Markaziy bankka koʻra, UzQR’ning umummilliy tizim ekani sababli Uzcard va Humo ham oʻz komissiyalarini kamaytirgan. Boshqa QR-toʻlov xizmatlarida toʻlov tizimlariga 0,3–0,37 foizgacha haq toʻlanadi.
Tizim ishtirokchisi bir vaqtning oʻzida bir necha vazifani bajarishi va tegishli ulushlarni olishi mumkin. Masalan, toʻlov karta chiqarilgan bank ilovasi orqali amalga oshirilsa, ushbu bankning ulushi 0,2 foizgacha oshadi. Sotuvchi ham ayni bankning mijozi boʻlsa, bank jami 0,3 foiz olishi mumkin.
Boshqa QR-xizmatlarda komissiya yuqoriroq
Markaziy bank UzQR’dagi 0,65 foizlik toʻlov boshqa QR-xizmatlariga nisbatan past ekanini qayd etdi.
TezQR, Payme QR, Click QR, Uzum QR, Rahmat va boshqa xizmatlarda savdo hamda xizmat koʻrsatish korxonalaridan tranzaksiya summasining 1 foizidan 3 foizigacha komissiya undirilishi mumkin.
Yagona QR-kod 1 iyuldan majburiy boʻladi
UzQR orqali tadbirkorlar mijozlardan istalgan bank ilovasi yoki toʻlov xizmati yordamida toʻlov qabul qilishi mumkin. Tizim Uzcard va Humo kartalari bilan ishlaydi.
Tadbirkorlarni UzQR tizimiga ulash va yagona QR-kod chiqarish bepul amalga oshiriladi. Buning uchun bankda hisobvaraq ochish va ariza topshirish talab etiladi.
2026 yil 1 iyuldan savdo va xizmat koʻrsatish tashkilotlari uchun yagona QR-kod orqali toʻlov qabul qilish majburiy boʻladi. QR-kodning mavjud emasligi savdo qoidalarini buzish sifatida baholanadi.









