UzNIF’ning London IPOsi: Oʻzbekiston tarixidagi ilk xalqaro IPO mamlakat uchun nimani anglatadi?
UzNIF’ning London fond birjasidagi IPOsi Oʻzbekiston kapital bozori uchun muhim voqea boʻldi.
Mamlakat tarixida ilk bor davlat aktivlari portfeli xalqaro investorlarga taklif qilindi.
Bu jarayon mamlakat kapital bozori uchun muhim sinov boʻlib, kelgusida boshqa davlat va xususiy kompaniyalarining xalqaro IPOga chiqishi uchun sharoit yaratishi mumkin.

2026 yil may oyida Oʻzbekiston moliya bozori uchun tarixiy voqea yuz berdi. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamgʻarmasi (UzNIF) aksiyalari bir vaqtning oʻzida Toshkent va London fond birjalarida ommaviy savdoga chiqarildi. Bu mamlakat tarixida davlatga aloqador yirik aktivlar portfelining xalqaro fond bozoriga ilk chiqishi boʻldi.

UzNIF oddiy kompaniya emas. U 2024 yil 27 avgustdagi prezident qarori bilan tashkil etilgan boʻlib, davlat ulushi mavjud yirik korxonalar va banklardagi minoritar paketlarni boshqaradi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, jamgʻarma portfeliga 13 ta yirik davlat korxonasi kiradi, ularning umumiy sof aktiv qiymati 2025 yil oxirida qariyb $2,44 mlrd deb baholangan. Portfelda transport, energetika, telekommunikatsiya, kommunal xizmatlar va bank sektori kabi strategik yoʻnalishlar bor.
IPO oʻzi nima?
IPO — Initial Public Offering, yaʼni kompaniya aksiyalarini ilk bor ommaviy investorlar uchun sotuvga chiqarish jarayonidir. Oddiy qilib aytganda, ilgari yopiq yoki davlat tasarrufida boʻlgan kompaniyaning bir qismi fond bozoriga olib chiqiladi va investorlar ushbu kompaniya aksiyalarini sotib olish imkoniga ega boʻladi.
UzNIF holatida bu jarayon ikki yoʻnalishda oʻtdi. Toshkent fond birjasida mahalliy investorlar uchun oddiy aksiyalar taklif qilindi. Londonda esa xorijiy institutsional investorlar uchun GDR — global depozitar tilxatlar joylashtirildi. Bitta GDR 64 700 ta oddiy aksiyani ifodalaydi. Taklif narxi London bozorida har bir GDR uchun $25, Toshkent bozorida esa har bir aksiya uchun 4,65 soʻm etib belgilandi. Mahalliy jismoniy shaxslar uchun 12 mlrd soʻmgacha boʻlgan buyurtmalarda 5 foizlik chegirma berilib, narx 4,41 soʻmgacha tushirildi.
IPO qanday kechdi?
Taklif 29 aprelda boshlanib, 12 maygacha davom etdi. GDRlar boʻyicha shartli savdolar 13 mayda London fond birjasida boshlandi, 18 maydan esa toʻliq savdolar yoʻlga qoʻyildi. Shu kuni UzNIF aksiyalari Toshkent fond birjasida ham muomalaga chiqdi.
Dastlabki natijalarga koʻra, Oʻzbekiston hukumati UzNIF’ning 31 foiz ulushini sotish orqali $603,6 mln jalb qildi. Agar qoʻshimcha joylashtirish — over-allotment opsiyasi toʻliq ishlatilsa, umumiy tushum $692 mlngacha yetishi mumkinligi qayd etilgan. Kompaniya aksiyalarining taklif narxi asosida UzNIF’ning bozor kapitalizatsiyasi $1,95 mlrd atrofida baholandi.

Bu yerda muhim jihat bor. IPOdan tushgan mablagʻ bevosita UzNIF’ning oʻziga emas, sotuvchi aksiyador boʻlgan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yoʻnaltiriladi. Yaʼni bu “kompaniya yangi loyiha uchun pul oldi” degani emas, balki davlat oʻziga tegishli ulushning bir qismini investorlarga sotdi degani.
IPOdan keyin narxlar qanday boʻldi?
UzNIF aksiyalari savdolar boshlangan ilk kunlardayoq IPO narxidan yuqori darajada savdo qilindi. Toshkent fond birjasida aksiyalar 5,39 soʻmdan ochilib, kun davomida 7,50 soʻmgacha koʻtarildi. Sessiya yakunida narx 5,46 soʻmni tashkil etdi, bu IPOdagi chegirmali 4,41 soʻmlik narxga nisbatan qariyb 24 foizlik oʻsish demakdir. Savdolar davomida 4,2 mingdan ortiq bitim tuzilib, umumiy aylanma 4,34 mlrd soʻmga yaqinlashdi.
London bozorida ham UzNIF GDR’lari IPO narxidan yuqori savdo qilindi. $25 narxda joylashtirilgan GDR’lar savdolar boshida $27–27,5 atrofida baholanib, qariyb 10 foizlik oʻsish koʻrsatdi. Bu xalqaro investorlar tomonidan UzNIF qimmatli qogʻozlariga dastlabki talab ijobiy boʻlganini koʻrsatadi.
Nega bu tarixiy jarayon deb ataldi?
Birinchidan, bu Oʻzbekistonning global aksiyalar bozoriga ilk jiddiy chiqishi hisoblanadi. Reuters bu jarayonni Oʻzbekistonning birinchi xalqaro IPOsi deb atadi va Marius Danning soʻzlariga tayangan holda, London listingi global institutsional investorlardan $2,8 mlrddan ortiq buyurtma jalb qilganini yozdi. Nashr shuningdek, UzNIF IPOsi Londonda 2026 yildagi eng yirik IPO boʻlganini qayd etdi.

Ikkinchidan, bu jarayon Oʻzbekistonning davlat aktivlarini xalqaro bozor mexanizmlari orqali baholatish va qisman xususiy investorlarga ochish boʻyicha real sinovi boʻldi.
Financial Times UzNIF listingini Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan olib borilayotgan iqtisodiyotni ochish va liberallashtirish siyosatining markaziy elementlaridan biri sifatida talqin qilgan. Nashrga koʻra, UzNIF listingi xorijiy investorlarning Oʻzbekiston bozoriga qiziqishini tekshiruvchi muhim test boʻldi va keyinchalik Navoiy KMK kabi yirik davlat aktivlari uchun yoʻl ochishi mumkin.
Uchinchidan, bu faqat mablagʻ jalb qilish emas, balki ishonch testi ham edi. London fond birjasi kabi talabchan bozorda listing qilish kompaniya hisobotlari, boshqaruv standartlari, investorlar bilan ishlash, risklarni ochiqlash va korporativ boshqaruv boʻyicha xalqaro mezonlarga yaqinlashishni talab qiladi. UzNIF’ning oʻz hujjatlarida ham portfeldagi kompaniyalarda OECD korporativ boshqaruv standartlari, IFRS moliyaviy hisobotlari va ESG tamoyillarini joriy etish vazifalari koʻrsatilgan.
Nega shu kungacha bunday IPO boʻlmagan?
Buni birgina sabab bilan tushuntirish qiyin. Asosiy omil Oʻzbekiston iqtisodiyotida yirik aktivlarning uzoq vaqt davlat nazoratida qolganidir. Davlat korxonalari iqtisodiyotda katta oʻrin egallagan, kapital bozori esa nisbatan kichik va likvidligi past boʻlgan.
Financial Times avvalroq Toshkent fond bozorining savdo hajmi va erkin muomaladagi aksiyalar ulushi pastligini yozgan. Yaʼni Oʻzbekistonda katta kapital bozorini yaratish uchun faqat kompaniyani birjaga chiqarish yetarli emas. Investorlar uchun shaffof hisobot, mustaqil boshqaruv, barqaror dividend siyosati va ishonchli huquqiy muhit ham kerak.
Shu maʼnoda UzNIF IPOsi shunchaki “aksiyalar sotildi” degan voqea emas. Bu davlat aktivlarini xalqaro investorlar tushunadigan formatga oʻtkazish, ularni baholatish, audit va korporativ boshqaruv talablariga moslashtirish jarayonidir. Prezident qarorida ham jamgʻarmaning asosiy vazifalari sifatida aksiyalarni yetakchi xorijiy fond birjasida joylashtirish, xalqaro institutsional investorlarni jalb qilish, OECD standartlari, IFRS va ESG tamoyillarini joriy etish belgilangan.
Davlat rahbari saʼy-harakatlari va siyosiy signal
UzNIF loyihasi bevosita davlatning iqtisodiy transformatsiya siyosati bilan bogʻlangan. Prezident qarorida jamgʻarmani tashkil etishdan maqsad investitsion jozibadorlikni oshirish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni koʻpaytirish va davlat ulushi ustun boʻlgan yirik kompaniyalar transformatsiyasini tezlashtirish ekani koʻrsatilgan.

Reuters ham ushbu jarayonni Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida boshlangan iqtisodiy liberallashtirish siyosati bilan bogʻlaydi. Nashrga koʻra, Oʻzbekiston 2025–2028 yillarda yirik davlat korxonalaridagi minoritar ulushlarni sotish rejasini ilgari surmoqda. UzNIF IPOsi esa shu kengroq xususiylashtirish va kapital bozorini rivojlantirish strategiyasining birinchi yirik xalqaro natijasi sifatida koʻrilmoqda.
1-chorak yakunlari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotni xalqaro miqyosda yangi darajaga olib chiqish uchun chuqur oʻylab, yakuniy qarorga kelinganini taʼkidladi.

Bu jarayonda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Londondagi ishtiroki ham alohida siyosiy signal boʻldi. U London fond birjasidagi marosimda qatnashdi va ushbu IPOni Oʻzbekistonning global kapital bozoriga ochilishi sifatida baholadi.
“Mamlakatimiz IPO jarayonlarida “BlackRock”, “Franklin Resources”, “Redwheel” kabi koʻplab yirik xalqaro investorlarning ishtirok etishi dunyo hamjamiyati tanlagan yoʻlimiz, salohiyatimiz va kelajagimizga ishonch bildirayotganining yorqin isbotidir”, — dedi Saida Mirziyoyeva oʻz Telegram kanalida.
Xorijiy investorlar IPO orqali nima koʻrdi?
Xorijiy investorlar uchun UzNIF Oʻzbekiston iqtisodiyotiga bir kompaniya orqali kirish imkoniyatidir. Chunki jamgʻarma portfelida Uzbekistan Airways, Oʻzbektelekom, Oʻzbekgidroenergo, Hududgaztaʼminot, Milliy elektr tarmoqlari, Oʻzsanoatqurilishbank va boshqa yirik aktivlar bor. Bu investor uchun alohida-alohida kompaniyalarni emas, balki Oʻzbekiston iqtisodiyotining strategik sektorlariga jamlangan portfelni sotib olish imkonini beradi.

IPOga 160 dan ortiq institutsional investor qiziqish bildirgan, talab $2,8–2,9 mlrd atrofida shakllangan. Bunda BlackRock, Franklin Templeton, Redwheel va Allan & Gill Gray Foundation bilan bogʻliq investorlar esa jami $300 mlnlik cornerstone majburiyatlarni olgan. Bu IPOning eng muhim jihati ham shunda. Investorlar Oʻzbekiston aktivlarini faqat mahalliy voqea sifatida emas, balki frontier market — rivojlanayotgan, hali toʻliq ochilmagan bozor imkoniyati sifatida koʻrmoqda.
Franklin Templeton rahbariyati ham UzNIF IPOsini “Oʻzbekiston va uning kapital bozori uchun belgilovchi bosqich” sifatida talqin qilmoqda. Marius Dan Reuters bilan suhbatda IPO muvaffaqiyati keyingi yillarda boshqa davlat va xususiy kompaniyalarning ham birjaga chiqishiga yoʻl ochishi mumkinligini aytgan.
Oʻzbekistonga bundan qanday foyda bor?
Birinchi foyda — xalqaro ishonchdir. London fond birjasida listing qilish Oʻzbekiston kompaniyalari xalqaro investorlar oldida hisobot berishga tayyor ekanini koʻrsatadi. Bu keyingi IPOlar, obligatsiyalar joylashtirish yoki yirik xususiylashtirish bitimlari uchun benchmark yaratadi.
Ikkinchi foyda — davlat aktivlari uchun bozor bahosi shakllanadi. Avval yirik davlat kompaniyalari qiymatini asosan baholovchilar yoki hukumat belgilagan boʻlsa, endi investorlar real pul bilan ularni baholamoqda. UzNIF’ning $1,95 mlrdlik kapitalizatsiyasi kelajakdagi xususiylashtirishlar uchun mezon boʻlishi mumkin.
Uchinchi foyda — Toshkent fond bozoriga eʼtibor ortadi. Mahalliy investorlar ilk bor yirik davlat aktivlari portfelidan ulush sotib olish imkoniga ega boʻldi. Bu aholining fond bozoriga qiziqishini oshirishi, brokerlik xizmatlari va moliyaviy savodxonlik rivojiga turtki berishi mumkin.
Toʻrtinchi foyda — davlat kompaniyalariga bosim kuchayadi va ular endi yaxshiroq ishlay boshlaydi. Ommaviy investorlar paydo boʻlgach, kompaniyalardan yaxshiroq hisobot, dividend, samaradorlik va shaffoflik talab qilinadi. Prezident qarorida 2030 yilgacha jamgʻarma investitsiya aktivlari sof foydasining kamida 50 foizi dividend toʻlashga yoʻnaltirilishi belgilangan. Bu investorlar uchun muhim signal hisoblanadi.
Aksiyalarni qanday sotib olish mumkin?
UzNIF aksiyalarini sotib olish uchun investor avvalo brokerlik hisobvaragʻi ochishi kerak. Chunki jismoniy shaxs fond birjasida bevosita oʻzi savdo qila olmaydi — aksiyalar broker orqali xarid qilinadi. Broker mijoz topshirigʻi asosida uning nomidan va hisobidan qimmatli qogʻozlar bilan bitim tuzuvchi professional ishtirokchi hisoblanadi.
Buning uchun investor Toshkent fond birjasi aʼzosi boʻlgan brokerlardan birini tanlaydi. Broker tanlangach, u bilan shartnoma tuziladi va brokerlik hisobvaragʻi ochiladi. Odatda buning uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat va STIR yetarli boʻladi.
Masalan, bozorda Jett, GoInvest kabi mobil ilovalar orqali brokerlik hisobini masofadan ochish, hisobga pul kiritish va aksiyalarni sotib olish imkoniyati mavjud.
Hisob ochilgandan keyin investor brokerlik hisobiga mablagʻ kiritadi. Shundan soʻng brokerning savdo tizimi, mobil ilovasi yoki shaxsiy kabineti orqali UzNIF aksiyalarini qidiradi. UzNIF aksiyalari Toshkent fond birjasida UZNF tikeri ostida savdoga qoʻyilgan, oddiy aksiya kodi esa UZ705898 hisoblanadi.
Keyingi bosqichda investor nechta aksiya olmoqchi ekanini va qanday narxda xarid qilishini belgilaydi. Agar bozorda shu narxda sotuvchi mavjud boʻlsa, buyurtma bajariladi va aksiyalar investor portfelida aks etadi. Agar mos narxda sotuvchi topilmasa, buyurtma bajarilmay qolishi yoki qisman bajarilishi mumkin.
Muallif: Diyorbek Qambarov









