12 006.390 so‘m

decrease

-28.870

13 765.330 so‘m

increase

54.760

150.440 so‘m

decrease

-1.020

12 006.390 so‘m

decrease

-28.870

4 soat avval
Bank
57

UZCARD yoki HUMO: birinchi yarim yillikda kim koʻproq sof foyda oldi?

UZCARD 2026 yilning birinchi yarmida 1,15 trln soʻm sof foyda oldi. Bu HUMO’ning 410,9 mlrd soʻmlik natijasidan qariyb 2,8 baravar koʻp. Biroq HUMO’ning sof foydasi 3,3 baravar oʻsib, UZCARD’ga nisbatan yuqoriroq oʻsish surʼatini qayd etdi.

UZCARD yoki HUMO: birinchi yarim yillikda kim koʻproq sof foyda oldi?

Oʻzbekistondagi ikkita yirik toʻlov tizimi — “Yagona umumrespublika protsessing markazi” AJ (UZCARD) va “Milliy banklararo protsessing markazi” AJ (HUMO) 2026 yilning yanvar–iyun oylariga oid moliyaviy natijalarini eʼlon qildi.

Hisobotlarga koʻra, UZCARD 1 trln 145,2 mlrd soʻm, HUMO esa 410,9 mlrd soʻm sof foyda olgan. Ikki kompaniya oʻrtasidagi farq 734,3 mlrd soʻmni tashkil etgan.

UZCARD — 1,15 trln soʻm sof foyda

UZCARD’ning sof foydasi oʻtgan yilning mos davridagi 621,6 mlrd soʻmdan 1 trln 145,2 mlrd soʻmga yetgan. Oʻsish 523,6 mlrd soʻm yoki 84,2 foizni tashkil etgan.

Kompaniyaning tushumi 39,1 foizga oshib, 1 trln 325,6 mlrd soʻmga yetdi. Daromadning 1,2 trln soʻmlik qismi tranzaksiyalarni protsessing qilishdan olingan komissiyalar hisobiga shakllangan.

UZCARD’ning operatsion foydasi ham 41,3 foizga koʻpayib, 899,2 mlrd soʻmni tashkil etgan.

Shu bilan birga, sof foydaning tezroq oʻsishiga kredit yoʻqotishlari uchun ilgari yaratilgan rezervlarning tiklanishi taʼsir qilgan. Kompaniya ushbu yoʻnalishda 256,4 mlrd soʻm sof daromad qayd etgan. Oʻtgan yilning birinchi yarmida esa 21,6 mlrd soʻmlik xarajat mavjud edi.

UZCARD 2026 yil 1 apreldan IT Park rezidenti maqomini yoʻqotib, foyda soligʻining standart 15 foizlik stavkasini toʻlay boshlagan. Natijada yarim yillikdagi foyda soligʻi xarajatlari 3,1 mlrd soʻmdan 71,3 mlrd soʻmgacha oshgan.

HUMO — 410,9 mlrd soʻm sof foyda

HUMO’ning sof foydasi 2025 yilning birinchi yarmidagi 124,3 mlrd soʻmdan 410,9 mlrd soʻmga yetgan. Bir yillik oʻsish 286,6 mlrd soʻm yoki 230,6 foizni tashkil etgan.

Kompaniyaning mahsulot va xizmatlarni sotishdan olgan sof tushumi qariyb uch baravar oshib, 224,9 mlrd soʻmdan 663,7 mlrd soʻmga koʻtarilgan.

Sotilgan xizmatlar tannarxi 102,7 mlrd soʻmni tashkil etgan. Natijada HUMO’ning yalpi foydasi 3,5 baravar oshib, 561 mlrd soʻmga yetgan.

Davr xarajatlari 32 mlrd soʻmdan 125 mlrd soʻmgacha koʻpayganiga qaramay, asosiy faoliyatdan olingan foyda 130,3 mlrd soʻmdan 436,3 mlrd soʻmga oshgan.

HUMO hisobot davrida 37,8 mlrd soʻm foyda soligʻi hisoblagan. Taqqoslash uchun, 2025 yilning mos davrida bu koʻrsatkich 13,8 mlrd soʻm edi.

30 iyun holatiga kompaniya aktivlari yil boshidan 21,1 foizga koʻpayib, 865,1 mlrd soʻmga yetgan. Xususiy kapital 715,4 mlrd soʻmni, majburiyatlar esa 149,7 mlrd soʻmni tashkil etgan.

Shu tariqa, sof foyda va tushum hajmi boʻyicha UZCARD yetakchilikni saqlab qolgan. Uning foydasi HUMO’nikidan qariyb 2,8 baravar, tushumi esa ikki baravar koʻp. Biroq HUMO har ikki koʻrsatkich boʻyicha ham tezroq oʻsmoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+