UzAuto Motors 2024 yilda $315 mln sof foyda oldi
Kompaniya oʻtgan yilda 314,9 mln AQSh dollari miqdorida sof foyda koʻrgan. Bu 2023 yilga nisbatan 5,6 foizga pastroqdir.

UzAuto Motors AJ 2024 yil yakuniga doir auditlangan moliyaviy hisobotini eʼlon qildi.
Hisobotga koʻra, kompaniya oʻtgan yilda 314,9 mln AQSh dollari miqdorida sof foyda koʻrgan. Bu 2023 yilga nisbatan 5,6 foizga pastroqdir.
Oʻtgan yili UzAuto Motors’ning umumiy daromadi $4,24 mlrdni tashkil etdi. Bu 2023 yilga nisbatan 8 foizga kamaygan boʻlib, asosan ichki bozor va eksport hajmining qisqarishi bilan bogʻliq. Kompaniya ichki sotuvlari $3,7 mlrdni (-8,2%) tashkil etgan boʻlsa, eksport hajmi $494,4 mlnni (-7%) tashkil etdi.
Xarajatlar tarkibida boshqaruv xarajatlari $61 mlnni, savdo xarajatlari esa $128 mlnni tashkil etdi. Kompaniya yil davomida $62,6 mln dollar miqdorida daromad soligʻi toʻlagan. Valyuta kurslaridagi oʻzgarishlar tufayli yuzaga kelgan zarar $25,6 mlnni tashkil etdi — bu 2023 yildagi $82,3 mlnlik koʻrsatkichga qaraganda ancha past.
Kompaniyaning umumiy aktivlari yil yakunida $2,46 mlrdni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 16,9 foizga kamaygan. Biroq sof kapital $908,8 mlnni tashkil etdi — 2023 yilda bu koʻrsatkich $786,7 mln edi. Jami majburiyatlar esa 1,55 mlrdni tashkil qilib, avvalgi yilga nisbatan kamaygan.
Segmentlar boʻyicha daromad quyidagicha taqsimlangan:
- Asaka (CKD ishlab chiqarish) — $3,12 mlrd daromad, $90 mln foyda;
- Pitnak zavodi — $904 mln daromad, $212 mln foyda;
CKD — Asaka va Pitnak hududlarida avtomobillar ishlab chiqarish hamda ularni Oʻzbekiston va Qozogʻistonda sotish. Modellar qatoriga Chevrolet Gentra , Nexia , Spark , Damas, Cobalt, Onix va Tracker kiradi.
- Import avtomobillar (SUP segmenti) — $202 mln daromad, $14 mln foyda.
SUP asosida sotish – import qilingan avtomobillarni mahalliy bozorda sotish. Modellar qatoriga Chevrolet Tahoe, Traverse, Equinox, Trailblazer va Malibu kiradi. Modellar Tailand, Xitoy, Koreya Respublikasi va AQShdan import qilinadi.
2024 yil yakuniga kelib, kompaniyada 15 234 nafar xodim ishlagan. Bu koʻrsatkich 2023 yildagi 16 511 nafar xodimga nisbatan biroz kamroq.