12 758.360 so‘m

decrease

-19.760

14 820.110 so‘m

decrease

-111.120

163.340 so‘m

decrease

-0.670

12 758.360 so‘m

decrease

-19.760

04-iyul, 20:09
Iqtisodiyot

Turli yillarda USAID Oʻzbekistonga qancha mablagʻ ajratgan?

2025 yil 1 iyul kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubio xorijiy davlatlarga yordam koʻrsatib keluvchi USAID’ning rasmiy ravishda tugatilganini eʼlon qildi. 60 yildan ortiq faoliyat yuritgan ushbu tashkilot dunyoning koʻplab mamlakatlariga, jumladan Oʻzbekistonga ham moliyaviy koʻmak koʻrsatib kelgan.

Pinkod USAID tomonidan turli yillarda Oʻzbekistonga ajratilgan mablagʻlar miqdori bilan qiziqdi.

Turli yillarda USAID Oʻzbekistonga qancha mablagʻ ajratgan?
Foto: AI / Pinkod.uz

2025 yil 1 iyul kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubio xorijiy davlatlarga yordam koʻrsatib kelgan USAID’ning (AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi) rasman tugatilganini eʼlon qildi. Ushbu tashkilot koʻplab davlatlarga turli miqdorda yordam ajratib kelgan. Misol uchun 2022-2025 yillarda USAID tomonidan Ukrainaga $35 mlrddan ortiqroq mablagʻ berilgan. 

Shuningdek USAID pul ajratgan davlatlar orasida Oʻzbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari ham bor. USAID’ning Oʻzbekistonga ajratgan yillik mablagʻlari siyosiy, geosiyosiy va strategik omillar taʼsirida sezilarli darajada oʻzgarib turgan.

Pinkod USAID tomonidan turli yillarda Oʻzbekistonga ajratilgan mablagʻlar miqdori bilan qiziqdi.

2001 yilda USAID yordami 14,51 million dollarni tashkil etib, asosiy eʼtibor sogʻliqni saqlash ( $3,13 mln) demokratiya ($2,89 mln) va iqtisodiy rivojlanishga ($2 mln) qaratilgan. 

2002 yilda esa AQShdagi hamma tashkilotlar tomonidan Oʻzbekistonga ajratilgan mablagʻlar rekord daraja — $158,9 mlnga yetdi. Ushbu mablagʻlar orasida $60,55 mlnlik qismi USAID tomonidan ajratilgan. 

Yordamlar asosan Sogʻliqni saqlash (18,61 mln), atrof-muhit (18,56 mln), demokratiya (9,59 mln), iqtisodiy rivojlanish (7,38 mln), taʼlim (2,26 mln), insonparvarlik yordami (4,1 mln) sohalarini qamrab olgan. 

Bunday rekord koʻrsatkichlar sababi 2001 yil 11-sentabr voqealari ortidan AQShning Markaziy Osiyodagi strategik manfaatlari kuchayganligi bilan bogʻliq boʻlib, Oʻzbekiston AQShga Xonoboddagi harbiy bazani taqdim etgani uchun katta miqdordagi xalqaro yordam olgan boʻlishi mumkin. Bu davrda Oʻzbekiston AQSh uchun Afgʻonistonga yaqin boʻlgan strategik hamkor sifatida eʼtirof etilgan.

Infografika: Pinkod.uz/Diyorbek Qambarov
Infografika: Pinkod.uz/Diyorbek Qambarov

2003 yilda yordam 34,4 mln dollarga tushgan. Mablagʻlar sogʻliq (8,24 mln), taʼlim (8 mln), demokratiya (7,9 mln), iqtisodiy rivojlanish (6,16 mln), atrof-muhit (3,82 mln) va insonparvarlik (123 ming) sohalarini qamrab oldi.

Ammo 2005-yigil Andijon voqealaridan soʻng AQSh va Oʻzbekiston oʻrtasidagi siyosiy munosabatlarda keskin sovish kuzatildi. Natijada USAID faoliyatini keng koʻlamda davom ettirish imkoniyatidan mahrum boʻldi. 2009 yilda USAID’ning Oʻzbekistonga ajratgan mablagʻi atigi 5 million dollarni tashkil etdi, bu esa 2002-yilgi koʻrsatkichdan qariyb 30 barobar kamdir.

2012 yilda USAID Oʻzbekistonga 10,5 million dollar ajratdi, bunda asosiy yoʻnalishlar iqtisodiy rivojlanish (4,49 mln), demokratiya (1,95 mln), sogʻliq (1,87 mln) va xavfsizlik (494 ming) boʻldi.

2013 yilda yordam hajmi 5,93 million dollarga tushdi. Bu yilda USAID yordami kam boʻlsa-da, AQSh Mudofaa departamenti tomonidan Oʻzbekistonga 42,34 million dollar ajratilgani diqqatga loyiq. Bu Oʻzbekistonning Afgʻoniston bilan chegaradosh boʻlganligi, tranzit va logistika imkoniyatlari bilan izohlanadi.

2014 yilda USAID tomonidan 8,37 mln, Mudofaa departamenti tomonidan esa 28,3 mln dollar ajratilgan. 2015 yilda USAID mablagʻi 7,6 mln boʻlsa, Mudofaa departamenti yordami keskin oshib, 61,2 million dollarga yetgan. Bu yillarda Oʻzbekiston AQSh uchun Afgʻoniston bilan aloqalarda strategik sheriklik rolini davom ettirgan. 2016 yilda USAID yordami 6,13 mln dollar atrofida saqlanib qolgan.

2017 yildan boshlab USAID’ning Oʻzbekistondagi faoliyati kengayiishni boshladi. Shu yili 9,85 million dollar yordam ajratildi. Mablagʻlar iqtisodiy rivojlanish (4,16 mln), sogʻliqni saqlash (3,13 mln), boshqaruv va texnik yordam sohalariga yoʻnaltirildi.

2018 yilda bu koʻrsatkich 19,62 mln dollarga koʻtarildi. USAID islohotlarga faolroq kirishdi: demokratiya (6,87 mln), iqtisodiyot (6,63 mln) va sogʻliq (5,1 mln) asosiy yoʻnalishlar boʻldi.

2019 yilda yordam 15,12 mln dollarni tashkil etdi. Sogʻliq, demokratiya, iqtisodiy rivojlanish va taʼlim sohalari saqlanib qoldi.

2020 yil, pandemiya tufayli, USAID yordami 28,57 mln dollarga koʻtarildi. Bu yilda sogʻliqni saqlash sohasiga eng koʻp — 12,33 mln ajratildi.

2021–2022 yillarda yordam hajmi sezilarli darajada oshdi — mos ravishda 38,32 mln va 43,17 mln dollar. Bu davr USAID’ning Oʻzbekiston bilan eng faol hamkorlik qilgan bosqichi boʻldi. Mablagʻlar taʼlim, sogʻliq, boshqaruv va iqtisodiyotga yoʻnaltirildi.

2023 yilda yordam 37,45 mln, 2024 yilda esa 39,08 mln boʻlib, barqaror saqlanib qoldi. Bu yillarda ham sogʻliqni saqlash, demokratiya, texnik yordam va ijtimoiy xizmatlar ustuvor yoʻnalish boʻlgan.

2025 yilga kelib esa Donald Tramp hokimiyatga kelganligi tufayli barcha davlatlarga beriladigan yordam hajmi keskin tushib ketdi. Oʻzbekistonga shu yil ajratilgan mablagʻ hajmi 3,88 mlnni tashkil etgan. 

USAID yopilishi oldidagi ayrim voqealar va buning Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoga taʼsiri haqida batafsil bu yerda oʻqish mumkin:


USAID yopilishi Oʻzbekistonga qanday taʼsir qiladi?


Diyorbek Qambarov tayyorladi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+