Tramp AQShga import qilinadigan mis uchun 50 foizlik boj eʼlon qildi
Shuningdek, AQSh rahbari dori-darmon importiga ham tez orada 200 foizlik boj solinishi rejalashtirilayotganini taʼkidlagan.

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatga olib kiriladigan barcha mis mahsulotlariga 50 foizlik boj joriy qilinishini eʼlon qildi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.
8 iyul kungi Vazirlar Mahkamasi yigʻilishida Tramp misga nisbatan bojlar joriy qilinayotganini eʼlon qilgan:
“Endi navbat misga. Mis importiga 50 foiz boj joriy etamiz”, — degan Tramp yigʻilish chogʻida.
AQSh rahbari bojlar aynan qaysi sanadan boshlab kuchga kirishini aniqlashtirmagan.
Tramp boshqa mahsulotlarga ham bojlar joriy etgan. Ayni paytda AQShda avtomobil va ehtiyot qismlariga 25 foizlik, poʻlat hamda alyuminiyga esa 50 foizlik tariflar amal qilmoqda.
Mis — elektronika, avtomobil va sanoat mahsulotlarining muhim tarkibiy qismi sanaladi. Uning importiga boj qoʻshilishi bu mahsulotlarning AQSh ichkarisida qimmatlashishiga olib kelishi mumkin. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, AQSh 2024 yilda 17 milliard dollarlik mis import qilgan boʻlib, Chili bu borada eng yirik yetkazib beruvchi hisoblanadi. Ushbu mamlakat 2024 yil davomida AQShga 6 milliard dollarlik mis eksport qilgan.
Trampning bayonotidan soʻng mis narxi keskin oshdi. Nyu-York fond birjasida mis fyucherslari 15 foizga koʻtarilib, bir funt uchun 5,68 dollarni tashkil etdi. Umumiy hisobda mis narxi 38 foizga oshgan. Mutaxassislarning fikricha, bu boj misdan foydalanadigan korxonalar uchun katta moliyaviy bosim boʻladi.
Shuningdek, Tramp 8 iyul kuni dori-darmon importiga ham tez orada 200 foizlik boj solinishi rejalashtirilayotganini eʼlon qildi. Biroq bu tarif farmatsevtika kompaniyalari AQSh hududiga koʻchirilmaguncha kuchga kirmasligi mumkinligi aytilmoqda.
Avvalroq Pinkod AQSh 1 avgustdan boshlab Qozogʻistondan import qilinadigan tovarlarga 25 foizlik boj joriy etishi haqida yozgan edi.
Shuningdek, Tramp BRICS tashkilotining “Anti-Amerika” siyosatini qoʻllab-quvvatlaydigan davlatlarga 10 foizlik qoʻshimcha boj joriy qilishini aytib oʻtgan edi.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston va Qozogʻiston mazkur tashkilotda hamkor davlatlar sifatida eʼtirof etilgan.