Toshkentdagi “Samarqand” mehmonxonasini yaqinda ochilgan xorijiy korxona sotib oldi
Toshkentning tarixiy-turistik hududlaridan biridagi “Samarqand” mehmonxonasi 136,2 mlrd soʻmga sotildi. Obʼektni auksionda savdodan bir yarim oy oldin roʻyxatdan oʻtgan, yagona taʼsischisi xorijiy fuqaro boʻlgan kompaniya sotib olgan.

Toshkentning Olmazor tumanida, Hazrati Imom majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazi yaqinida joylashgan “Samarqand” mehmonxonasi va restorani auksion orqali sotildi. Obʼekt uchun 136,2 mlrd soʻm taklif qilingan.
E-auksionʼdagi savdolar 1 iyul kuni yakunlangan. Lot boʻyicha yagona ishtirokchi “Samarqand Central Heritage” MChJ XK boʻlgan. Kompaniya obʼekt uchun boshlangʻich narx — 136,2 mlrd soʻmni taklif qilgan va toʻlovni ham amalga oshirgan.

Sotilgan obʼekt Qorasaroy koʻchasi boʻyida, “Hastimom” mahallasida joylashgan. Gap ikki qavatli mehmonxona va restoran majmuasi haqida ketmoqda. Binodagi xonalar umumiy maydoni 3962 kvadrat metrni tashkil qiladi. Obʼekt “Hastimom Touristic Complex” kompaniyasining 2025 yil dekabrida qabul qilingan qarori asosida savdoga chiqarilgan.

Xaridor kompaniya “Samarqand Central Heritage” MChJ XK esa savdolardan koʻp vaqt oldin emas, 2026 yil 14 may kuni Samarqand viloyati Payariq tumanida roʻyxatdan oʻtgan. Kompaniyaning asosiy faoliyat turi mehmonxonalar va oʻxshash yashash joylari sifatida koʻrsatilgan. Ustav fondi 60 mlrd soʻmni tashkil etadi.

iHamkor maʼlumotlariga koʻra, kompaniya rahbari Saidjalol Asqarov hisoblanadi. Korxonaning yagona taʼsischisi esa xorijiy fuqaro Erslan Ibrahim boʻlib, u kompaniyadagi 100 foiz ulushga egalik qiladi. Korxona mulkchilik shakli boʻyicha xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar mulki sifatida qayd etilgan.
Erslan Ibrahim nomi boshqa kompaniyalarda ham uchraydi. iHamkor.uz’ga koʻra, u ulgurji savdo yoʻnalishidagi Egi Foods and Beverages, dasturiy taʼminot ishlab chiqish bilan shugʻullanuvchi Advances Telkomnika Solutions, aviatashuv sohasidagi Arslan Air hamda umumiy ovqatlanish yoʻnalishidagi Graha Nusantara kompaniyalarida ham 100 foizlik ulushga ega.

Shuningdek, ushbu besh kompaniyaning toʻrttasida, jumladan “Samarqand Central Heritage”da ham rahbar lavozimida Saidjalol Asqarov koʻrsatilgan. Advances Telkomnika Solutions rahbari sifatida esa Budimulyanto qayd etilgan.
Shu tariqa, Toshkentning tarixiy va turistik hududlaridan biridagi mehmonxona majmuasi yaqinda tashkil etilgan, xorijiy taʼsischiga ega kompaniya tomonidan sotib olindi. Savdoda boshqa ishtirokchilar boʻlmagani sababli obʼekt boshlangʻich narxda realizatsiya qilingan.









