12 055.810 so‘m

increase

36.540

14 008.850 so‘m

increase

24.430

169.060 so‘m

increase

3.410

12 055.810 so‘m

increase

36.540

23 daqiqa avval
Bozor
28

Toshkentda 1 xonali uylar ijarasi bir yilda 14 foizga, 2 xonalilarniki esa 10 foizga oshdi

Ayni paytda 3 xonali uylar 12,5 foizga, 4 va undan ortiq xonali uylar esa 26,1 foizga arzonlashdi.

Hududlar kesimida 1 xonali uylar eng koʻp Mirobodda 32 foizga, 2 xonalilar esa Olmazorda 12 foizga qimmatlashdi. 

Shu bilan birga, 3 xonali uylar ijarasida eng katta pasayish Shayxontohurda 21 foiz, 4 va undan ortiq xonali uylar boʻyicha esa Yashnobodda 35 foizni tashkil etdi.

Toshkentda 1 xonali uylar ijarasi bir yilda 14 foizga, 2 xonalilarniki esa 10 foizga oshdi
Foto: AI/Pinkod.uz

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti Toshkent shahridagi uy-joy ijara bozorini OLX platformasidagi eʼlonlar asosida tahlil qildi. Tadqiqot 2026 yil 1 apreldan boshlab koʻchmas mulk oldi-sotdi bitimlari naqd pulsiz hisob-kitob shakliga oʻtkazilganidan keyingi davrni ham qamrab oladi.

OLX platformasidagi 1,7 mlndan ortiq eʼlonlar asosida oʻtkazilgan tahlilga koʻra, islohotdan keyingi birinchi oyda poytaxtda uy-joy ijarasining oʻrtacha narxi mart oyidagi $550 darajasida saqlanib qolgan. Yillik hisobda ham umumiy oʻrtacha ijara narxida sezilarli oʻzgarish qayd etilmagan.

Bozordagi faol ijara eʼlonlari soni ham deyarli oʻzgarmagan. Aprel oyida Toshkent shahrida 22,8 mingta faol ijara eʼloni mavjud boʻlgan.

Shu bilan birga, ijara bozorida xonalar soniga qarab turlicha dinamika kuzatilmoqda. Likvidligi yuqori boʻlgan 1 va 2 xonali kvartiralar ijarasi qimmatlashgan boʻlsa, 3 va 4 xonali uylar segmentida narxlar pasaygan.

Xususan, bir xonali kvartiralar ijarasi yil davomida 14,3 foizga oshib, oʻrtacha $400 ni tashkil etgan. Ikki xonali uylar ijarasi esa 10 foizga qimmatlab, $550 ga yetgan. Aksincha, uch xonali uylar ijarasi 12,5 foizga pasayib, $700 ni, toʻrt va undan ortiq xonali uylar ijarasi esa 26,1 foizga arzonlashib, $850 ni tashkil qilgan.

Tumanlar kesimida 1 xonali uylar ijarasi eng koʻp Mirobod tumanida oshgan — 32 foiz. Olmazor va Sergelida oʻsish 17 foizni, Chilonzor, Mirzo Ulugʻbek va Yashnobod tumanlarida esa 14 foizni tashkil etgan.

Ikki xonali uylar segmentida eng sezilarli oʻsish Olmazorda qayd etilgan — 12 foiz. Yashnobod va Chilonzorda ijara narxlari 11 foizga, Mirzo Ulugʻbek tumanida esa 10 foizga oshgan.

Uch xonali uylar boʻyicha esa ayrim markaziy tumanlarda pasayish kuzatilgan. Shayxontohurda ijara narxi 21 foizga, Mirobodda 17 foizga, Mirzo Ulugʻbekda 12 foizga, Yakkasaroyda esa 10 foizga arzonlashgan.

Toʻrt va undan ortiq xonali uylar segmentida eng katta pasayish Yashnobod tumanida qayd etilgan — 35 foiz. Mirzo Ulugʻbekda narxlar 27 foizga, Olmazor, Chilonzor va Yakkasaroyda esa 17 foizga tushgan.

Hududlar kesimida eng yuqori ijara narxlari hanuz markaziy tumanlarda saqlanib qolmoqda. Bir xonali uylar boʻyicha eng qimmat ijara Mirobod tumanida kuzatilgan — oʻrtacha $593. Shayxontohurda bu koʻrsatkich $550, Yakkasaroyda esa $500 atrofida shakllangan. Eng arzon 1 xonali uylar Bektemirda $300, Olmazor, Sergeli va Uchtepada esa $350 dan taklif qilinmoqda.

Ikki xonali uylar boʻyicha Mirobod va Shayxontohur tumanlari yetakchilik qilmoqda. Bu hududlarda oʻrtacha ijara narxi $700 ni tashkil etgan. Yakkasaroyda bu koʻrsatkich $650, Mirzo Ulugʻbek, Yunusobod va Yashnobod tumanlarida esa $550 atrofida. Bektemir va Uchtepada 2 xonali uylar nisbatan arzon, oʻrtacha $400 dan taklif qilinmoqda.

Uch xonali uylar segmentida ham eng yuqori narxlar markaziy tumanlarda qayd etilgan. Mirobodda oʻrtacha ijara $1000, Shayxontohurda $950, Yakkasaroyda $900 ni tashkil qilgan. Eng past narxlar Bektemirda $400, Sergelida $450, Uchtepada esa $500 atrofida boʻlgan.

Toʻrt va undan ortiq xonali uylar boʻyicha eng yuqori ijara narxi Mirobodda qayd etilgan — $1100. Yakkasaroyda bu koʻrsatkich $1000, Mirzo Ulugʻbek va Shayxontohur tumanlarida $800, Yunusobodda $700, Yashnobodda esa $650 atrofida shakllangan. Bektemirda mazkur segmentdagi uylar eng arzon boʻlib, oʻrtacha ijara narxi $400 ni tashkil etgan.

Tahlilga koʻra, Toshkent ijara bozorida asosiy talab kichik hajmli va likvid uylar tomon siljimoqda. Shu sababli 1 va 2 xonali kvartiralarda narxlar oʻsishda davom etgan. Katta xonadonlar segmentida esa talab nisbatan cheklangani bois 3 va 4+ xonali uylar ijarasida pasayish kuzatilgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+