Time jurnali sunʼiy intellekt yaratuvchilarini “Yil odami” deb eʼlon qildi
Jurnal 1927 yildan beri dunyoga eng katta taʼsir koʻrsatgan shaxs yoki guruhni tanlab keladi. Bunda taʼsir ijobiy yoki salbiy ekanligi muhim emas.

11 dekabr kuni nufuzli Time jurnali anʼanaviy “Yil odami” nominatsiyasi gʻoliblarini eʼlon qildi. Jurnal tahririyati bu yilgi eng oliy eʼtirofga sunʼiy intellekt (AI) sohasini shakllantirayotgan va boshqarayotgan texnologiya yetakchilarini loyiq deb topdi.
Jurnalistlarning taʼkidlashicha, gʻoliblar shunchaki biznesmenlar emas, balki kelajakni oʻzgartirayotgan “sunʼiy intellekt yaratuvchilari”dir.
“Osmonoʻpar binodagi tushlik”
Jurnalning maxsus soni muqovasi mashhur “Osmonoʻpar binodagi tushlik” (1932) suratiga ishora qiluvchi oʻziga xos uslubda ishlangan. Unda AI sanoatining eng qudratli sakkiz nafar vakili tasvirlangan:
- Sem Altman — OpenAI rahbari;
- Jensen Xuang — Nvidia rahbari;
- Mark Sukerberg — Meta asoschisi;
- Ilon Mask — X va xAI rahbari;
- Liza Su — AMD bosh direktori;
- Demis Xassabis — Google DeepMind rahbari;
- Dario Amodey — Anthropic rahbari;
- Fey-Fey Li — ImageNet asoschisi va “AI’ning choʻqintirgan onasi”.
Time nashrining yozishicha, ushbu shaxslarning taʼsiri faqat texnologiya bilan cheklanib qolmaydi. Ular global siyosatda ham hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda. Xususan, AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning 2025-yilgi qasamyod marosimida Mask, Altman va Sukerberg kabi figuralar “ahamiyatli oʻrin” egallagan.
Maʼlumot uchun: Time jurnali 1927 yildan beri “Yil odami”ni aniqlab keladi. Bu unvon soʻnggi 12 oy davomida dunyo voqealariga eng kuchli taʼsir koʻrsatgan (ijobiy yoki salbiy boʻlishidan qatʼi nazar) shaxs, guruh yoki gʻoyaga beriladi.









