12 178.850 so‘m

increase

49.840

14 053.180 so‘m

increase

84.200

146.540 so‘m

decrease

-1.450

12 178.850 so‘m

increase

49.840

10 soat avval
Iqtisodiyot
32

Temu vakillari bilan 6 marta uchrashuv oʻtkazildi, ammo natija boʻlmadi — ILMA vakili

Oʻzbekiston Temu marketpleysining hozirgi formatda ishlashidan manfaatdor emas. 

ILMA rasmiysi Kamronbek Muhammadiyevning taʼkidlashicha, platforma bloklanganidan soʻng xaridlar hajmi 95 foizga kamaygan. 

Kompaniya vakillari bilan koʻp sonli muzokaralar oʻtkazilgan boʻlsa-da, soliq talablari masalasi ochiq qolmoqda.

Temu vakillari bilan 6 marta uchrashuv oʻtkazildi, ammo natija boʻlmadi — ILMA vakili
Foto: AI/Pinkod.uz

ILMA (Istiqbolli loyihalar milliy agentligi) Elektron tijoratni rivojlantirish va tartibga solish boshqarmasi boshligʻi Kamronbek Muhammadiyev Oʻzbekistondagi Temu marketpleysi faoliyatiga izoh berdi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri xabar bermoqda.

Uning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Temu marketpleysining hozirgi formatda ishlashidan manfaatdor emas. Asosiy sabab — kompaniya tomonidan mahalliy qonunchilikka, jumladan, soliq talablariga rioya qilinmayotganidir.

“Biz kompaniyaga qoidalarni bir necha bor tushuntirdik. Temu vakillari Agentligimizga taxminan olti marta — vitse-prezident darajasida, oʻz delegatsiyasi bilan kelishdi. Biz boshqa davlat organlari, jumladan, soliq xizmati va tegishli idoralar ishtirokida uchrashuvlar tashkil qildik. 

Har safar ularga bir xil maʼlumot yetkazildi: qoidalar oʻzgarmaydi, hammasi shaffof va ochiq. Soliq majburiyatlari hech qayerga yoʻqolgani yoʻq — ular toʻplanib bormoqda”, — dedi Muhammadiyev.

Har bir uchrashuvdan soʻng kompaniya vakillari talablarga rozi boʻlishgan, biroq keyinchalik aloqani toʻxtatishgan.

Hozirda platforma faoliyati bloklanganidan keyin amalda cheklangan.

“Xaridlar hajmi taxminan 95% ga kamaydi. Foydalanuvchilarning kichik bir qismi VPN orqali buyurtma berishda va xalqaro kartalar bilan toʻlov qilishda davom etmoqda. Biroq logistika bilan bogʻliq muammolar tufayli koʻplab tovarlar xaridorlarga yetib bormayapti”, — deya taʼkidladi ILMA vakili.

Agentlik xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga tayyor, ammo faqat qonun talablariga rioya qilingan taqdirdagina. ILMA vakilining soʻzlariga koʻra, insofli ishtirokchilar bozorga chiqishdan avval talablarni aniqlashtirib, barcha zarur jarayonlardan oʻtishadi va qonuniy ish boshlashadi.

Bundan tashqari, yirik kompaniyalardan infratuzilmaga investitsiya kiritish kutilmoqda: omborxonalar, logistika va raqamli tizimlarni rivojlantirish, shuningdek, xizmatlarni nafaqat Toshkentda, balki hududlarda ham kengaytirish.

«Ishlashni xohlashadimi — marhamat. Lekin faqat qonun doirasida. Hamma teng va belgilangan qoidalarga rioya qilishga majbur», — deya xulosa qildi ILMA vakili.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+