Telegram’ning t.me havolalari butun dunyo boʻylab ishlamay qoldi
Pavel Durov muammo yuzasidan .me domen zonasi operatoriga murojaat qildi. Messenjer esa vaqtinchalik yechim sifatida havolalarni telegram.me manzili orqali shakllantirishni boshladi.

Telegram kanallari, postlari va profillariga olib boruvchi qisqa t.me havolalari brauzerlarda ochilmayapti.
14 iyulga oʻtar kechasi Telegram’ga tegishli t.me domeni global DNS tizimidan chiqarildi. Natijada ushbu domen orqali yaratilgan kanal, guruh, profil, post va taklif havolalari brauzerlarda ishlamay qoldi.
Telegram asoschisi Pavel Durov t.me havolalarining global miqyosda ishlamay qolishi yuzasidan .me domen zonasi operatoriga murojaat qildi.
“Salom, @domainME. t.me havolalari ishlamay qoldi. Buni tekshirib koʻra olasizmi?” — deb yozdi u.

Durov muammoning sababi haqida qoʻshimcha maʼlumot bermagan. .me domeni operatori ham hozircha t.me nima sababdan faolsizlantirilganini rasman tushuntirmadi.
Telegram vaqtinchalik yechim sifatida telegram.me domenidan foydalanishga oʻtdi. Endi ilovada kanal, post yoki profil havolasi nusxalanganda, t.me oʻrniga telegram.me manzili shakllantirilmoqda.
Muammo domenning roʻyxatdan oʻtish muddati tugashi bilan bogʻliq emas. t.me Telegram nomiga 2035 yil mayigacha roʻyxatdan oʻtkazilgan, uning nom serverlari ham oʻzgarmagan.









