Telegram bir kunda 200 mingdan ortiq guruh va kanallarni blokladi
Telegram messenjeri 15 fevral kuni 235 mingdan ortiq guruh va kanallarni blokladi. Bu yanvar oxiridan buyon qayd etilgan eng yuqori koʻrsatkichlardan biri boʻlib, yil boshidan beri cheklovlar jami 7,2 milliondan ortiq hamjamiyatga tatbiq etilgan.

Telegram messenjeri yakshanba, 15 fevral kuni 200 mingdan ortiq guruh va kanallarni blokladi. Bu haqda platforma statistik maʼlumotlarida qayd etilgan.
RIA Novosti xabariga koʻra, kun yakuniga kelib 235 282 ta hamjamiyat bloklangan. Bu yanvardan buyon qayd etilgan eng yuqori kunlik koʻrsatkich boʻlib, oʻshanda cheklovlar 300 840 ta guruh va kanallarga taʼsir qilgan edi.
1 fevraldan buyon Telegram 1,8 milliondan ortiq hamjamiyatga kirishni cheklagan, yil boshidan beri esa ularning umumiy soni 7,2 milliondan oshgan. Shulardan qariyb 27,2 mingta kanal terrorchilik targʻiboti bilan bogʻliq boʻlgan, deya maʼlum qilmoqda messenjer.
Bir kun avval Davlat dumasi Axborot siyosati qoʻmitasi raisi Sergey Boyarskiy Telegram rahbariyati Roskomnadzor (RKN) bilan aloqada ekanini va ayrim materiallar talabga binoan oʻchirib tashlanayotganini aytgandi. Parlamentariy taʼkidlashicha, messenjer Rossiya qonunchiligining bir qator talablariga hali ham rioya qilmayapti, biroq Boyarskiy fikricha, Rossiya rasmiylari bilan munosabatlarni yoʻlga qoʻyish va cheklovlarni olib tashlash uchun Telegram’ga “yana bir necha qadam oldinga tashlash” qolgan, xolos.
10 fevral kuni RKN matbuot xizmati Telegram’ni ham oʻz ichiga olgan bir qator messenjerlar avval eʼlon qilingan ogohlantirishlarga qaramay, qonun talablarini eʼtiborsiz qoldirishda davom etayotganini maʼlum qildi. 11 fevral kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyada Telegramga nisbatan joriy etilgan qonunchilik choralari majburiy ekanini aytdi. Shuningdek, u Kreml Telegram vakillari bilan boʻlayotgan aloqalardan xabardor ekanini qoʻshimcha qildi.
Avvalroq Pinkod Rossiyada Telegram faoliyatiga nisbatan yangi cheklovlar kiritilishi mumkin ekanligi haqida yozgan edi.









