Sunʼiy intellekt kelajagini belgilovchi voqelik: Mask Altmanga qarshi
Ilon Mask OpenAI’ni sudga berdi. Eski ittifoqdoshlar qanday qilib raqibga aylandi?
Bugun texnologiya olamida shunchaki pul yoki kuch uchun emas, balki sunʼiy intellekt (SI)ning kelajakdagi yoʻnalishi uchun kurashayotgan gigantlarning toʻqnashuviga guvoh boʻlyapmiz.
Bir vaqtlar OpenAI asoschilari sifatida ittifoqchi boʻlgan Ilon Mask va Sem Altman hozirda SI kelajagini butunlay oʻzgartirib yuborishi mumkin boʻlgan huquqiy va falsafiy kurash markazida turibdi. Pinkod esa bu voqealar rivojini oʻrganib chiqdi.
Hammasi nimadan boshlandi?
Dastlab Ilon Mask va Sem Altman insoniyatga foyda keltiradigan SI yaratishga bel bogʻlagan edilar, bu esa OpenAI tashkil etilishiga olib keldi. Biroq, 2018 yilda Ilon Mask OpenAI boshqaruvini tark etgach, vaziyat keskin oʻzgardi. Sem Al rahbarligi ostida OpenAI barcha uchun ochiq va notijorat tashkilotdan foyda olishga qaratilgan kompaniyaga aylandi. Bu oʻzgarish Maskni qoniqtirmadi.
Yuridik mojarolar
Yaqinda Ilon Mask OpenAI va Sem Altman ustidan sudga daʼvo kiritib, tashkilotning dastlabki notijorat maqsadlariga rioya qilmaganlikda aybladi. Maskning yuridik guruhi OpenAI’ning tijorat tashkilotiga aylanishini toʻxtatish uchun AQShning Kaliforniya shtati Oklend shahridagi federal sudga murojaat qildi. Sudya Ivon Gonsales Rojers aralashuvi bilan jarayon boshlandi. Sudda OpenAI’ning tijorat faoliyatiga oʻtish jarayoniga oid shartnomalar va moliyaviy hujjatlar sinchiklab koʻrib chiqilmoqda.
Omma oldidagi qarama-qarshiliklar
Mask va Al oʻrtasidagi bahslar omma oldida ham davom etmoqda. Ilon Mask X (sobiq Twitter) orqali OpenAI’ning tijoratga yoʻnalishini qoralab, uni “asl missiyasidan chekinish“ deb atadi. Sem Altman esa oʻz blogida OpenAI ilmiy izlanishlari va tijorat faoliyati oʻrtasida nozik muvozanatni saqlash zarurligini taʼkidladi. Mask OpenAI siyosatini tanqid qilar ekan, bu oʻzgarishni ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish uchun zarur moliyaviy qoʻllab-quvvatlash deb himoya qilmoqda.
Ajablanarlisi shundaki, Mark Sukerbergning Meta kompaniyasi ham bu kurashda Mask tomonida turib, OpenAI’ning tijoriylashuviga qarshi chiqmoqda. Ularning fikricha, bu jarayon kompaniyaning notijorat tashkilot sifatida yaratilgan asosiy maqsadlariga zid.
Bu mojaro quyidagi savollarni oʻrtaga chiqaradi:
- Sunʼiy intellekt hammaga ochiq boʻlishi kerakmi yoki yirik korporatsiyalar bundan tijoriy maqsadlarda foydalanishi kerakmi?
- Agar SI ochiq boʻlmasa, uni kim boshqarishi kerak?
Mazkur savollarning javobi aynan ushbu kurash natijasiga borib taqaladi.
Endi nima boʻladi?
Hozirgi sud jarayoni OpenAI faoliyatining yuridik jihatdan qanchalik toʻgʻri tashkil etilganligi va notijorat tashkilotdan tijorat kompaniyaga oʻtish jarayoni qonuniy asosda amalga oshirilgan yoki yoʻqligiga bogʻliq. Agar bu jarayonda huquqiy xatoliklar aniqlansa, Maskning daʼvosi kuchayishi mumkin. Aksincha, OpenAI barcha qonuniy talablarni bajargan boʻlsa, kompaniya oʻz pozitsiyasini muvaffaqiyatli himoya qiladi.
Texnologiya kelajagi uchun bu toʻqnashuv sunʼiy intellektning qanday boshqarilishi kerakligini hal qiluvchi nuqtaga aylanishi mumkin.