SQB 9 oyda 1,4 trln soʻm sof foyda koʻrdi
Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 584,3 mlrd soʻmga yoki 72,9 foizga koʻppoqdir.
Sentabr oyida SQB’ning 30 foizlik ulushi Milliy investitsiya jamgʻarmasiga oʻtkazildi.
Mazkur jamgʻarma London va Toshkent fond birjalarida qoʻshma IPO oʻtkazishi kutilmoqda.

Oʻzsanoatqurilishbank (SQB) 2025 yilning yanvar–sentabr oylarini oʻz ichiga olgan moliyaviy hisobotini eʼlon qildi.
Hisobotga koʻra, bankning sof foydasi 1 trln 386 mlrd soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 584,3 mlrd soʻmga (72,9 foizga) oshgan.
Mazkur natija bilan SQB mamlakatdagi eng koʻp foyda olgan banklar orasida ikkinchi oʻrinni egallashi kutilmoqda, chunki NBU hali oʻz moliyaviy hisobotini eʼlon qilmagan.
Hisobot davrida bank 8 trln soʻmlik foizli daromad hamda 5,2 trln soʻmlik foizsiz daromad olgan.
Xodimlar maoshi va boshqa operatsion xarajatlar uchun 826,2 mlrd soʻm, daromad soligʻi uchun esa 243 mlrd soʻm sarflangan.
SQB foydasi xususiylashtirish oldi sezilarli oshdi
Oʻzbekiston bir necha yillardan beri Oʻzsanoatqurilishbankʼni xususiylshtirishga harakat qilib keladi.
Mamlakatning 2026-28 yillarga moʻljallangan Fiskal strategiyasiga koʻra, bir qator davlat banklari, jumladan SQB’ni xususiylashtirish ham 2025 yildan keyinga koʻchirilgan.
Sentabr oyiga kelib esa Sanoatqurilishbankʼning 30 foizlik ulushi Milliy investitsiya jamgʻarmasi (UzNIF) boshqaruviga oʻtkazildi. Mazkur jamgʻarma boshqaruvi Franklin Templeton investitsiya kompaniyasiga berilgan.
Hozirgi kunda UzNIF taxminan 1,7 milliard dollarlik aktivlarni boshqarmoqda. Jamgʻarma London va Toshkent fond birjalarida qoʻshma IPO (boshlangʻich ommaviy taklif) oʻtkazish imkoniyatini ham koʻrib chiqmoqda.
Avvalroq, Hamkorbank 9 oyda qariyb 1,3 trln soʻm, Kapitalbank esa 1,1 trln soʻm sof foyda olgani xabar qilingan edi.