S&P Oʻzbekistonning kredit reytingini tarixiy eng yuqori darajaga koʻtardi
S&P Global Ratings Oʻzbekistonning suveren kredit reytingini “BB+” darajasiga koʻtardi. Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva buni iqtisodiy islohotlar va muvozanatli moliya siyosati natijasi deb baholadi. Mamlakatning investitsiyaviy reytingga ega boʻlishiga bir pogʻona qoldi.

S&P Global Ratings xalqaro reyting agentligi Oʻzbekistonning uzoq muddatli suveren kredit reytingini “BB”dan “BB+” darajasiga oshirdi. Reyting boʻyicha prognoz “barqaror” darajada saqlab qolindi.
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ushbu natijaga munosabat bildirib, mamlakat tarixida hozirgacha erishilgan eng yuqori kredit reytingi qayd etilganini taʼkidladi.
“Bu yutuq tizimli iqtisodiy islohotlar, muvozanatli moliya siyosati hamda Prezidentimizning uzoqni koʻzlagan strategik yondashuvi samarasidir”, — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Uning bildirishicha, Oʻzbekistonning iqtisodiy natijalarini taqdim etish boʻyicha ishchi guruhning tezkor va ochiq tahliliy muloqotlari ham S&P tomonidan alohida eʼtirof etilgan.
“Yurtimizga boʻlgan ishonchni mustahkamlash, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish yoʻlidagi qatʼiy harakatimizni davom ettiramiz”, — deya qoʻshimcha qildi Prezident administratsiyasi rahbari.
S&P reytingni oshirishda Oʻzbekistonning tashqi moliyaviy pozitsiyasi mustahkamlangani, iqtisodiy siyosat takomillashgani hamda energetika va davlat korxonalaridagi islohotlarni inobatga olgan. Shuningdek, oltin narxining yuqoriligi hisobiga mamlakatning xalqaro zaxiralari koʻpaygani ham ijobiy baholangan.
Taqqoslash uchun, 2025 yil noyabrida agentlik Oʻzbekistonning kredit reytingini “BB−”dan “BB”ga oshirgan edi. Shunday qilib, mamlakat bir yil ichida S&P baholashida ikki pogʻona yuqoriladi.
Hozirgi “BB+” darajasi hali investitsiyaviy reyting hisoblanmaydi. Biroq Oʻzbekiston ushbu maqomni olishiga atigi bir pogʻona qoldi. Buning uchun mamlakatning suveren kredit reytingi “BBB−” darajasiga koʻtarilishi kerak.









