13 822.530 so‘m

increase

25.490

152.020 so‘m

increase

0.210

11 988.320 so‘m

increase

16.920

13 822.530 so‘m

increase

25.490

1 kun avval
Iqtisodiyot
72

S&P Global Oʻzbekistonning suveren kredit reytingini oshirdi

S&P Global Oʻzbekistonning uzoq muddatli suveren reytingini yetti yil ichida birinchi marta “BB” darajasiga oshirdi. Agentlik bunga iqtisodiy siyosatdagi izchillik, energiya islohotlari va oshgan shaffoflikni asos qilib koʻrsatdi. Oltin narxlarining yuqoriligi esa mamlakat tashqi pozitsiyasini mustahkamlab, xalqaro zaxiralarni 59 mlrd dollargacha oshirgani taʼkidlandi.

S&P Global Oʻzbekistonning suveren kredit reytingini oshirdi
Foto: AI / Pinkod.uz

S&P Global xalqaro reyting agentligi Oʻzbekistonning uzoq muddatli suveren kredit reytingini “barqaror” prognoz bilan “BB” darajasiga koʻtardi. Bu soʻnggi yetti yil ichida reytingning birinchi marta oshirilishi hisoblanadi. Bu haqda agentlik oʻz rasmiy saytida maʼlum qildi.

Agentlik ekspertlari soʻnggi yillarda mamlakatda iqtisodiy siyosat izchil kuchayib borayotganini qayd etdi. Xususan, hukumat shaffofligini oshirish, energetika sohasidagi islohotlar hamda tariflarni bosqichma-bosqich liberallashtirish bu jarayonning asosiy omillari sifatida baholandi.

Shuningdek, hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari — foydali qazilmalarni qazib olish, energetika va infratuzilma sohalaridagi tashabbuslar uzoq muddatda iqtisodiy oʻsishga ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligi taʼkidlandi.

“Tashqi tarkibiy zaifliklar saqlanib qolayotganiga qaramay”, oltin narxlarining yuqoriligi mamlakatning tashqi pozitsiyasini sezilarli darajada mustahkamlagan. 2025 yil oktabr oyi oxiriga kelib, Markaziy bankning xalqaro zaxiralari hajmi $59 mlrd ga yetdi. Bu koʻrsatkich 2023 yilga nisbatan qariyb ikki baravar oshgan. Shundan qariyb 80 foizi oltin zaxiralariga toʻgʻri keladi.

Yil boshidan buyon Oʻzbekiston eksportining qariyb 40 foizini oltin tashkil etmoqda. Qimmatbaho metall eksporti milliy valyuta soʻmning mustahkamlanishiga hamda byudjet daromadlarining oshishiga xizmat qildi. Biroq, S&P mutaxassislariga koʻra, kelgusida oltin narxining pasayishi zaxiralarning asta-sekin qisqarishiga olib kelishi mumkin.

Davlat qarzi darajasi reytingi oʻxshash mamlakatlarga nisbatan “oʻrtacha” darajada qolmoqda. Qarzning asosiy qismini investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun jalb qilingan uzoq muddatli va past foizli kreditlar tashkil etadi.

Oʻzbekiston iqtisodiy oʻsish surʼatlari MDH davlatlari orasida eng yuqori koʻrsatkichlardan biri boʻlib qolmoqda. 2025 yilning dastlabki uch choragida YaIM 7,6 foizga oʻsdi. Investitsiyalar iqtisodiy rivojlanishning asosiy drayveri boʻlib, ularning YaIMdagi ulushi 32 foizni tashkil etmoqda.

Biroq, aholi jon boshiga YaIM hali ham nisbatan past darajada, taxminan $3500 atrofida saqlanib turibdi. Aholi sonining tez oʻsishi sababli mehnat bozorida ish oʻrinlari yetishmasligi kuzatilmoqda. Natijada, koʻplab fuqarolar xorijga ishlash uchun chiqmoqda va pul oʻtkazmalari iqtisodiyotda muhim rolni saqlab qolmoqda.

S&P reytingi uchun asosiy salbiy xatarlar qatoriga davlat xarajatlari va qarzga xizmat koʻrsatish xarajatlarining ortib borishi, shuningdek, “kutilmagan shartli majburiyatlar”ning yuzaga kelish ehtimoli kiritilgan. Bundan tashqari, investitsiya loyihalarining past rentabelligi yoki yakuniy qiymatining ortib ketishi YaIM oʻsish surʼatlarini sekinlashtirishi mumkin, bu esa reytingga salbiy taʼsir koʻrsatishi ehtimoldan xoli emas.


May oyi oxirida xalqaro reyting agentligi S&P Global Oʻzbekistonning kredit reytingi boʻyicha prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga koʻtargan edi. Oradan koʻp oʻtmay, iyun oyida yana bir yirik agentlik — Moody’s ham prognozni “ijobiy” darajaga yaxshiladi

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+