S&P Global Oʻzbekistonning kredit reytingi prognozini “ijobiy”ga oʻzgartirdi
Reyting agentligi 2025–2028 yillarda Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotining (YaIM) oʻsish surʼati oʻrtacha 5,6 foiz atrofida boʻlishini taxmin qilmoqda.

S&P Global Ratings xalqaro agentligi Oʻzbekistonning suveren kredit reytingi boʻyicha prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga koʻtardi. Bu haqda tashkilotning 23 may kungi hisobotida keltirib oʻtilgan.
Shu bilan birga, mamlakatning xorijiy va milliy valyutadagi uzoq va qisqa muddatli suveren kredit reytinglari ‘BB-/B’ darajasida saqlab qolindi. Bu qaror Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda olib borilayotgan chuqur iqtisodiy islohotlar, fiskal barqarorlikka erishish yoʻlidagi qatʼiy choralar va tashqi iqtisodiy muvozanatning saqlanib qolayotgani bilan izohlanmoqda.
Agentlik oʻz bayonotida taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston hukumati 2017 yildan buyon keng koʻlamli iqtisodiy va boshqaruv islohotlarini amalga oshirib kelmoqda. Xususan, energiya resurslari narxlarini bozor mexanizmlariga moslashtirish, davlatga tegishli yirik korxonalarni transformatsiya qilish, fiskal intizomni mustahkamlash va davlat byudjetining shaffofligini oshirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. S&P ushbu islohotlarning davom ettirilishini Oʻzbekistonning kredit qobiliyati uchun ijobiy omil sifatida baholamoqda.
Reyting agentligi 2025–2028 yillarda Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotining (YaIM) oʻsish surʼati oʻrtacha 5,6% atrofida boʻlishini taxmin qilmoqda. Bu prognoz asosan ichki isteʼmolning ortishi, investitsiyalarning koʻpayishi hamda eksport hajmining oshishi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, hukumat 2027 yilgacha elektr energiyasi va gaz tariflarini bosqichma-bosqich xarajatlarni qoplash darajasiga yetkazishni rejalashtirgan. Bu esa energetika sohasining moliyaviy barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, YaIMning yuqori nominal oʻsishi Oʻzbekistonga byudjet taqchilligini 2023 yildagi 4,9 foizdan va 2024 yildagi 3,3 foizdan 2025-2028 yillar davomida oʻrtacha YaIMning 3,0 foizigacha kamaytirish imkonini berishi kutilmoqda. Fiskal barqarorlikka erishishda oltin narxlarining yuqoriligi va eksportdan tushadigan daromadlar muhim rol oʻynamoqda. Oʻzbekistonning oltin eksportiga tayanishi xorijiy valyuta tushumlarini barqarorlashtirib, davlat moliyaviy holatiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Biroq, reyting agentligi ayrim zaif jihatlarni ham taʼkidlab oʻtdi. Jumladan, bank sektorida dollarlashuv darajasi hali ham yuqori boʻlib, bu monetar siyosatni olib borishda muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Shu bilan birga, hukumat qarorlarining moliya va monetar siyosat sohalarida markazlashuvi institutsional rivojlanishga bosim koʻrsatmoqda.
S&P Global reytingning oshishi ehtimoli haqida ham fikr bildirgan. Agar hukumat islohotlarni davom ettirsa, energiya va korporativ sektorni liberallashtirishda oldinga siljisa va byudjet tartibini saqlab qolsa, Oʻzbekiston reytingining kelgusida oshirilishi mumkin. Aksincha, tashqi iqtisodiy sharoitlarning yomonlashuvi, davlat qarzining ortishi yoki fiskal intizomning buzilishi reyting prognozining pasayishiga olib kelishi mumkin.