Shveysariya sudi Gulnora Karimovaga oid pul yuvish ishi boʻyicha sud jarayonini toʻxtatdi
Shveysariya Federal jinoiy sudi Gulnora Karimovaga qarshi pul yuvish va jinoiy guruh tuzish boʻyicha ochilgan ishni toʻxtatdi. Sud bu qarorni Karimovaning Oʻzbekistonda jazo muddatini oʻtayotgani sababli sud majlislarida shaxsan ishtirok eta olmasligi va hukm oʻqilgunga qadar ayblovlar boʻyicha javobgarlik muddatining tugashi bilan izohladi.

Shveysariyaning Federal jinoiy sudi Gulnora Karimovaga nisbatan pul yuvish boʻyicha sud ishini uning Oʻzbekistonni tark eta olmasligi sababli toʻxtatdi.
Sudning maʼlum qilishicha, ayblovlar boʻyicha javobgarlik muddati tugashidan oldin hukm chiqarishning imkoni yoʻq. Bu haqda Shveysariyaning SRF teleradiokompaniyasi sudyaga tayanib xabar berdi.
Avval ayblovlarni rad etgan Gulnora Karimova pora olish va “Ofis” deb nomlangan jinoiy tuzilmani boshqarishda ayblanmoqda. Unga koʻra, ushbu tuzilma 2005–2013 yillar davomida yuzlab million dollar mablagʻni Shveysariyadagi hisob raqamlariga yoʻnaltirgan.
Bu keys Shveysariya jinoiy odil sudlovi tarixida birinchi marta Federal jinoyat sudi tinglovlarni oʻtkazish uchun xorijga safar qilgani bilan ajralib turadi.
Karimovaning advokati Greguar Manjya Reuters agentligiga bergan izohida, “Bugungi qaror Shveysariya qonunchiligiga koʻra oqlovga teng,” dedi.
Advokatning aytishicha, sud jarayonini davom ettirishga doimiy toʻsqinlik mavjud. Buning sababi Karimova 2014 yildan beri Oʻzbekistonda 13 yil-u 4 oylik jazo muddatini oʻtamoqda. U kamida 2028 yil dekabr oyigacha jazoni ijro etish muassasida saqlanadi.
Shu bilan birga, Shveysariya Bosh prokuraturasi ilgari surgan ayblovlar boʻyicha javobgarlik muddati ham oʻsha yil davomida tugaydi.









