11 833.370 so‘m

increase

35.910

13 577.610 so‘m

decrease

-30.760

139.790 so‘m

increase

0.020

11 833.370 so‘m

increase

35.910

1 soat avval
Iqtisodiyot
64

Sayohat chekidan mobil bankinggacha: Oʻzbekiston moliya tizimi 30 yilda qanday oʻzgardi?

Keyingi 30 yil ichida Oʻzbekiston moliya tizimi naqd pul taqchilligi, 15–20 foizlik “obnal” va qora valyuta bozori kabi davrlarni ham boshdan kechirdi. Pinkod mamlakatning pul, bank va valyuta tizimi bir avlod ichida qanday oʻzgarganini tahlil qildi.

Sayohat chekidan mobil bankinggacha: Oʻzbekiston moliya tizimi 30 yilda qanday oʻzgardi?

Ijtimoiy tarmoqlarda 1995 yilda Oʻzbekistonda suratga olingan arxiv video mashhur boʻldi. Unda britaniyalik sayyoh va teleboshlovchi Ien Raytning mamlakat boʻylab safari, jumladan, “Oʻzsanoatqurilishbank”da sayohat chekini naqdlashtirishga urinayotgani aks etgan.

Bugungi kundan qaraganda til muammosi, qogʻoz hujjatlar, uzoq bank amaliyotlari va naqd pulga yetib borishdagi qiyinchiliklar gʻalati koʻrinadi. Ammo video aslida Oʻzbekiston moliya tizimining bundan 30 yil oldingi holatini juda aniq koʻrsatib beradi.

Oʻsha paytda milliy valyuta endigina joriy etilgan, elektron banklararo toʻlovlar ilk bosqichda, valyuta bozori esa qatʼiy nazorat ostida edi. Keyingi yigirma yil ichida esa boshqa muammolar paydo boʻldi. Maosh kartaga tushib, uni naqdlashtirish uchun ayrim hollarda 15–20 foizgacha “obnal” haqi toʻlanardi, dollar esa rasmiy kursdan tashqari qora bozorda mutlaqo boshqa narxda sotilar edi.

2017 yilgi valyuta liberalizatsiyasi ana shu tizimdagi eng katta burilishlardan biriga aylandi. Oradan qariyb oʻn yil oʻtib, Oʻzbekistonda oʻnlab million bank kartalari muomalada, toʻlovlar soniyalar ichida amalga oshiriladi, valyutani esa bank ilovasining oʻzida sotib olish mumkin.

Birgina arxiv videosi shu tariqa Oʻzbekistonning pul, bank va valyuta tizimi bir avlod ichida qanchalik oʻzgarganini koʻrsatadigan tarixiy hujjatga aylanadi.

Yangi pul, eski tizim

Rayt Oʻzbekistonga kelganida soʻmning oʻzi ham atigi bir yoshdan oshgan edi.

Milliy valyuta 1994 yil 1 iyulda muomalaga kiritildi. Mustaqil pul-kredit tizimi, valyuta bozori, banklararo hisob-kitob va zamonaviy bank infratuzilmasi esa hali shakllanish jarayonida edi.

Hatto banklar oʻrtasida pul oʻtkazish ham bugungidek bir necha soniyalik amaliyot emasdi. Markaziy bank tarixiy maʼlumotlariga koʻra, 1990 yillar boshida toʻlov hujjatlari pochta orqali yuborilgan va ayrim hisob-kitoblar bir oydan ikki oygacha choʻzilishi mumkin edi.

1995 yilda esa Oʻzbekistonda elektron banklararo toʻlov tizimi joriy etila boshladi. 1997 yilga kelib hududlararo toʻlovlarni amalga oshirish vaqti 15 daqiqagacha qisqardi.

Yaʼni Rayt bank kassasi oldida sayohat chekini naqdlashtirishga urinayotgan bir vaqtda mamlakatning oʻzi qogʻozga asoslangan moliya tizimidan elektron hisob-kitoblarga oʻtishni endigina boshlayotgan edi.

Keyingi yigirma yil esa bir qarashda ziddiyatli tarixni yaratdi. Texnologiya oldinga yurdi, biroq puldan erkin foydalanish muammosi uzoq vaqt saqlanib qoldi.

Odamlar banklarda deyarli pul saqlamagan

1995 yildagi yana bir muhim koʻrsatkich aholining bank tizimiga munosabatidir.

Jahon banki hisob-kitobiga koʻra, oʻsha yili soʻmdagi bank depozitlari yalpi ichki mahsulotning atigi 7 foiziga teng boʻlgan. Eng eʼtiborlisi, jismoniy shaxslarning jamgʻarmalari jami bank depozitlarining atigi 8 foizini tashkil etgan.

Yuqori inflyatsiya va milliy valyutaga ishonchning pastligi sabab dollar, ayirboshlash hamda tovar bilan hisob-kitob qilish keng tarqalgan edi.

2026 yil 1 avgust holatiga esa Oʻzbekiston banklaridagi jami depozitlar 482,7 trln soʻmga yetgan. Shundan 185,2 trln soʻmi jismoniy shaxslarga tegishli. Bu jami depozitlarning qariyb 38 foizi degani.

Demak, 30 yil avval banklardagi har 100 soʻmlik depozitning taxminan 8 soʻmi aholiga tegishli boʻlgan boʻlsa, bugun qariyb 38 soʻmi jismoniy shaxslar hissasiga toʻgʻri keladi.

Plastik karta bor edi. Naqd pul esa yoʻq edi

2000 yillarda bank kartalarining ommalashishi Oʻzbekiston moliya tizimini zamonaviylashtirish vositasi sifatida koʻrilgan.

Maoshlar, pensiyalar va boshqa toʻlovlarning tobora katta qismi plastik kartalarga oʻtkazila boshladi. Markaziy bankning 2015 yilda tarqalgan maʼlumotlarida oʻsha vaqtda ish haqi va ijtimoiy toʻlovlarning oʻrtacha 50 foizi kartalarga tushayotgani qayd etilgan.

Ammo muammo kartaning oʻzida emasdi. Muammo kartadagi pul bilan koʻchadagi pul bir xil qiymatga ega boʻlmay qolganida edi.

Naqd pul taqchilligi sabab odam oʻz hisobidagi mablagʻni xohlagan paytida bankdan naqd shaklda ololmasdi. Bozorlarda, transportda va kichik savdoda esa naqd pulga ehtiyoj saqlanib qolgan.

Natijada norasmiy “obnal” bozori paydo boʻldi.

2009 yildayoq Urush va tinchlikni yoritish instituti Oʻzbekistonda kartadagi pulni naqdlashtirib beradigan vositachilar xizmat haqi sifatida 15–20 foiz olayotgani haqida yozgan.

2016 yilga kelib ham muammo saqlanib qolgan. “Yevrazianet” bilan suhbatlashgan tadbirkorlar bank kartasidagi mablagʻni naqdlashtirish uchun 18–20 foizgacha vositachilik haqi toʻlayotganini aytgan. Oʻsha davrdagi boshqa xabarlarda doʻkonlar orqali “obnal” qilish 13–18 foiz, ayrim bank amaliyotlarida esa 20 foizgacha tushishi qayd etilgan. Bu rasmiy tarif emas, oʻsha davrdagi norasmiy amaliyot haqidagi jurnalistik kuzatuv va suhbatlarga asoslangan maʼlumotlar edi.

Amalda bu juda oddiy iqtisodiy hisob-kitobga aylanardi.

Kartangizda 1 mln soʻm maosh turibdi. Ammo sizga bozor, transport yoki boshqa xarajat uchun naqd pul kerak. 20 foizlik “obnal”da oʻsha 1 mln soʻm qoʻlingizga 800 ming soʻm boʻlib yetib kelardi.

Shu tariqa bank kartasi zamonaviy moliyaviy vosita boʻlish bilan birga, ayrim odamlar uchun oʻz pulidan erkin foydalana olmaslik ramziga ham aylangandi.

Dollarning ham ikki narxi bor edi

Naqd pul muammosidan ham kattaroq buzilish valyuta bozorida kuzatilardi.

Uzoq vaqt davomida Oʻzbekistonda dollar uchun amalda ikkita narx mavjud boʻldi. Bular Markaziy bank belgilaydigan rasmiy kurs va talab hamda taklif asosida shakllanadigan parallel qora bozor kursi edi.

Rasmiy kurs qogʻozda mavjud edi. Ammo biznes yoki aholi oʻsha kurs boʻyicha kerakli miqdorda dollar sotib olish imkoniga har doim ham ega emasdi.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi keyinchalik oʻsha tizimni shunday tavsiflagan.

Xorijiy valyuta rasmiy kurs boʻyicha imtiyozli mijozlar va ayrim faoliyat turlariga taqsimlangan, qolgan talab esa qora bozorga chiqib ketgan.

2014 yildan keyin tashqi iqtisodiy sharoit yomonlashgani sari parallel bozordagi dollar narxi rasmiy kursdan 100 foizdan ham koʻproq yuqorilagan davrlar boʻlgan.

Bu shunchaki “valyutfurushlar” muammosi emasdi.

Ikki kurs deyarli butun iqtisodiyotga taʼsir qilardi.

Importchi rasmiy kurs boʻyicha dollar ololmasa, valyutani parallel bozordan qimmatroq sotib olardi. Bu xarajat import qilinayotgan mahsulot narxiga qoʻshilardi. Rasmiy kursda arzon koʻringan dollar haqiqiy iqtisodiyotda ancha qimmatga tushardi.

Natijada rasmiy statistikadagi kurs bilan odam va biznes duch kelayotgan haqiqiy kurs oʻrtasida tafovut paydo boʻldi.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasining keyingi tadqiqoti shuni koʻrsatadiki, 2017 yilda soʻm rasman keskin qadrsizlanganda inflyatsiyada shunga teng bir martalik sakrash yuz bermagan. Sababi iqtisodiyotdagi koʻplab narxlar allaqachon parallel bozor kursini hisobga olgan holda shakllanayotgan edi.

Boshqacha aytganda, 2017 yil sentabrida davlat dollarni birdan ikki baravar qimmatlashtirib yubormadi.

Rasmiy kurs koʻp jihatdan bozorda allaqachon mavjud boʻlgan narxga yaqinlashtirildi.

2017 yil 5 sentabr. Dollar kursi 4 210 soʻmdan 8 100 soʻmgacha koʻtarildi

Oʻzbekiston moliya tizimidagi eng muhim sanalardan biri 2017 yil 5 sentabr hisoblanadi. Bu kun har yili eslab turishga ham arziydi.

Ushbu kundan uch kun oldin Prezidentning PF-5177-son farmoni qabul qilindi. Hujjatda jismoniy va yuridik shaxslarga xorijiy valyutani erkin sotib olish va sotish imkoniyatini taʼminlash, kursni shakllantirishda bozor mexanizmlariga oʻtish hamda valyuta resurslarini maʼmuriy taqsimlashdan voz kechish asosiy yoʻnalishlardan biri sifatida belgilandi.

5 sentabrdan yangi tizim ishga tushdi.

Markaziy bank bir dollar uchun rasmiy kursni 8 100 soʻm etib belgiladi. Bungacha kurs qariyb 4 200 soʻm atrofida edi. Rasmiy kurs shu tariqa deyarli ikki baravar oʻzgardi. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi hisob-kitobiga koʻra, kursning bir martalik qadrsizlanishi qariyb 50 foizni tashkil etdi.

Ammo islohotning asosiy mazmuni raqamning oʻzi emasdi.

Yuridik shaxslarga import, kredit toʻlovlari, foydani mamlakatdan olib chiqish va boshqa joriy xalqaro amaliyotlar uchun banklardan valyuta sotib olish imkoniyati ochildi. Fuqarolar esa banklar orqali xorijiy valyutani sotish va konversiya amaliyotlarini amalga oshirish imkoniga ega boʻldi.

Eng muhimi, rasmiy va parallel kurs oʻrtasidagi tafovut keskin qisqardi.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi 2018 yildagi bahosida aynan valyuta bozorining ochilishi hamda rasmiy va parallel kurslarning birlashtirilishini Oʻzbekistondagi oʻsha davr iqtisodiy islohotlarining eng muhim qadamlaridan biri deb qayd etgan.

Bu bank tizimidagi bitta texnik oʻzgarish emasdi.

Korxonalarning import qilish usuli oʻzgardi. Sarmoyador uchun foydani mamlakatdan olib chiqish imkoniyati yaxshilandi. Eksportchilar uchun ayrim majburiy valyuta sotish talablari bekor qilindi. Dollar kursi qancha ekanini bilish uchun qora bozor narxini qidirish zarurati asta-sekin yoʻqoldi.

Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun 2017 yil shu sabab “kurs oʻzgargan yil”dan koʻra kattaroq voqea edi.

Bu pulning rasmiy narxi bilan haqiqiy narxini bir-biriga yaqinlashtirish boshlangan yil edi.

Pul nihoyat pulga aylana boshladi

Valyuta bozorining ochilishi barcha muammolarni birdaniga hal qilmadi.

Oʻsha paytlarda inflyatsiya ham yuqori darajada, bank sohasida davlatning ulushi katta edi. Kredit bozorida imtiyozli va bozor shartlaridagi moliyalashtirish oʻrtasidagi tafovut saqlanib qoldi. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ham islohotlardan keyingi davrda narxlarni erkinlashtirish, davlat korxonalarini isloh qilish va bank tizimini bozor tamoyillariga yaqinlashtirish zarurligini qayd etgan.

Ammo kundalik hayot nuqtai nazaridan yanada asosiy oʻzgarish sodir boʻldi.

Kartadagi 100 ming soʻm bilan choʻntakdagi 100 ming soʻm oʻrtasidagi farq asta-sekin yoʻqoldi.

Naqd pul olish oddiy bank xizmatiga aylandi. Bankomatlar koʻpaydi. Valyuta ayirboshlash bank tizimiga qaytdi. Keyin mobil banking, kartadan kartaga pul oʻtkazmalari, tezkor javob ramzi orqali toʻlovlar va toʻlov ilovalari kirib keldi.

Bu jarayon qanchalik uzoqqa borgani bugungi raqamlarda koʻrinadi.

2026 yil 1 iyul holatiga Oʻzbekistonda 74,6 mln bank kartasi, 448 mingdan ortiq toʻlov terminali hamda 46,7 mingta bankomat va axborot kioski mavjud edi. Faqat 2026 yilning dastlabki olti oyida toʻlov terminallari va elektron toʻlov terminallari orqali 322,5 trln soʻmlik toʻlov amalga oshirilgan.

2026 yil 1 avgustga kelib tijorat banklarining jami aktivlari 1 016,6 trln soʻm, kredit portfeli 644,6 trln soʻm, depozitlar esa 482,7 trln soʻmga yetdi. Jismoniy shaxslarning oʻzida 185,2 trln soʻmlik depozit mavjud.

Albatta, 74,6 mln karta 74,6 mln mijoz degani emas. Bir odamda bir nechta karta boʻlishi mumkin. Lekin koʻrsatkich moliyaviy infratuzilmaning qanchalik oʻzgarganini koʻrsatadi.

Muammolarning oʻzi oʻzgardi

1995 yilda Oʻzbekistonga kelgan xorijlik sayyoh oddiy qogʻoz sayohat chekini naqdlashtirish uchun bankma-bank yurishga majbur edi.

Oradan yigirma yil oʻtib, muammo boshqa koʻrinishga keldi. 2010 yillarning oʻrtalarida ayrim oʻzbekistonliklar oʻz maoshini bank kartasidan naqdga aylantirish uchun pulining 15–20 foizgacha qismini yoʻqotishi mumkin edi. Dollar masalasi esa undan ham murakkabroq edi. Bankdagi rasmiy kurs bilan koʻchadagi haqiqiy narx oʻrtasida katta tafovut mavjud edi.

Bugun esa bank tizimi haqidagi bahslarning oʻzi oʻzgargan. Endi savollar koʻproq kredit nega qimmatligi, qaysi bank ilovasi qulayroq ishlashi, depozit foizi qancha ekani, pul oʻtkazmasi necha soniyada yetib borishi yoki mijozni firibgarlikdan qanday himoya qilish mumkinligi haqida.

Bu, albatta, bugungi bank tizimi mukammal degani emas. 2026 yil 1 avgust holatiga davlat ulushi mavjud banklar hamon tizim aktivlarining 62 foizini nazorat qilmoqda. Kreditlarning qimmatligi, davlat banklarining oʻrni, raqobat darajasi va muammoli kreditlar masalasi hamon kun tartibida.

Ammo uch oʻn yillikdagi eng katta farq boshqa joyda.

1995 yilda asosiy muammo pulga qanday yetib borish edi. 2016 yilda esa odamlar oʻz pulini qanday naqdlashtirish va dollarni qayerdan topishni oʻylardi. Bugun esa savol tobora koʻproq pulning narxi, xizmat tezligi va banklar oʻrtasidagi sifat farqi haqida ketmoqda.

Shu maʼnoda Ien Raytning bankdagi bir necha daqiqalik sarguzashti shunchaki 1990 yillardan qolgan kulgili arxiv lavhasi emas. U Oʻzbekiston moliya tizimi bir avlod davomida qayerdan qayerga kelganini koʻrsatadigan juda aniq boshlangʻich nuqtadir.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+