Rustam Rahmatov IMAN bosh direktorligidan ketadi
Rustam Rahmatov kompaniyaning kundalik boshqaruvini mutaxassislarga topshirib, kuzatuv kengashiga oʻtadi. Avvalroq IFCB kengashi aʼzosi Mahmud Usmon uning rahbarlikdan ketishini talab qilganini aytgan edi. Yangi bosh direktor kim boʻlishi va almashinuv sanasi hozircha ochiqlanmagan.

IMAN Holding asoschisi Rustam Rahmatov bosh direktorlikni topshirib, faoliyatini kuzatuv kengashi aʼzosi sifatida davom ettiradi. Bu haqda kompaniyaning rasmiy bayonotida maʼlum qilindi.
Ijro boshqaruvi tajribali mutaxassislarga oʻtkazilishi aytilgan. Yangi rahbar kim boʻlishi va almashinuv qachon amalga oshishi hozircha ochiqlanmagan. Kuzatuv kengashi raisi va aʼzolari tarkibi yaqin kunlarda eʼlon qilinadi.
Avvalroq IFCB kengashi aʼzosi Mahmud Usmon Rahmatovning kompaniya rahbarligidan ketishi va oʻrniga boshqa rahbar tayinlanishini talab qilganini aytgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, Rahmatovni qoʻllab-quvvatlagan maslahatchilar ham unga “Siz ketmasangiz boʻlmaydi”, degan. Usmon ayrim mutaxassislar Rahmatov ketmagani sababli kompaniyani tark etganini ham daʼvo qilgan.
Boshqaruvdagi oʻzgarishlar IFCB kompaniya faoliyatini islom moliyasi mezonlariga muvofiq emas deb baholab, hamkorlikni toʻxtatganidan keyin eʼlon qilindi. Kengash investorlar mablagʻlaridan foydalanish, avtomobillar xaridi va boshqaruv xarajatlari boʻyicha eʼtirozlar bildirgan edi.
IMAN yangi bayonotida 20 mln dollarlik kamomad mavjudligini rad etdi, biroq ayrim moliyaviy amaliyotlarda xatolar boʻlganini tan oldi. Kompaniyaga koʻra, Rahmatov uchun olingan Mercedes sotilib, mablagʻlar fondga qaytarilgan, BYD boʻyicha qarzdorlik esa yopilgan. Boshqaruvchi kompaniyaning fond oldidagi 2,97 mln dollarlik qarzini noyabrdan boshlab olti oy ichida qaytarish vaʼda qilingan.
Shuningdek, IMAN uch nafar olimdan iborat sharʼiy kengash tuzishini bildirdi. “Usmani’s” kompaniyasi bilan tashqi sharʼiy audit boshlangan, mustaqil moliyaviy auditorlarni jalb qilish ishlari ham olib borilmoqda. Tekshiruv natijalarini toʻliq ochiqlash vaʼda qilingan.









