11 853.550 so‘m

increase

6.390

13 869.840 so‘m

increase

26.430

141.860 so‘m

increase

0.420

11 853.550 so‘m

increase

6.390

38 daqiqa avval
Bank
52

Raqamli valyuta sinovi va 50 mln dollarlik venchur fond: Markaziy bank yangi fintex loyihalarini eʼlon qildi

Markaziy bank CBDC (Markaziy bank raqamli valyutasi) boʻyicha tadqiqot oʻtkazish, Innovatsion xabni ishga tushirish va 50 mln dollarlik venchur fondni shakllantirishni rejalashtirmoqda. 

2030 yilgacha fintex-startaplarga 1 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilish, bozor ishtirokchilarini 200 taga yetkazish va 5 ming yoshni oʻqitish maqsad qilingan.  

Shuningdek, UzQR va ochiq banking tizimlarini rivojlantirish hamda HUMO va UZCARD’ning xorijdagi qamrovini kengaytirish koʻzda tutilgan. 

Raqamli valyuta sinovi va 50 mln dollarlik venchur fond: Markaziy bank yangi fintex loyihalarini eʼlon qildi

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 24 avgust kuni Toshkentda boshlangan Silk Road Finance & Technology Forum’dagi nutqida Oʻzbekiston moliya bozorida amalga oshiriladigan bir qator yangi loyihalarni eʼlon qildi.

Ularning eng muhimlaridan biri Markaziy bank raqamli valyutasi, yaʼni CBDC (Central bank digital currency) boʻyicha tadqiqot oʻtkazilishidir. 

Regulyator eʼlon qiladigan “oq qogʻoz”da raqamli valyutadan foydalanish holatlari, texnik dizayn variantlari, asosiy xatarlar hamda uning mamlakat moliya tizimiga taʼsiri tahlil qilinadi.

Markaziy bank ushbu tadqiqot natijalaridan tajriba-sinov bosqichini boshlashda foydalanmoqchi. Biroq hozircha “raqamli soʻm”ni muomalaga chiqarish toʻgʻrisida yakuniy qaror qabul qilinmagan, uning shakli va ishga tushirilish muddati ham maʼlum emas.

CBDC’ni sinash vazifasi prezidentning 2025 yil noyabrda qabul qilingan PQ–359-son qarorida ham belgilangan. Hujjatga koʻra, Markaziy bank raqamli valyutani toʻlov vositasi sifatida tajriba-sinovdan oʻtkazish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqishi kerak edi.

Forumda Oʻzbekistonning 2026–2030 yillarga moʻljallangan Milliy fintex strategiyasi ham taqdim etildi. U innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash, moliyaviy infratuzilmani yangilash, tartibga solish tizimini takomillashtirish hamda startaplarning kapital va malakali kadrlarga kirishini kengaytirishni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, Markaziy bank huzurida Innovatsion xab tashkil etilgan. U 2026 yilning toʻrtinchi choragidan ilk rezidentlarni qabul qilib, fintex-startaplarga inkubatsiya, akseleratsiya, regulyator bilan ishlash va mahsulotlarni pilot shaklda sinash imkonini beradi.

Xabdan oʻtgan istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish uchun alohida venchur fondi ham tuzilgan. Markaziy bank hozir uni boshqarish uchun tajribali xalqaro kompaniyalar bilan muzokara olib bormoqda.

Fondning ustav kapitali 50 mln dollar ekvivalentida belgilangan. Biroq bu mablagʻ bir yoʻla ajratilmaydi — kapital 2026–2030 yillarda Markaziy bankning sof foydasi hisobidan bosqichma-bosqich shakllantiriladi.

Umuman, 2030 yilgacha Oʻzbekiston fintex-startaplariga 1 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, bozor ishtirokchilari sonini kamida 200 taga, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlaridan oʻtgan startaplarni esa 100 taga yetkazish maqsad qilingan.

Taqqoslash uchun, Timur Ishmetov keltirgan maʼlumotga koʻra, 2025 yilda butun Markaziy Osiyoda venchur moliyalashtirish hajmi qariyb 320 mln dollarni tashkil qilgan. Shu jihatdan faqat Oʻzbekiston fintex-startaplariga besh yil ichida 1 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilish maqsadi mintaqadagi hozirgi bozor hajmiga nisbatan ancha yuqori koʻrsatkich hisoblanadi.

Yana 5 ming yosh fintex yoʻnalishida oʻqitiladi. Dastlabki guruh 2026 yil oxirigacha Singapur universitetlari va Global Finance & Technology Network bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan dastur asosida tahsil olishni boshlaydi.

Markaziy bank yagona UzQR tizimi, ochiq banking API’lari, hisobdan-hisobga bir necha soniyada pul oʻtkazish hamda sunʼiy intellektga asoslangan muqobil kredit skoringi ustida ham ishlamoqda. Regulyatorga koʻra, hozir Oʻzbekistondagi toʻlovlarning 57 foizi naqdsiz shaklda amalga oshirilmoqda.

Transchegaraviy toʻlovlar ham kengaytirilmoqda. HUMO kartalari 2026 yil fevralidan Qozogʻistondagi Halyk Bank terminallarida qabul qilinmoqda, 13 avgustdan esa ushbu bankning bankomatlaridan naqd pul yechish imkoniyati ishga tushirilgan. Bunda valyuta real vaqt rejimida avtomatik konvertatsiya qilinadi va karta egasidan qoʻshimcha komissiya undirilmaydi.

HUMO’ning Qirgʻizistondagi Elcard tizimi bilan integratsiyasiga Aiyl Bank, BTB va KICB ulangan. MBank ham qoʻshilgach, xizmatning mamlakatdagi qamrovi 51 foizga yetishi kutilmoqda.

UZCARD infratuzilmasida esa Visa, Discover va Diners Club kartalarini qabul qilish yoʻlga qoʻyilgan. Elcard bilan toʻgʻridan-toʻgʻri P2P oʻtkazmalari 2025 yildan ishlamoqda, Mastercard va UnionPay bilan kobeyjing hamda Turkiyaning PTT Bank’i bilan integratsiya loyihalari ishlab chiqilmoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+