“Oʻzbektelekom”ning I yarim yillikdagi sof foydasi qariyb 90 baravarga oshdi
Oʻzbektelekom 2026 yilning birinchi yarim yilligida 896 mlrd soʻm sof foyda oldi. Bu oʻtgan yilning mos davridagi koʻrsatkichdan 89,5 baravar koʻp.
Foydaning keskin oshishiga asosiy faoliyat natijalarining yaxshilanishi hamda valyuta kursi farqidan koʻrilgan zararning kamayishi taʼsir qilgan.

“Oʻzbektelekom” 2026 yilning birinchi yarim yilligida 896 mlrd soʻm sof foyda oldi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 89,5 baravar koʻp.
Kompaniyaning sof foydasi oʻtgan yilning yanvar–iyun oylarida 10 mlrd soʻmni tashkil etgandi. Bir yil ichida koʻrsatkich qariyb 886 mlrd soʻmga oshgan.
“Oʻzbektelekom”ning xizmatlar koʻrsatishdan tushgan sof tushumi 12,6 foizga koʻpayib, 5,77 trln soʻmga yetgan. Xizmatlar tannarxi esa 3,7 foizga oʻsib, 3,41 trln soʻmni tashkil etgan.
Natijada kompaniyaning yalpi foydasi 28,5 foizga oshib, 2,36 trln soʻmga yetdi. Asosiy faoliyatdan olingan foyda esa 848,4 mlrd soʻmdan 1,24 trln soʻmgacha koʻpaygan.
Sof foydaning keskin oshishiga valyuta kursi farqlari ham taʼsir qilgan. Kompaniyaning kurs farqidan koʻrgan zarari 801,2 mlrd soʻmdan 380,5 mlrd soʻmgacha kamaygan. Ayni paytda kurs farqidan olingan daromad 241,4 mlrd soʻmdan 429 mlrd soʻmga oshgan.
Shu tariqa, valyuta kursi farqlarining sof natijasi oʻtgan yilgi 559,8 mlrd soʻmlik zarardan 48,5 mlrd soʻmlik daromadga aylangan.
“Oʻzbektelekom”ning soliq toʻlashdan oldingi foydasi 22,3 mlrd soʻmdan 1,03 trln soʻmga yetgan. Kompaniya 138,1 mlrd soʻm foyda soligʻi hisoblaganidan keyin 896 mlrd soʻm sof foyda qolgan.
Hisobot davri yakunida kompaniya aktivlari 17,28 trln soʻmni tashkil etdi. Bu yil boshiga nisbatan 3,75 trln soʻm yoki 27,7 foizga koʻp.
Shu bilan birga, “Oʻzbektelekom”ning uzoq muddatli bank kreditlari 5,63 trln soʻmdan 7,71 trln soʻmgacha oshgan. Kompaniyaning jami majburiyatlari esa qariyb 14 trln soʻmga yetgan.









