“Oʻzbektelekom” ustav kapitalini qariyb 1 trln soʻmga yetkazmoqda
Kompaniya qoʻshimcha aksiyalar chiqarish orqali ustav fondini 326,2 mlrd soʻmdan 978,5 mlrd soʻmga yetkazishni rejalashtirmoqda. Emissiya 2019–2024 yillardagi sof foyda hisobidan amalga oshiriladi va aksiyalar amaldagi aksiyadorlar oʻrtasida yopiq obuna yoʻli bilan taqsimlanadi.

“Oʻzbektelekom” AJ oʻzining ustav fondini qariyb ikki barobarga oshirib, 978,5 mlrd soʻmga yetkazish boʻyicha yirik qaror qabul qildi. Bu haqda bank korporativ maʼlumotida keltirib oʻtilgan.
Qarorga koʻra, kompaniyaning ustav fondi hozirda 326,2 mlrd soʻmni tashkil qiladi. Chiqarilish natijasida ustav kapitali 652,3 mlrd soʻmga koʻpayib, 978,5 mlrd soʻmga yetkaziladi.
Ustav fondini oshirish 2019–2024 yillar yakuni boʻyicha olingan sof foyda hamda 2019 yilda amalga oshirilgan kapitallashtirish qoldigʻi hisobidan amalga oshiriladi.
Shu doirada nominal qiymati 1 154 soʻm boʻlgan 565 288 658 dona qoʻshimcha aksiya chiqariladi. Ularning 545 559 686 donasi oddiy, 19 728 972 donasi esa imtiyozli aksiyalardan iborat.
Aksiyalar mavjud aksiyadorlar oʻrtasida har 1 dona aksiyaga qoʻshimcha 2 dona aksiya nisbatida, yaʼni proporsional ravishda yopiq obuna yoʻli bilan nominal qiymatda joylashtiriladi.
Aksiyalarni joylashtirish ushbu chiqarilish davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab bir oy ichida amalga oshiriladi. Joylashtirish anderrayter jalb qilinmagan holda va birjadan tashqari uyushmagan bozorda oʻtkaziladi.
Avvalroq fond birjasida kompaniya aksiyalari bilan savdolar vaqtincha toʻxtatilgan edi.
Kuzatuv kengashi qaroriga muvofiq, 25 fevraldan boshlab ikki oy muddatga savdolar toʻxtatildi. Bu qarorga qoʻshimcha aksiyalar chiqarish orqali ustav kapitalini oshirish jarayoni sabab boʻlgan.









