“Oʻzbekneftegaz” sohaga oid boʻlmagan homiylikni toʻxtatishni futbol klublaridan boshladi
“Oʻzbekneftegaz” AJ oʻz tasarrufidagi “Nasaf”, “Buxoro” va “Bunyodkor” futbol klublariga koʻrsatib kelinayotgan homiylikni toʻxtatadi. Qaror prezidentning 59-sonli farmoyishi asosida, sohaga aloqador boʻlmagan xarajatlarni qisqartirish doirasida qabul qilingan.

“Oʻzbekneftegaz” aksiyadorlik jamiyati futbol klublariga koʻrsatib kelinayotgan homiylik yordamini toʻxtatadi. Jamiyat Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasiga rasmiy xat yoʻllab, oʻz tasarrufidagi futbol klublarini moliyalashtirish bekor qilinishini maʼlum qilgan.
Bu haqda GoSport va Penalty sahifalari oʻz manbalariga tayanib xabar berdi.
Kompaniyaning mazkur qarori natijasida “Nasaf”, “Buxoro” va “Bunyodkor” futbol klublari asosiy homiylik mablagʻlaridan mahrum boʻladi.
Mazkur qaror 2025 yil noyabr oyida qabul qilingan Prezidentning 59-sonli farmoyishi bilan bogʻliq. Hujjatda davlat korxonalarida tannarxni kamaytirish hamda samaradorlikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan.
Farmoyishga muvofiq, davlat korxonalari Prezident qarorlari va topshiriqlarida bevosita nazarda tutilgan holatlardan tashqari barcha vaziyatlarda homiylik yordamlari koʻrsatishni toʻxtatishi belgilangan.
Shuningdek, 30 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekneftegaz” AJ faoliyati samaradorligini oshirish masalalariga bagʻishlangan taqdimot bilan tanishgan. Unda sohaga aloqador boʻlmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish, homiylik toʻlovlarini qisqartirish hamda xarajatlarni maqbullashtirish orqali jamiyatning moliyaviy barqarorligini taʼminlash rejalashtirilayotgani qayd etilgan.
Maʼlumot uchun, “Oʻzbekneftegaz” 2024 yilda olingan sof foydaning 10 foizini homiylik toʻlovlariga yoʻnaltirgan.









