11 909.660 so‘m

decrease

-24.580

13 588.920 so‘m

decrease

-2.990

152.280 so‘m

decrease

-0.700

11 909.660 so‘m

decrease

-24.580

3 soat avval
Iqtisodiyot
70

Oʻzbekistonning tashqi qarzi bir yilda qariyb 14 mlrd dollarga koʻpaydi

2026 yilning birinchi choragi yakunida Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi 82,2 mlrd dollarga yetdi. 

Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 13,8 mlrd dollar yoki 20,2 foizga koʻp boʻlib, shundan 40,5 mlrd dollari davlat, 41,7 mlrd dollari korporativ tashqi qarz hissasiga toʻgʻri kelgan.

Yillik oʻsishning qariyb uchdan ikki qismi banklar va korxonalar tomonidan jalb qilingan korporativ qarzlar hisobiga shakllangan.

Oʻzbekistonning tashqi qarzi bir yilda qariyb 14 mlrd dollarga koʻpaydi
Foto: AI/Pinkod.uz

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilning birinchi choragi oxirida mamlakatning umumiy tashqi qarzi 68,4 mlrd dollarni tashkil etgan edi. Shundan 35,8 mlrd dollari davlat tashqi qarzi, 32,6 mlrd dollari esa korporativ tashqi qarz hissasiga toʻgʻri kelgan.

2026 yil 1 aprel holatiga davlat tashqi qarzi 40,5 mlrd dollarga yetdi. Bu bir yil avvalgiga nisbatan 4,7 mlrd dollar yoki 13,1 foizga koʻp. Davlat qarzining umumiy tashqi qarzdagi ulushi 49,3 foizni tashkil qilmoqda. Markaziy bank hisob-kitobida davlat tashqi qarzi tarkibiga hisoblangan, biroq hali toʻlanmagan foizlar ham kiritiladi.

Oʻsishning asosiy qismi korporativ qarz hisobiga toʻgʻri keldi

Korporativ tashqi qarz esa bir yil ichida 32,6 mlrd dollardan 41,7 mlrd dollargacha oshgan. Oʻsish 9,1 mlrd dollar yoki qariyb 28 foizni tashkil etdi. Natijada korporativ qarz umumiy tashqi qarzning 50,7 foiziga yetib, davlat tashqi qarzidan 1,2 mlrd dollarga koʻp boʻldi.

Shu tariqa, mamlakat tashqi qarzidagi 13,8 mlrd dollarlik yillik oʻsishning qariyb uchdan ikki qismi — 66 foizi korporativ sektor hisobiga shakllangan.

Markaziy bank izohiga koʻra, korporativ tashqi qarz tarkibiga banklar, korxonalar va boshqa tadbirkorlik subʼektlari tomonidan davlat kafolatisiz chetdan jalb qilingan mablagʻlar kiradi. Ushbu majburiyatlar boʻyicha davlat javobgar hisoblanmaydi va toʻlovlar qarz olgan bank hamda korxonalarning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

Yil boshidan qarz deyarli oʻzgarmadi

Tashqi qarz yillik hisobda sezilarli oshgan boʻlsa-da, 2026 yilning dastlabki uch oyida uning hajmi deyarli oʻzgarmagan. Yaʼni qarzning asosiy koʻpayishi 2025 yilning ikkinchi yarmida yuz bergan. 2026 yilning birinchi choragida davlat sektori va banklarning yangi qarz jalb qilishi avvalgi majburiyatlar boʻyicha toʻlovlar hamda boshqa oʻzgarishlar bilan qisman muvozanatlashgan.

Hisobot davrida banklar, davlat sektori va boshqa tarmoqlar tomonidan tashqi qarzlar, savdo kreditlari, valyuta va depozitlar orqali qariyb 1,1 mlrd dollar sof mablagʻ jalb qilingan. Jumladan, banklar majburiyatlari 715 mln dollarga, davlat boshqaruvi sektoriniki 404 mln dollarga oshgan. Boshqa sektorlarning majburiyatlari esa 25 mln dollarga kamaygan.

Markaziy bank XVJ bahosiga tayanib, Oʻzbekistonning tashqi qarz yukini hozircha past darajada deb qayd etgan. Bunda davlat tomonidan jalb qilingan qarzlarning muhim qismi uzoq muddatli va imtiyozli shartlarga ega ekani taʼkidlangan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+