Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari bir oyda 7,8 mlrd dollarga oshdi
Oʻzbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 1-sentabr holatiga 72,13 mlrd dollarga yetdi.
Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 44 foiz koʻp boʻlib, oʻsish asosan oltin narxining qimmatlashishi hisobiga yuz berdi.
Ayni paytda xorijiy valyutadagi zaxiralar bir oyda 1 mlrd dollarga kamaydi.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonning rasmiy zaxira aktivlari avgustda 64,3 mlrd dollardan 72,1 mlrd dollarga yetgan. Bir oy ichidagi oʻsish 7,8 mlrd dollarni tashkil etdi.
Zaxiralarning asosiy qismini monetar oltin tashkil qilmoqda. Uning qiymati bir oyda 56,1 mlrd dollardan 64,9 mlrd dollarga oshdi. Bu 8,8 mlrd dollar yoki 15,7 foizlik oʻsish demakdir.
Natijada oltinning jami xalqaro zaxiralardagi ulushi 87,2 foizdan 90 foizgacha koʻtarildi.
Markaziy bank izohiga koʻra, avgust oyida oltinning hisob-kitob narxi bir troy unsiya uchun 4 052,2 dollardan 4 602 dollargacha koʻtarilgan. Faqat narx oʻzgarishining oʻzi zaxiralar qiymatiga qariyb 7,8 mlrd dollar qoʻshgan.
| Koʻrsatkichlar | 1 sentabr 2025 | 1 yanvar 2026 | 1 avgust 2026 | 1 sentabr 2026 |
|---|---|---|---|---|
| Rasmiy zaxira aktivlari | $50,09 mlrd | $66,31 mlrd | $64,35 mlrd | $72,13 mlrd |
| Oltin | $40,07 mlrd | $55,09 mlrd | $56,12 mlrd | $64,93 mlrd |
| Oltinning sof hajmi | 11,76 mln troy unsiyasi | 12,55 mln troy unsiyasi | 13,85 mln troy unsiyasi | 14,11 mln troy unsiyasi |
| Xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari | $9,45 mlrd | $10,64 mlrd | $7,65 mlrd | $6,64 mlrd |
Shu bilan birga, oltinning jismoniy hajmi ham oshgan. Markaziy bank tasarrufidagi monetar oltin miqdori 13,85 mln troy unsiyadan 14,11 mln troy unsiyaga yetgan. Oʻsish qariyb 259 ming troy unsiya yoki 1,9 foizni tashkil etgan.
Biroq xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari kamayishda davom etdi. Ularning hajmi avgust davomida 7,65 mlrd dollardan 6,64 mlrd dollarga tushdi. Bir oyda pasayish 1,02 mlrd dollar yoki 13,3 foizni tashkil etdi.
Xorijiy valyutadagi naqd mablagʻ va depozitlar 5,89 mlrd dollardan 4,87 mlrd dollargacha kamaygan. Qimmatli qogʻozlar hajmi esa deyarli oʻzgarmay, 1,77 mlrd dollar atrofida qolgan.
Yil boshidan buyon Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari 10,9 mlrd dollarga yoki 17,8 foizga koʻpaydi. 2026 yil 1 yanvar holatida ularning hajmi 61,2 mlrd dollar edi.
Oʻtgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda oʻsish yanada yuqori. 2025 yil 1-sentabrda zaxiralar 50,1 mlrd dollarni tashkil qilgan edi. Bir yil ichida ularning qiymati 22 mlrd dollarga yoki 44 foizga oshgan.









