Oʻzbekistonning oltin eksporti yarim yilda 77 foizga qisqardi
Oʻzbekiston iyun oyida ham oltin eksportini amalga oshirmadi. Natijada 2026 yilning birinchi yarmida oltin eksporti 1,5 mlrd dollarni tashkil etib, bir yil avvalgiga nisbatan 76,8 foizga qisqardi. Yarim yillikdagi oltin savdosining barchasi aprel oyiga toʻgʻri kelgan.

Oʻzbekiston iyun oyida ham oltin eksportini amalga oshirmadi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasining tashqi savdo hisobotida maʼlum qilindi.
2026 yilning yanvar–iyun oylarida Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 41 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,8 mlrd dollar yoki 7,4 foizga koʻp.
Yarim yillikda eksport hajmi 15,9 mlrd dollarni, import esa 25,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Eksport bir yil ichida 8,8 foizga kamaygan boʻlsa, import 21 foizga oshdi.
Natijada mamlakat tashqi savdosidagi manfiy saldo 9,3 mlrd dollarga yetdi.
Umumiy eksport hajmining kamayishi, asosan, Oʻzbekiston 2026 yilning birinchi yarmida faqat aprel oyida oltin eksport qilgani bilan bogʻliq.
Yanvar–iyun oylarida mamlakat 1 mlrd 503,8 mln dollarlik nomonetar oltin sotgan. Yilning dastlabki uch oyida oltin eksporti amalga oshirilmagan, aprel oyida esa birdaniga qariyb 1,5 mlrd dollarlik oltin xorijga chiqarilgan.
May va iyun oylarida koʻrsatkich oʻzgarmagan. Shu tariqa, yarim yillikdagi oltin eksportining barchasi aprel oyiga toʻgʻri kelgan.
Taqqoslash uchun, 2025 yilning yanvar–iyun oylarida Oʻzbekiston 6 mlrd 492,1 mln dollarlik oltin eksport qilgandi. Bir yil ichida koʻrsatkich 4 mlrd 988,3 mln dollar yoki 76,8 foizga qisqardi.
Oltinning mamlakat jami eksportidagi ulushi ham 37,3 foizdan 9,5 foizgacha tushdi.
Ayni paytda oltin hisobga olinmaganda, tovarlar eksporti oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 28,7 foizga oshib, 8,2 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu umumiy eksportdagi pasayish boshqa tovarlar savdosining qisqarishi emas, asosan oltin eksportining keskin kamayishi hisobiga yuz berganini koʻrsatadi.









