Oʻzbekistonning oltin eksporti qariyb 77 foizga kamaydi
Oʻzbekiston 2026 yilning yanvar–may oylarida 1,5 mlrd dollarlik oltin eksport qildi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 5 mlrd dollarga yoki 76,8 foizga kam. Besh oylik oltin eksportining deyarli barchasi aprel oyiga toʻgʻri kelgan.

Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning dastlabki besh oyida Oʻzbekistonning nomonetar oltin eksporti 1 mlrd 503,8 mln dollarni tashkil etdi. 2025 yilning shu davrida mamlakat 6 mlrd 492,1 mln dollarlik oltin eksport qilgan edi.
Shu tariqa, oltin eksporti bir yilda 4 mlrd 988,3 mln dollarga yoki 76,8 foizga qisqardi. Uning mamlakat umumiy eksportidagi ulushi ham 43,4 foizdan 11,9 foizga tushdi.
Oltin eksporti oylar kesimida
Rasmiy hisobotlarda keltirilgan jamlanma koʻrsatkichlar oʻrtasidagi farqdan kelib chiqib, 2026 yilda oltin eksporti oylar boʻyicha quyidagicha shakllangan:
- yanvar — 0 dollar;
- fevral — 0 dollar;
- mart — 30 mln dollar;
- aprel — 1 mlrd 473,8 mln dollar;
- may — 0 dollar.
Yaʼni yanvar, fevral va may oylarida rasmiy statistikada oltin eksporti qayd etilmagan. Besh oylik eksportning 98 foizi aprel oyining oʻziga toʻgʻri kelgan. Yanvar–fevralda oltin eksporti 0 dollar boʻlgan, yanvar–martda 30 mln dollarga, yanvar–aprelda esa 1 mlrd 503,8 mln dollarga yetgan. May oyida jamlanma koʻrsatkich oʻzgarmagan.
Oʻtgan yili oltin har oy eksport qilingan
Taqqoslash uchun, 2025 yilning dastlabki besh oyida oltin eksporti quyidagicha boʻlgan:
- yanvar — 0 dollar;
- fevral — 1 mlrd 730,5 mln dollar;
- mart — 1 mlrd 840,2 mln dollar;
- aprel — 1 mlrd 910,5 mln dollar;
- may — 1 mlrd 10,9 mln dollar.
2025 yilda fevral–may oylarining har birida kamida 1 mlrd dollarlik oltin eksport qilingan. 2026 yilda esa yirik hajmdagi sotuv faqat aprel oyida kuzatildi. Oylik raqamlar jamlanma hisobotlardagi koʻrsatkichlarni bir-biridan ayirish orqali hisoblandi.
Umumiy eksport ham kamaydi
Oltin sotuvining qisqarishi Oʻzbekiston umumiy eksportiga ham sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Yanvar–may oylarida jami eksport 12 mlrd 638,1 mln dollarni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 15,5 foizga kamaydi.
Biroq oltin hisobga olinmagan tovarlar eksporti 6,5 mlrd dollarga yetib, bir yilda 29,4 foizga oshdi. Bu umumiy eksportdagi pasayish asosan oltin sotuvlari kamayishi bilan bogʻliq ekanini koʻrsatadi.









