12 309.990 so‘m

decrease

-10.350

14 666.120 so‘m

increase

51.730

159.640 so‘m

increase

0.280

12 309.990 so‘m

decrease

-10.350

15 soat avval
Iqtisodiyot
76

Oʻzbekistonning korrupsiyani qabul qilish indeksidagi oʻrni ketma-ket ikkinchi yil pasaydi

Transparency International’ning 2025 yilgi Corruption Perceptions Index (CPI) hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston 31 ball bilan 182 davlat orasida 124-oʻrinni egalladi. 

Mamlakatning korrupsiyani qabul qilish indeksidagi koʻrsatkichi ketma-ket ikkinchi yil pasaydi. CPI Oʻzbekiston uchun ustuvor xalqaro reytinglardan biri hisoblanadi.

Oʻzbekistonning korrupsiyani qabul qilish indeksidagi oʻrni ketma-ket ikkinchi yil pasaydi

Transparency International xalqaro tashkiloti 2025 yil uchun dunyodagi korrupsiya holatini aks ettiruvchi navbatdagi Corruption Perceptions Index (CPI) hisobotini eʼlon qildi.

Hisobotga koʻra, korrupsiyani qabul qilish boʻyicha oʻrtacha jahon koʻrsatkichi oxirgi oʻn yildan ortiq vaqt ichida ilk bor 42 ballgacha pasaydi. Tahlil qilingan 182 davlatdan 122 tasi 50 balldan past natija qayd etgan. 80 balldan yuqori koʻrsatkichga ega mamlakatlar soni esa keskin qisqarib, joriy yilda atigi beshtani tashkil etdi.

Tashkilot mutaxassislarining taʼkidlashicha, hatto demokratik institutlari shakllangan davlatlarda ham, agar rahbariyat tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashda siyosiy iroda susaysa, korrupsiya xavfi sezilarli darajada ortadi.

Oʻzbekiston 31 ball bilan 182 davlat orasida 124-oʻrinni egalladi. Mamlakat Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston va Turkmanistondan yuqori, biroq Ukraina, Qozogʻiston, Moldova, Armaniston va Gruziyadan past oʻrinda qayd etildi.

Postsovet davlatlari orasida Estoniya eng yuqori natija bilan 13-oʻrinni, Turkmaniston esa eng past — 167-oʻrinni egalladi.

Soʻnggi bir yil ichida Oʻzbekistonning koʻrsatkichi 1 ballga pasaydi. Natijada korrupsiyani qabul qilish indeksi ikkinchi yil ketma-ket yomonlashdi. 2023 yildan buyon mamlakat jami 2 ball yoʻqotib, reytingda uch pogʻona pastladi. Bungacha esa Oʻzbekiston 11 yil davomida izchil ijobiy oʻsish koʻrsatib kelgan edi.

Reytingda sakkizinchi yil ketma-ket Daniya yetakchilikni saqlab qoldi — 89 ball. Undan keyingi oʻrinlarda Finlyandiya (88) va Singapur (84) joylashdi. Shuningdek, kuchli oʻnlikdan Yangi Zelandiya, Norvegiya, Shvetsiya va Shveysariya oʻrin oldi. Eng past natijalar Janubiy Sudan, Somali, Venesuela, Yaman, Liviya va Eritreyaga toʻgʻri keldi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston CPI reytingida:

  • 2024 yilda — 121-oʻrin,
  • 2023 yilda — 121-oʻrin,
  • 2022 yilda — 126-oʻrin,
  • 2021 yilda — 140-oʻrin,
  • 2020 yilda — 146-oʻrin,
  • 2019 yilda — 153-oʻrin,
  • 2017 yilda — 157-oʻrin,
  • 2016 yilda — 156-oʻrinni egallagan.

Shuni ham qayd etish joizki, Corruption Perceptions Index Oʻzbekiston uchun ustuvor xalqaro reyting va indekslardan biri hisoblanadi. 

Oliy Majlis Senati qaroriga muvofiq, mamlakat mazkur indeksda 2026 yilga borib kamida 35 ball, 2030 yilga kelib esa 40 ball koʻrsatkichga chiqishi lozim. Ushbu vazifani amalga oshirish Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Bosh prokuratura zimmasiga yuklatilgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+