11 857.350 so‘m

decrease

-33.830

13 746.230 so‘m

decrease

-7.110

139.320 so‘m

decrease

-2.510

11 857.350 so‘m

decrease

-33.830

Yaqin 1 soat ichida
Iqtisodiyot
25

Oʻzbekistonga Yevropa va AQShdan kelayotgan pul oʻtkazmalari hajmi sezilarli oshmoqda

2026 yilning birinchi yarmida xorijdan yuborilgan mablagʻlar oʻtgan yilga nisbatan 1,1 mlrd dollarga koʻpaydi. 

Eng yuqori oʻsish Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va AQShdan amalga oshirilgan oʻtkazmalarda kuzatildi. 

Ayni paytda kartalarga toʻgʻridan toʻgʻri oʻtkazmalar anʼanaviy pul oʻtkazish tizimlarini ortda qoldirdi.

Oʻzbekistonga Yevropa va AQShdan kelayotgan pul oʻtkazmalari hajmi sezilarli oshmoqda

2026 yilning yanvar–iyun oylarida xorijdan Oʻzbekistonga 9,3 mlrd dollarlik pul oʻtkazmalari kelib tushdi. Bu 2025 yilning mos davridagidan 13 foiz yoki 1,1 mlrd dollarga koʻp.

Pul oʻtkazmalari yil boshidan bosqichma-bosqich oshib borgan. Yanvar va fevralda 1,2 mlrd dollardan mablagʻ kelib tushgan boʻlsa, martda bu koʻrsatkich 1,3 mlrd dollarni tashkil etgan. Aprelda oʻtkazmalar 1,6 mlrd dollarga, mayda 1,7 mlrd dollarga va iyunda 2,2 mlrd dollarga yetgan.

Markaziy bank oʻsishni mehnat migrantlari ishlaydigan davlatlarda ishchi kuchiga talab va ish haqi yuqori darajada saqlanib qolgani bilan izohlagan. Ayrim milliy valyutalarning dollarga nisbatan mustahkamlanishi ham oʻtkazmalar qiymatining oshishiga taʼsir qilgan.

Xususan, 2026 yilning birinchi yarmida Rossiya rubli AQSh dollariga nisbatan oʻrtacha 13,5 foizga mustahkamlandi. Rossiyada oʻrtacha nominal ish haqi esa birinchi chorakda yillik 15,1 foizga, real hisobda 8,7 foizga oshib, 106,9 ming rublni tashkil etdi.

Buyuk Britaniyadan oʻtkazmalar 62 foizga oshgan

Birinchi yarim yillik natijalari pul oʻtkazmalari geografiyasi kengayib borayotganini koʻrsatadi.

Qozogʻistondan yuborilgan mablagʻlar 2025 yilning mos davridagi 366 mln dollardan 469 mln dollarga yetgan. Oʻsish 28 foizni tashkil etgan.

AQShdan pul oʻtkazmalari 19 foizga oshib, 313 mln dollardan 372 mln dollarga koʻpaygan. Yevropa Ittifoqi davlatlaridan tushumlar esa 27 foizga oʻsib, 251 mln dollardan 319 mln dollarga yetgan.

Janubiy Koreyadan oʻtkazmalar 282 mln dollardan 314 mln dollarga, Turkiyadan esa 266 mln dollardan 303 mln dollarga oshgan.

Eng yuqori oʻsish Buyuk Britaniyada qayd etilgan. Ushbu mamlakatdan Oʻzbekistonga yuborilgan mablagʻlar 89 mln dollardan 144 mln dollarga yoki 62 foizga koʻpaygan.

Yevropa Ittifoqi ichida Irlandiyadan oʻtkazmalar 86 foizga, Litvadan 18 foizga va Niderlandiyadan 7 foizga oshgan.

Sharhda alohida koʻrsatilgan Qozogʻiston, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqidan jami 1,9 mlrd dollar kelib tushgan. Bu umumiy oʻtkazmalarning qariyb 21 foiziga teng.

Pulning yarmidan koʻpi kartalarga tushgan

Xorijdan kelgan mablagʻlarning 4,8 mlrd dollari yoki 51,7 foizi jismoniy shaxslarning bank kartalariga toʻgʻridan toʻgʻri P2P shaklida yuborilgan. Ushbu kanal orqali oʻtkazmalar bir yil ichida 32 foizga oshgan.

Anʼanaviy xalqaro pul oʻtkazmalari tizimlari orqali 4,3 mlrd dollar kelib tushgan. Bu oʻtgan yilning mos davridagidan atigi 0,3 foizga koʻp. Mazkur kanalning umumiy tushumdagi ulushi 46,7 foizni tashkil etgan.

SWIFT orqali jismoniy shaxslarga yuborilgan mablagʻlar esa 43 foizga kamayib, 142 mln dollarga tushgan. Natijada ushbu kanal jami oʻtkazmalarning 1,6 foizini tashkil qilgan.

Shu tariqa, kartalarga toʻgʻridan toʻgʻri keladigan P2P oʻtkazmalar xorijdan pul yuborishning eng yirik kanaliga aylangan. Markaziy bank buni oʻtkazmalarning tezkorligi, tranzaksiya xarajatlari nisbatan kamligi va raqamli toʻlov xizmatlarining ommalashuvi bilan izohlagan.

Jahon banki hisob-kitoblariga koʻra, 2025 yilning birinchi choragida mobil oʻtkazmalar xalqaro pul joʻnatishning eng arzon usuli boʻlgan. Ushbu usulda oʻrtacha xarajat yuborilayotgan mablagʻning 3,6 foizini tashkil etgan.

Mehnat migratsiyasi geografiyasi kengaymoqda

Migratsiya agentligi maʼlumotlariga koʻra, hozir 40 ga yaqin davlatda taxminan 1,4 mln nafar Oʻzbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda.

Shundan 258 ming nafari Yevropa davlatlarida, 84,4 ming nafari Qozogʻistonda, 72,1 ming nafari Turkiyada va 46,4 ming nafari Janubiy Koreyada ishlamoqda.

Xorijda mehnat qilayotgan oʻzbekistonliklarning 398,9 ming nafari yoki 28,6 foizini xotin-qizlar, 402,1 ming nafari yoki 28,9 foizini yoshlar tashkil etadi.

Markaziy bank sharhida Yevropa va Sharqiy Osiyo yoʻnalishlarida mehnat migratsiyasi kengayib borayotgani qayd etilgan. Yevropa mintaqasidagi koʻrsatkich 42 foizga, Sharqiy Osiyoda esa 26 foizga oshgan.

2026 yilda 124,5 ming nafar fuqaro xorijda yuqori daromadli ishlarga tashkiliy tarzda joylashtirilgan.

Oʻzbekiston tashkiliy mehnat migratsiyasi boʻyicha 23 ta davlat bilan 48 ta hukumatlararo va idoralararo kelishuv tuzgan. Bundan tashqari, 36 ta davlatdagi 325 dan ortiq yirik ish beruvchi va rekruting kompaniyasi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Shvetsiya, Fransiya, Bolgariya, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya, Serbiya, AQSh va Yaponiya istiqbolli yoʻnalishlar sifatida koʻrsatilgan. AQSh, Italiya, Shvetsiya, Fransiya va Sloveniya yangi yoʻnalishlar qatoriga qoʻshilgan.

Ushbu davlatlarga fuqarolarni savdo va xizmat koʻrsatish, sogʻliqni saqlash, transport va logistika, qishloq xoʻjaligi, sanoat, qurilish, payvandlash, metallga ishlov berish, neft-gaz va konchilik sohalarida ishga joylashtirish rejalashtirilgan.

Oʻzbekistondan xorijga 1,3 mlrd dollar yuborilgan

Yanvar–iyun oylarida Oʻzbekistondan xorijga yuborilgan pul oʻtkazmalari 8 foiz yoki 100 mln dollarga oshib, 1,3 mlrd dollarni tashkil etdi.

Shunga qaramay, mamlakatga kelgan oʻtkazmalar tashqariga yuborilgan mablagʻlardan 8 mlrd dollarga koʻp boʻlgan. Kiruvchi pul oʻtkazmalari chiquvchi oʻtkazmalardan qariyb yetti baravar yuqori shakllangan.

Umuman, birinchi yarim yillik natijalari Oʻzbekistonga pul oʻtkazmalari hajmi oshishi bilan birga, ularning geografiyasi va yuborish usullari ham oʻzgarayotganini koʻrsatadi. Rivojlangan davlatlardan tushumlar tez surʼatlarda koʻpaymoqda, P2P oʻtkazmalar esa birinchi marta asosiy kanalga aylangan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+