Oʻzbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab Canva’dan uch yil bepul foydalanadi
Oʻzbekistonning barcha umumtaʼlim maktablariga Canva for Education platformasidan uch yil davomida bepul foydalanish imkoniyati beriladi. Qiymati $20 mln boʻlgan grant oʻqituvchi va oʻquvchilarga taqdimotlar, infografikalar, videolar hamda sunʼiy intellekt asosidagi taʼlim materiallarini yaratish imkonini beradi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasida Avstraliyaning Canva kompaniyasi bilan grant kelishuvini imzoladi.
Shartnomaga koʻra, mamlakatdagi 10 mingdan ortiq umumtaʼlim maktabi Canva for Education platformasidan uch yil davomida bepul foydalanadi. Grantning umumiy qiymati $20 mlnni tashkil etadi.
Kelishuv Parijdagi YuNESKO bosh qarorgohida oʻtkazilayotgan «Taʼlim transformatsiyasi sammiti +4» — TES+4 doirasida tuzilgan.
Canva qanday platforma?
Canva — professional dizayn dasturlaridan foydalanish tajribasiga ega boʻlmagan foydalanuvchilarga ham turli vizual materiallarni tayyorlash imkonini beruvchi onlayn platforma.
Unda tayyor shablonlar va sodda «sudrab joylashtirish» tamoyili orqali taqdimotlar, plakatlar, infografikalar, videolar, ijtimoiy tarmoq postlari, hujjatlar va boshqa materiallarni yaratish mumkin.
Canva for Education esa platformaning maktablar, oʻqituvchilar va oʻquvchilar uchun maxsus moslashtirilgan taʼlim yoʻnalishidir. Unda dars rejalari, taqdimotlar, ish varaqalari, plakatlar, videolar va koʻrgazmali materiallarni tayyorlash uchun maxsus shablon va vositalar mavjud.
Oʻqituvchilar uchun qanday imkoniyatlar mavjud?
Oʻqituvchi Canva orqali materialni noldan yaratishi yoki tayyor shablonni fan, sinf va mavzuga moslashtirishi mumkin.
Masalan, platformada:
- tarix darsi uchun vaqt chizigʻi;
- geografiya uchun xarita;
- biologiya uchun jarayonlar sxemasi;
- matematika uchun topshiriqlar varaqasi;
- dars yakuni uchun test va viktorinalar tayyorlash mumkin.
Platformadagi sunʼiy intellekt vositalari dars rejasi, oʻquv maqsadlari, savollar, mashqlar va tarqatma materiallarning dastlabki variantini yaratishga yordam beradi.
Magic Write matn va gʻoyalar tayyorlashga, Magic Design esa qisqa topshiriq asosida taqdimot yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, matnli soʻrov orqali rasm, grafik element va boshqa vizual materiallarni generatsiya qilish imkoniyatlari ham mavjud.
Oʻqituvchilar platforma orqali:
- oʻquvchilarga topshiriq yuborishi va ularning ishlarini boshqarishi;
- test, viktorina va interaktiv mashgʻulotlar tayyorlashi;
- materiallarni turli format va oʻlchamlarga moslashtirishi;
- tayyor dizaynlarni PDF, taqdimot, rasm yoki video koʻrinishida saqlashi;
- bir material ustida hamkasblari yoki oʻquvchilar bilan birgalikda ishlashi mumkin.
Oʻquvchilar uchun nima oʻzgaradi?
Canva for Education oʻquvchilarga odatiy referat yoki matnli topshiriq bilan cheklanib qolmasdan, maʼlumotni vizual va zamonaviy usulda taqdim etish imkonini beradi.
Oʻquvchilar platforma orqali taqdimotlar, infografikalar, videolar, loyiha plakatlari, diagrammalar va raqamli hikoyalar tayyorlashi mumkin.
Bir hujjat ustida bir nechta oʻquvchining bir vaqtning oʻzida ishlashi guruh loyihalarini tashkil etishni osonlashtiradi. Bu orqali oʻquvchilar:
- kreativ va tanqidiy fikrlash;
- maʼlumotlarni saralash;
- fikrni qisqa va tushunarli ifodalash;
- jamoada ishlash;
- raqamli vositalardan foydalanish koʻnikmalarini rivojlantiradi.
Canva’ning taʼlim vositalari sunʼiy intellekt yordamida interaktiv mashqlar, testlar va turli darajadagi oʻquv materiallarini yaratishga ham imkon beradi.









