Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya 7,1 foizga tushdi — tarixiy minimum
Joriy yil mart oyida Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya darajasi 7,1 foizni tashkil etdi. Bu inflyatsiya statistikasi eʼlon qilinayotganidan buyon kuzatilgan eng past koʻrsatkich hisoblanadi.

Joriy yil mart oyida Oʻzbekistonda yillik inflatsiya darajasi 7,1 foizni tashkil etdi.
Bu inflatsiya statistikasi eʼlon qilinayotganidan buyon kuzatilgan eng past koʻrsatkichdir. Avvalgi oyga nisbatan narxlar inflyatsiya 0,2 foizga sekinlashgan.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan, tuxum 2,1 foizga, suyakli mol goʻshti 1,8 foizga, qoʻy goʻshti va suyaksiz mol goʻshti 1,2 foizga, shuningdek, tirik va sovitilgan baliq hamda shakar 1,7 foizga qimmatlashgan.
Bundan tashqari, sut oʻrtacha 0,3 foizga, un 0,6 foizga va oʻsimlik yogʻi 0,9 foizga oshgani kuzatildi. Aksincha, guruch va guruch oqishogʻi narxi 0,4 foizga, parranda goʻshti esa 0,3–0,4 foiz oraligʻida arzonlashgan.
Meva-sabzavotlar narxidagi oʻzgarishlar
Meva va sabzavotlar guruhida baʼzi mahsulotlar narxi qimmatlashgan boʻlsa, ayrimlarida sezilarli pasayish yuz bergan. Xususan, pomidor 11,5 foizga, bulgʻor qalampiri 10,0 foizga, kartoshka 9,8 foizga, banan 6,0 foizga va olma 7,4 foizga qimmatlashdi. Shu bilan birga, bodring narxi keskin — 20,7 foizga arzonlashgani qayd etildi. Shuningdek, karam 4,7 foizga, piyoz 4,6 foizga hamda sabzi 1,0 foizga pasaygan.
Yoqilgʻi va transport xizmatlarida ijobiy tendensiya
Joriy yilning mart oyida avtohavaskorlar uchun yoqilgʻi mahsulotlari narxida pasayish kuzatildi. Benzin uchun oʻrtacha isteʼmol narxlari 0,9 foizga arzonlashdi. Bunda AI-92 markali benzin 0,9 foizga, AI-95 markasi 1,3 foizga, AI-98 va AI-100 markalari esa 0,5 foizga tushdi. Propanning narxi ham 3,2 foizga pasayib, uning 1 litri uchun yuqori narx chegarasi 8 400 soʻmni tashkil etdi. Metan narxi esa oʻtgan fevral oyi darajasida oʻzgarishsiz qoldi.
Transport xizmatlari yoʻnalishida milliy valyutaning yevro va Shveysariya frankiga nisbatan mustahkamlangani sababli baʼzi xalqaro tariflar arzonlashdi. Kuzatuvlarga koʻra, aviaparvozlar narxi oʻrtacha 4,1 foizga, uzoq masofaga qatnovchi poyezdlar chiptalari esa 0,5 foizga pasaygan.
Xizmatlar va boshqa tovarlar
Kommunal xizmatlar sohasida asosan maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari tariflarida oʻrtacha 0,9 foizga oshish qayd etilgan. Uy-joy ijarasi toʻlovi ham oʻrtacha 0,2 foizga oshgan. Tibbiyot sohasida dori vositalari oʻrtacha 0,7 foizga, ambulator davolash xizmatlari esa 0,2 foizga qimmatlashdi.
Umuman olganda, 2026 yil mart oyida qisqa muddatli inflyatsiya oʻsishiga eng yuqori taʼsirni aynan “Oziq-ovqat va spirtsiz ichimliklar” boʻlimi koʻrsatgan boʻlib, u yigʻma INI koʻrsatkichini 0,48 foizlik darajaga (umumiy oʻsishning 76,2 foizi) oshirishga xizmat qildi. “Transport” boʻlimidagi arzonlashishlar esa umumiy hisobda koʻrsatkichni 0,02 foizlik darajaga tushirgan.









