Oʻzbekistonda yana bir yangi venchur fond ochildi
“Aloqabank” tomonidan ustav kapitali 70 mlrd soʻmni tashkil etuvchi ikkinchi venchur fond davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
28 yanvar kuni “Aloqabank” tomonidan ALOQA VENTURES-2 nomi bilan yangi venchur fond (MChJ shaklida) roʻyxatdan oʻtkazildi. Fond rahbari sifatida bankning birinchi venchur fondi rahbari Gʻaybulloyev Suxrob Odil oʻgʻli koʻrsatilgan. Ustav kapitali 70 milliard soʻmni tashkil etuvchi ushbu fondning 100% ulushi “Aloqabank”ga tegishli boʻlib, bankning ikkala venchur fondi bir xil yuridik manzilda roʻyxatdan oʻtgan.
“Aloqabank”ning birinchi venchur fondi — AloqaVentures MChJ 2021 yilda tashkil etilgan boʻlib, shu kungacha 25 dan ortiq startaplarga investitsiya kiritgan. Uning portfeliga MohirDev, Sello va Royal Taxi kabi startaplar kiradi.
Venchur fond oʻzi nima va qanday vazifani bajaradi?
Venchur fond — istiqbolli, lekin katta xavfga ega biznes loyihalarga investitsiya kiritadigan maxsus fond hisoblanadi. U, asosan, innovatsion startaplarni moliyalashtirib, ularning tez rivojlanishiga yordam beradi. Venchur kapital oddiy kreditlardan farqli ravishda, yuqori risk va katta daromad olish imkoniyatini oʻz ichiga oladi.
Venchur fondlarning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- Startaplarni qoʻllab-quvvatlash. Yangi biznes gʻoyalarga dastlabki bosqichda sarmoya kiritish orqali ularning rivojlanishiga koʻmaklashadi.
- Kapital jalb qilish. Investorlar venchur fondlar orqali innovatsion loyihalarga sarmoya kiritib, istiqbolli kompaniyalarning ulushiga ega boʻladilar.
- Risklarni boshqarish. Fondlar bir nechta startapga investitsiya kiritib, ulardan kamida bir nechtasi muvaffaqiyatga erishishi orqali foyda olishga harakat qiladi.
- Iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish. Yangi texnologiyalar va biznes modellarni rivojlantirish orqali mehnat bozorida yangi imkoniyatlar yaratadi.
Oʻzbekistonda venchur fondlar soni ortib bormoqda
27 yanvar kuni yettita yirik davlat banki – “Oʻzmilliybank”, Xalq banki, “Asakabank”, “Agrobank”, “Mikrokreditbank”, “Turonbank” va “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan United Ventures MChJ nomi bilan yangi venchur fond roʻyxatdan oʻtdi. Mazkur fondda har bir bank 14,28% ulushga ega. Fondning ustav kapitali 525 milliard soʻmni tashkil etadi.
Shuningdek, “Oʻzsanoatqurilishbank”ning SQB Capital MChJ shoʻʼba korxonasi tomonidan 16 yanvar kuni SQB Venture MChJ venchur fondi tashkil etildi. Uning ustav kapitali 130 milliard soʻmni tashkil etadi.
Bundan tashqari, IT Park tomonidan IT Park Ventures fondi ishga tushirilgan boʻlib, uning ustav kapitali 128 milliard soʻmni tashkil qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 18 dekabr kungi topshirigʻiga asosan, “Asakabank” tomonidan farmatsevtika sohasiga ixtisoslashgan 10 million dollarlik venchur fond tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Umuman olganda, soʻnggi vaqtlarda venchur fondlar sonining ortishi Prezident Mirziyoyev raisligida 16 dekabr kuni boʻlib oʻtgan selektorda banklarga qoʻyilgan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan. Oʻsha yigʻilishda Prezident har bir davlat banki oʻz venchur fondiga ega boʻlishi kerakligini taʼkidlagan edi.