Oʻzbekistonda xususiy va korporativ pensiya tizimlari joriy etilishi mumkin
Prezidentga taqdim etilgan takliflarda Oʻzbekistonda jamgʻarib boriladigan pensiya tizimini kengaytirish, xususiy va korporativ pensiya mexanizmlarini yaratish koʻzda tutilmoqda.
Mutasaddilarga tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi. Xususiy pensiya fondlarini 2030 yilgacha tashkil etish rejasi avvalroq ham eʼlon qilingan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev pensiya tizimini isloh qilish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda jamgʻarib boriladigan pensiya tizimini rivojlantirish bilan birga, Oʻzbekistonda xususiy va korporativ pensiya mexanizmlarini yaratish taklif qilindi.
Taqdimotda rivojlangan mamlakatlarda pensiya jamgʻarmalaridagi mablagʻlar iqtisodiyot uchun uzoq muddatli moliyaviy resurs vazifasini bajarishi qayd etildi. Hisob-kitoblarga koʻra, Oʻzbekistonda ham tizim toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsa, pensiya mablagʻlarini iqtisodiyotga uzoq muddatli investitsiya sifatida jalb qilish mumkin.
Mazkur yondashuv Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari tomonidan ham qoʻllab-quvvatlanayotgani bildirildi.
Prezident mutasaddilarga xorijiy tajribani oʻrganib, xususiy va korporativ pensiya tizimlarini yaratish boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasini topshirdi.
Hozircha xususiy pensiya jamgʻarmalari qanday shaklda ishlashi, ularni kim boshqarishi, badallar miqdori va mablagʻlarni investitsiya qilish tartibi maʼlum qilinmagan. Takliflar jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari va blogerlar ishtirokida muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Hozirgi tizim qanday ishlaydi?
Oʻzbekistonda davlat pensiyasi bilan birga jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi ham mavjud. U 2005 yildan boshlab ishlaydi va fuqarolarning shaxsiy hisobvaraqlari Xalq bankida yuritiladi. Tizim “Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonun asosida joriy etilgan.
Hozirda fuqarolar ish haqining 0,1 foizi jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Ushbu mablagʻlarga yiliga 10 foiz daromad hisoblanadi. Taqdimotda bu koʻrsatkich bank omonatlari daromadidan qariyb ikki barobar kam ekani qayd etildi.
Shu sababli oylik ish haqi 7,6 mln soʻmgacha boʻlgan fuqaro hisobvaragʻiga ish haqining 5 foizini oʻtkazsa, davlat uning hisobiga qoʻshimcha 2,5 foiz miqdorida mablagʻ ajratishi taklif qilindi.
Masalan, oyligi 6 mln soʻm boʻlgan fuqaro har oy pensiya hisobvaragʻiga 300 ming soʻm yoʻnaltirsa, davlat yana 150 ming soʻm qoʻshishi mumkin.
Oyligi 7,6 mln soʻmdan yuqori boʻlgan fuqarolar uchun esa mazkur chegaradan oshgan daromad boʻyicha toʻlangan ijtimoiy soliqning 1 foizini shaxsiy pensiya hisobvaragʻiga oʻtkazish taklif etilmoqda.
Xususiy pensiya fondlari avval ham rejalashtirilgan
Xususiy pensiya jamgʻarmalarini tashkil etish masalasi ilk bor koʻtarilayotgani yoʻq.
2018 yilda davlat pensiya taʼminoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgandi. Unda pensiya tizimining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, fuqarolarning tizimdagi ishtirokini kengaytirish va jamgʻarib boriladigan mexanizmlarni takomillashtirish masalalari koʻrib chiqilgan.
2020 yilda pensiya islohotining yangilangan konsepsiyasi ustida ish olib borilgani maʼlum qilindi. Oʻsha paytda eng koʻp muhokama qilingan masalalar pensiya yoshi, minimal ish staji va tizimning uzoq muddatli moliyaviy barqarorligi bilan bogʻliq edi.
2025 yil sentabrida Pensiya jamgʻarmasi ijrochi direktori Murodbek Atadjanov Oʻzbekistonda xususiy pensiya jamgʻarmalarini 2030 yilgacha tashkil etish rejalashtirilayotganini maʼlum qilgandi.
Oʻsha rejaga koʻra, 2027–2028 yillarda xususiy pensiya jamgʻarmalari faoliyati uchun normativ-huquqiy baza ishlab chiqilishi, keyingi ikki yilda esa fondlarni amalda tashkil etish koʻzda tutilgan. Ularda fuqarolarning ixtiyoriy badallari asosida qoʻshimcha pensiya jamgʻarish imkoniyati yaratilishi aytilgan.
Xususiy pensiya tizimi nimani oʻzgartirishi mumkin?
Amaldagi tizimda fuqaroning asosiy pensiyasi davlat tomonidan tayinlanadi, jamgʻarib boriladigan hisobvaraq esa qoʻshimcha toʻlov manbai hisoblanadi.
Xususiy pensiya tizimi joriy etilsa, fuqarolar davlat pensiyasidan tashqari, alohida fondlarga ixtiyoriy badallar kiritib borishi mumkin. Fondlar ushbu mablagʻlarni qonunchilikda ruxsat etilgan aktivlarga investitsiya qiladi, olingan daromad esa fuqaroning shaxsiy jamgʻarmasiga qoʻshiladi.
Korporativ pensiya tizimida esa badallar xodimning oʻzi bilan birga ish beruvchi tomonidan ham toʻlanishi mumkin. Bu kompaniyalar uchun malakali xodimlarni jalb qilish va uzoq muddat ushlab qolish vositalaridan biriga aylanishi mumkin.









