11 973.440 so‘m

increase

9.170

13 282.140 so‘m

decrease

-41.270

144.530 so‘m

increase

0.040

11 973.440 so‘m

increase

9.170

Yaqin 22 daqiqa ichida
Bozor
57

Oʻzbekistonda xorijiy aksiyalar savdosiga ruxsat berildi: kimlar investitsiya kirita oladi?

Oʻzbekistonda xorijiy kompaniyalar aksiyalari, obligatsiyalari va ETF’larni mahalliy fond birjasi hamda brokerlik platformalari orqali sotib olish tartibi tasdiqlandi. 

Biroq bu imkoniyatdan faqat malakali investor maqomiga ega shaxslar foydalana oladi. 

Bunday maqomni olish mezonlaridan biri kamida 5 ming dollarlik moliyaviy aktivlarga ega boʻlish hisoblanadi.

Oʻzbekistonda xorijiy aksiyalar savdosiga ruxsat berildi: kimlar investitsiya kirita oladi?

Oʻzbekistonda xorijiy qimmatli qogʻozlar savdosini tashkil etish tartibi tasdiqlandi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining tegishli buyrugʻi 11 noyabr kuni Adliya vazirligida 3971-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan va 12 noyabrdan kuchga kirgan.

Yangi nizom kapital bozoridagi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida xorijiy qimmatli qogʻozlarni Oʻzbekistondagi fond birjasi hamda investitsiya vositachilarining elektron platformalari orqali muomalaga kiritish qoidalarini belgilaydi.

Unga koʻra, xorijiy fond indekslariga kiritilgan kompaniyalar aksiyalari, korporativ va davlat obligatsiyalari, birja fondlari (ETF), indeks fondlari qimmatli qogʻozlari hamda depozitar tilxatlar savdoga chiqarilishi mumkin.

Bunda xorijiy qimmatli qogʻozlar bilan ishlashning ikkita mexanizmi nazarda tutilgan. Birinchisida xorijiy aksiyalar asosida yaratilgan moliyaviy vositalar Oʻzbekiston fond birjasi yoki mahalliy broker platformasida sotiladi. Ikkinchisida esa mahalliy brokerning elektron platformasi orqali xorijiy savdo maydonchalaridagi bitimlarga kirish imkoniyati yaratiladi.

Birinchi mexanizmda Markaziy depozitariy xorijda saqlanayotgan qimmatli qogʻozlarni bazaviy aktiv sifatida hisobga oladi va ularga mos moliyaviy vositalarni roʻyxatdan oʻtkazadi. Bitta moliyaviy vosita bir birlik xorijiy qimmatli qogʻozga mos kelishi shart.

Kimlar xorijiy aksiyalarni sotib olishi mumkin?

Yangi tartibga koʻra, xorijiy qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni faqat malakali investor deb tan olingan jismoniy va yuridik shaxslar amalga oshirishi mumkin.

Jismoniy shaxs bunday maqomni olish uchun quyidagi mezonlardan kamida bittasiga javob berishi kerak:

  • Kamida 5 ming dollar miqdoridagi pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlar yoki boshqa moliyaviy vositalarga ega boʻlish;
  • Oxirgi 12 oy davomida broker belgilagan miqdor va summada investitsiya bitimlarini amalga oshirgan boʻlish;
  • Qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassisining malaka sertifikatiga ega boʻlish;
  • CFA, CIIA, FRM yoki broker tomonidan tan olinadigan boshqa xalqaro moliyaviy sertifikatlardan biriga ega boʻlish;
  • Moliya, iqtisodiyot, matematika, biznes-tahlil, buxgalteriya hisobi, investitsiyalar yoki moliyaviy huquq yoʻnalishlarida oliy maʼlumotga ega boʻlish;
  • Investitsiya faoliyati yoki moliyaviy tavakkalchiliklarni boshqarish bilan bevosita bogʻliq lavozimlarda kamida ikki yillik ish tajribasiga ega boʻlish.

Shunday qilib, xorijiy aksiyalar savdosida ishtirok etish uchun albatta 5 ming dollar investitsiya kiritish shart emas. Masalan, tegishli oliy maʼlumotga yoki investitsiya sohasida yetarli tajribaga ega boʻlgan shaxslar ham malakali investor sifatida tan olinishi mumkin.

Biroq maqom berilishidan avval broker mijozning moliya bozori, investitsiya instrumentlari va ular bilan bogʻliq xavflar haqidagi bilimlarini test orqali tekshiradi. Ayrim kasbiy yoki taʼlim mezonlariga javob beradigan investorlar broker qaroriga koʻra testdan ozod etilishi mumkin.

Malakali investor maqomi broker tomonidan taqdim etilgan hujjatlar va tekshiruv natijalari asosida beriladi. Testdan oʻta olmagan mijozga esa ushbu maqom taqdim etilmaydi.

Barcha xorijiy aksiyalar savdoga chiqarilmaydi

Yangi nizom xorijiy qimmatli qogʻozlar uchun ham alohida talablarni belgilagan.

Jumladan, ular xalqaro identifikatsiya raqamiga (ISIN) yoki boshqa rasmiy identifikatorga ega boʻlishi hamda tan olingan xorijiy yurisdiksiyada roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi kerak.

Bundan tashqari, qimmatli qogʻoz listingga kiritilgan xorijiy savdo maydonchasidagi aksiyalar va boshqa listing qimmatli qogʻozlarining umumiy kapitallashuvi kamida 1 trln dollar boʻlishi talab etiladi. Bu talab alohida kompaniyaning emas, savdo maydonchasining umumiy kapitallashuviga tegishli.

Muomalaga ruxsat beriladigan qimmatli qogʻozlar roʻyxati Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan shakllantiriladi.

Broker yoki boshqa tashabbuskor taqdim etgan ariza 10 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi. Muomalaga chiqariladigan qimmatli qogʻozlar hajmi esa Markaziy bank bilan kelishiladi.

Shu sababli yangi nizomning kuchga kirishi xorijiy kompaniyalarning barcha aksiyalari avtomatik ravishda Oʻzbekiston bozorida sotila boshlaganini anglatmaydi. Har bir instrument belgilangan tartibda reyestrga kiritilishi kerak.

Investorlar pullarini qanday qaytarib oladi?

Nizomda xorijiy qimmatli qogʻozlar bilan hisob-kitoblarni chet el valyutasida amalga oshirish belgilangan.

Investorlar mablagʻlarini bank hisobvaraqlaridan brokerning alohida valyuta hisobvaragʻiga oʻtkazishi mumkin. Mahalliy moliyaviy vositalarni xarid qilishda naqd xorijiy valyutani agent-bank orqali kiritishga ham ruxsat beriladi.

Xorijiy savdo maydonchalariga kirish imkonini beruvchi brokerlik platformalari orqali olingan daromadlarni investitsiya hisobvaragʻida saqlash, boshqa qimmatli qogʻozlarga yoʻnaltirish yoki Oʻzbekistondagi bank hisobvaraqlari va kartalariga chiqarish mumkin.

Bunda investorning pulni yechib olish boʻyicha topshirigʻi uch bank kunidan oshmagan muddatda bajarilishi kerak. Agar mablagʻlar besh ish kunidan keyin ham xorijiy vositachidan kelib tushmasa, mahalliy broker belgilangan istisnolardan tashqari hollarda toʻlovni oʻz hisobidan amalga oshirishi shart.

Shuningdek, brokerlik platformalari investorlarga kamida kuniga bir marta pul mablagʻlarini yechib olish imkoniyatini taqdim etishi kerak.

Nizomga muvofiq, xorijiy qimmatli qogʻozlarni qarz mablagʻlari hisobidan sotib olishga yoʻl qoʻyilmaydi. Ular bilan operatsiyalardan olingan daromadlarga esa Oʻzbekiston qonunchiligiga muvofiq soliq solinadi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+