11 765.760 so‘m

decrease

-17.710

13 638.870 so‘m

decrease

-49.990

139.710 so‘m

increase

0.010

11 765.760 so‘m

decrease

-17.710

2 soat avval
Bank
65

Oʻzbekistonda uchta bank jami 40 mln dollarlik obligatsiya chiqarmoqda

“Asia Alliance Bank”, “Universal Bank” va “Poytaxt Bank” mahalliy kapital bozori orqali AQSh dollarida jami 40 mln dollar jalb qilishga kirishdi. 

Obligatsiyalar boʻyicha yillik daromadlilik 7–8,5 foizni, muomala muddati esa bir yildan uch yilgacha tashkil etadi. 

“Asia Alliance Bank”ning 20 mln dollarlik emissiyasi xorijiy valyutadagi korporativ obligatsiyalar orasida birinchi boʻlib davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Oʻzbekistonda uchta bank jami 40 mln dollarlik obligatsiya chiqarmoqda

“Asia Alliance Bank”, “Universal Bank” va “Poytaxt Bank” mahalliy kapital bozorida AQSh dollarida jami 40 mln dollarlik korporativ obligatsiyalar chiqarishga kirishdi.

Ulardan “Asia Alliance Bank”ning 20 mln dollarlik emissiyasi xorijiy valyutada nominallangan korporativ obligatsiyalar orasida birinchi boʻlib davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

“Asia Alliance Bank” har birining nominal qiymati 100 dollar boʻlgan 200 ming dona obligatsiya chiqaradi. Emissiyaning umumiy hajmi 20 mln dollarni tashkil etadi.

Obligatsiyalar uch yil muddatga chiqarilib, ular boʻyicha yillik 7 foiz kupon daromadi toʻlanadi. Foizlar har chorakda berib boriladi, obligatsiyalarning oʻzi ham, ular boʻyicha daromad ham AQSh dollarida hisob-kitob qilinadi.

“Universal Bank” esa 10 mln dollarlik emissiyani rejalashtirgan. Bank 100 dollardan 100 ming dona obligatsiya chiqaradi. Ularning muomala muddati ikki yil, yillik daromadliligi esa 8,5 foizni tashkil etadi. Kupon toʻlovlari har 90 kunda amalga oshiriladi.

Bu “Asia Alliance Bank” taklif qilayotgan stavkadan 1,5 foiz punkt yuqori, biroq obligatsiyaning muddati bir yilga qisqaroq. Agar obligatsiya nominal qiymatida sotib olinib, ikki yil davomida ushlab turilsa, 100 dollarga hisoblangan kupon daromadi qariyb 17 dollarni tashkil etadi.

“Poytaxt Bank” ham 10 mln dollarlik valyuta obligatsiyalarini chiqarishni tasdiqlagan. Bank har birining nominal qiymati 100 dollar boʻlgan 100 ming dona obligatsiyani ochiq obuna orqali joylashtiradi.

“Poytaxt Bank” obligatsiyalarining muddati uch bank orasida eng qisqa — 365 kun. Yillik stavka “Universal Bank”dagi kabi 8,5 foiz boʻlib, obligatsiyalar boʻyicha foizlar yil davomida 12 ta oraliq davrga boʻlingan holda hisoblanadi. Emissiya uchun alohida taʼminot ham nazarda tutilmagan.

Dollar obligatsiyalarini mahalliy bozorda chiqarish imkoniyati 2025 yil 18 dekabrdagi prezident farmoni bilan yaratilgan. Keyinchalik valyutada nominallangan obligatsiyalarni chiqarish, joylashtirish, muomalaga kiritish va soʻndirish tartibi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida belgilandi. Bir emitentning muomaladagi bunday obligatsiyalari umumiy hajmi 50 mln dollardan oshmasligi kerak.

Yangi instrument banklar uchun dollar resurslarini faqat omonatlar yoki tashqi qarz hisobidan emas, mahalliy kapital bozori orqali ham jalb qilish imkonini yaratadi. Investor esa mablagʻini soʻmdagi qimmatli qogʻozga emas, nominali ham, kupon daromadi ham AQSh dollarida hisoblanadigan instrumentga joylashtira oladi.

Biroq dollar obligatsiyalarini chiqarishni koʻzlayotgan banklar soni uchta bilan cheklanmaydi. “Hamkorbank” ham ILMAning “Tartibga solish qumdoni”ga xorijiy valyutada obligatsiya emitenti sifatida kiritilgan. Hozircha bankning emissiya hajmi, stavkasi va muddati boʻyicha aniq shartlar eʼlon qilinmagan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+