11 813.090 so‘m

decrease

-7.390

13 677.200 so‘m

decrease

-88.930

135.610 so‘m

decrease

-1.900

11 813.090 so‘m

decrease

-7.390

3 soat avval
Iqtisodiyot
69

Oʻzbekistonda startaplarga garovsiz 5 mlrd soʻmgacha mablagʻ beriladi

2027–2030 yillarda “Kelajak tadbirkori” dasturi orqali 30 tagacha startap ochiq tanlov asosida moliyalashtiriladi. Har bir loyihaga “UzVC” fondi uch yilga foizsiz va garovsiz 5 mlrd soʻmgacha investitsiya kiritishi mumkin. Mablagʻ keyinchalik korxonadagi ulushga almashtirilishi mumkin, bunda davlat ulushi 49 foizdan oshmaydi.

Oʻzbekistonda startaplarga garovsiz 5 mlrd soʻmgacha mablagʻ beriladi

Oʻzbekistonda ustuvor sanoat yoʻnalishlaridagi startaplarni moliyalashtirish uchun “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushiriladi. Bu Prezidentning 27 avgustdagi PF-175-son farmonida belgilangan.

Dastur 2027–2030 yillarda amalga oshiriladi. Uning doirasida sakkizta ustuvor yoʻnalishdagi jami 30 tagacha startap loyiha ochiq tanlov orqali saralab olinadi.

Har bir loyihaga “UzVC” milliy venchur fondi tomonidan 5 mlrd soʻmgacha investitsiya kiritiladi. Eng yuqori limitdan hisoblaganda, dastur doirasidagi startaplarni moliyalashtirish hajmi jami 150 mlrd soʻmgacha yetishi mumkin.

Mablagʻ uch yil muddatga foizsiz va garovsiz beriladi. Biroq startapdan koʻchmas mulk yoki boshqa aktivni garovga qoʻyish talab etilmasa-da, moliyalashtirish begʻaraz hisoblanmaydi.

Xususan, mablagʻ kelgusida korxonadagi ulushga almashtiriladigan qarz yoki SAFE — kelajakda ulush olishni nazarda tutuvchi investitsiya bitimi shaklida kiritiladi. Yaʼni loyiha rivojlanganidan keyin fond ajratgan mablagʻi evaziga startapning muayyan ulushiga ega boʻlishi mumkin.

Bunda davlat ulushi kompaniya ustav kapitalining 49 foizidan oshirilmaydi. Startap taʼsischilariga esa ushbu ulushni keyinchalik bozor qiymatida qayta sotib olish huquqi beriladi.

Davlat ulushlarini konvertatsiya qilish va sotishdan tushgan mablagʻlar “UzVC” tasarrufida qoladi hamda “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasidagi yangi startaplarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

Qaysi startaplar mablagʻ olishi mumkin?

Dastur doirasida quyidagi sakkizta yoʻnalishdagi loyihalar moliyalashtiriladi:

  • elektrotexnika: elektronika va uning komponentlari, sanoat sensorlari, “aqlli” hisoblagichlar, “aqlli uy” hamda “aqlli shahar” yechimlari;
  • mashinasozlik va uskunasozlik: robototexnika, mashinani koʻrish texnologiyalari, sanoat avtomatlashtiruvi, avtonom transport vositalari, agrotexnika va uchish apparatlari;
  • farmatsevtika: biotexnologiyalar, farmatsevtik substansiyalar, tayyor dori vositalari, tibbiy buyumlar va uskunalar;
  • kimyo sanoati: yangi avlod oʻgʻitlari, biopolimerlar, nanomateriallar, batareya kimyosi, funksional qoplamalar va elektron sanoat uchun kimyoviy materiallar;
  • qurilish materiallari: energiya samarador va kompozit materiallar hamda qurilish robototexnikasi;
  • suv va energiya tejovchi texnologiyalar: sunʼiy intellekt asosida sugʻorish, suv oqib ketishini aniqlash, suvni tozalash va qayta ishlatish, batareya texnologiyalari, quyosh panellarini monitoring qilish va qayta tiklanuvchi energetika;
  • qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar: avtonom tizimlar, tahliliy texnologiyalar hamda resurs tejamkor mahsulot yetishtirish yechimlari;
  • aerokosmos: dronlar, aerokosmik uchish apparatlari, sunʼiy yoʻldosh texnologiyalari, geoaxborot tizimlari va masofadan zondlash.

Tanlovdan oʻtgan startaplar uchun “tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi ham qoʻllanadi. Bu loyihalarga ayrim yangi mahsulot va texnologiyalarni amaldagi umumiy tartibdan farq qiluvchi maxsus sharoitlarda sinovdan oʻtkazish imkonini beradi.

Bundan tashqari, tegishli vazirlik, agentlik, kompaniya va sanoat uyushmalari dastur ishtirokchilariga sohadagi korxonalar bilan tajriba-sinov ishlari hamda buyurtma shartnomalarini tuzishda koʻmaklashadi.

Startap investorlariga soliq imtiyozi beriladi

Farmonda startaplarga xususiy sarmoya kiritishni ragʻbatlantiruvchi alohida tartib ham belgilangan.

Startap ekotizimining yagona elektron platformasida roʻyxatdan oʻtgan loyihaga pul kiritgan jismoniy shaxsga “Startap investori” yoki Business Angel maqomi beriladi. Investitsiya ustav kapitaliga toʻgʻridan toʻgʻri, konvertatsiyalanadigan qarz yoki SAFE bitimi orqali kiritilishi mumkin.

Bunday investor startapdagi ulushini kamida uch yil saqlab, keyin sotgan taqdirda, sotuvdan olingan daromad jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinadi. Agar ulush uch yildan oldin sotilsa, imtiyoz qoʻllanmaydi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+