Oʻzbekistonda shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisidagi qonun qabul qilindi
Hujjatda eskirgan, yashash yoki foydalanish uchun yaroqsiz obʼektlarni rekonstruksiya qilish, buzib qayta qurish hamda yangi hududiy zonalar tashkil etish tartibi belgilanmoqda. Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 6 oy oʻtgachyaʼni 2026 yil 11 dekabrdan kuchga kiradi.

Oʻzbekistonda shaharsozlik renovatsiyasi sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi yangi qonun qabul qilindi. “Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida”gi qonun 2026 yil 10 iyunda prezident tomonidan imzolandi.
Qonunga koʻra, shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish uchun hududdagi turar va noturar joylarning eskirgani, yashash yoki foydalanish uchun yaroqsiz hamda avariya holatiga kelib qolgani asos boʻlishi mumkin. Shuningdek, hudud aholisi ijtimoiy hayotiga jiddiy taʼsir koʻrsatadigan holatlar mavjudligi ham renovatsiya jarayonini boshlash uchun sabab sifatida belgilanmoqda.
Shaharsozlik renovatsiyasi bir necha yoʻnalishda amalga oshiriladi. Jumladan, mavjud obʼektni asosiy konstruksiyasini oʻzgartirmagan holda rekonstruksiya qilish, obʼektni buzib, uning oʻrnida shu toifadagi yangi obʼekt qurish, shuningdek, yashil hududlar va boshqa hududiy zonalarni tashkil etish nazarda tutilgan.
Renovatsiya boʻyicha taklif davlat tashabbusi, huquq egalarining tashabbusi yoki uchinchi shaxslar tashabbusi asosida kiritilishi mumkin.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzurida shaharsozlik renovatsiyasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari tashkil etiladi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 6 oy oʻtgach yaʼni 2026 yil 11 dekabrdan kuchga kiradi.









