Oʻzbekistonda sanoat oʻsishi sekinlashyaptimi?
Yanvar oyida mamlakatdagi sanoat oʻsishi 4,3 foizni tashkil etdi, bu esa oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan 12,3 foizga kamdir.

2025 yil yanvar oyida Oʻzbekistonda sanoat ishlab chiqarishi 4,3% ga oshdi. Bu iqtisodiyot barqaror rivojlanayotganini koʻrsatadi. Biroq, bu oʻsish 2024 yil yanvar oyidagi 16,6% lik koʻrsatkich bilan solishtirganda ancha past.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutiga koʻra, bu holat oʻsish surʼatlarining sekinlashishi degani emas. Iqtisodiyotda talab va taklif muvozanatda boʻlishi kerak. Biroq, biznes va aholining ehtiyojlari oʻzgarib boradi. Agar oʻzgarishlar katta boʻlsa, ishlab chiqarish hajmi ham vaqtincha oshib yoki kamayib turadi. Vaqt oʻtishi bilan esa bu jarayon normallashadi.
Nega oʻtgan yilgi sanoat oʻsishi yuqori boʻlgan?
2024 yil yanvar oyidagi sanoat oʻsishining juda yuqori boʻlishiga "baland baza effekti" sabab boʻlgan. Bu effektning kelib chiqishiga esa 2023 yil yanvar-fevral oylaridagi anomal sovuq havo taʼsir qilgan.

Oʻsha paytda ob-havo sharoitlari(anomal sovuq) tufayli ishlab chiqarish hajmi deyarli 10% ga kamayib ketgan. Davlat tomonidan oʻz vaqtida koʻrilgan qoʻllab-quvvatlash choralari sanoatni tez tiklashga yordam berdi. Shu sababli, 2024 yilda sanoat ishlab chiqarishi keskin oshib ketdi va natijada 16,6% lik oʻsish qayd etildi.
Biroq, ushbu oʻsishning 10 foiz punktdan ortigʻi sanoatning tiklanishi natijasida roʻy bergan. Haqiqiy oʻsish esa atigi 5-6 foizni tashkil qilgan. 2025 yilda esa iqtisodiyot tabiiy muvozanatga qaytayotgani uchun sanoat oʻsish surʼati nisbatan past koʻrinmoqda.
2025 yilda sanoat ishlab chiqarishi qanday rivojlanmoqda?
2025 yil yanvar oyida yuqori oʻsish qayta ishlab chiqarish sanoatida kuzatildi – 5,2%. Shu bilan birga, ishlab chiqarishning umumiy sanoatdagi ulushi oshdi. Agar 2024 yil yanvar oyida ishlab chiqarish sanoati sanoat umumiy hajmining 75,7% ini tashkil qilgan boʻlsa, 2025 yilda bu koʻrsatkich 79,1% ga yetdi.
Hukumat sanoat tarmoqlarini diversifikatsiya qilish va yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratmoqda.Natijada, koʻplab yuqori va oʻrta texnologik sanoat tarmoqlarida oʻsish kuzatildi. Xususan, kompyuter va elektron mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 7,7% ga, elektr jihozlari ishlab chiqarish esa 14,5% ga oshdi. Eng katta oʻsish mashinasozlik sohasida qayd etilib, transport uskunalari bilan birga 42,7% ga yetdi. Shu bilan birga, aholining isteʼmol mahsulotlariga boʻlgan talabi ham sanoat ishlab chiqarishining oʻsishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Jumladan, oziq-ovqat sanoati 12,7%, toʻqimachilik sanoati 3,6%, kiyim-kechak ishlab chiqarish 1,3%, mebel sanoati 16,7%, qogʻoz mahsulotlari esa 37,6% ga oshdi. Shuningdek, konchilik sanoatida ham 2,3% oʻsish kuzatildi. Bu koʻrsatkich 2024 yildagi nisbatan past ishlab chiqarish hajmi bilan bogʻliq boʻlgan "past baza effekti" natijasidir.
Mintaqadagi boshqa davlatlar bilan solishtirganda, Oʻzbekiston sanoat ishlab chiqarishining yanvar oyidagi oʻsish surʼati yuqoriroq boʻldi. Masalan, Qozogʻistonda ushbu koʻrsatkich 2,3% boʻlgan boʻlsa, Oʻzbekistonda u 4,3% ni tashkil qildi.