Oʻzbekistonda rieltorlik faoliyati uchun yangi tartiblar belgilandi
Yangi qonunga koʻra, mustaqil koʻchmas mulk agentlari faqat axborot, maslahat va reklama xizmatlarini koʻrsatishi mumkin. Uy-joy oldi-sotdisi yoki ijarasi boʻyicha bevosita vositachilik esa malaka sertifikatiga ega mutaxassislar ishlaydigan rieltorlik tashkilotlari orqali amalga oshiriladi.

Prezident 7 avgust kuni «Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida»gi qonunning yangi tahririni imzoladi. Hujjat 2026 yil 8 noyabrdan kuchga kirib, 2010 yilda qabul qilingan qonun oʻrnini egallaydi.
Yangi tartib rieltor va koʻchmas mulk boʻyicha agent vakolatlarini ajratib berdi. Rieltor malaka sertifikatiga ega boʻlishi hamda mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida bir vaqtning oʻzida faqat bitta rieltorlik tashkiloti tarkibida ishlashi mumkin.
Koʻchmas mulk boʻyicha agent esa yakka tartibdagi tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida faoliyat yuritadi. Biroq u faqat bozor haqida axborot va maslahat berish, obʼektlarni reklama qilish hamda eʼlon joylashtirish bilan shugʻullanishi mumkin.
Oldi-sotdi, ijara, garov, ayirboshlash, hadya va boshqa koʻchmas mulk bitimlarini tuzishda vositachilik qilish agent vakolatiga kirmaydi. Bunday xizmatlarni faqat rieltorlik tashkilotlari koʻrsatadi.
Rieltorlik tashkiloti faoliyat boshlashi uchun uning rahbari malaka sertifikatiga ega boʻlishi, shtatida kamida ikki nafar sertifikatlangan rieltor ishlashi va fuqarolik javobgarligi sugʻurtalangan boʻlishi kerak. Tashkilot professional jamoat birlashmalaridan biriga aʼzo boʻlishi ham shart.
Rieltorlik tashkilotlari va koʻchmas mulk agentlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi yuritadigan ochiq Yagona reyestrga kiritilgandan keyingina faoliyat boshlashi mumkin. Buyurtmachi reyestr orqali xizmat koʻrsatuvchining qonuniy maqomini tekshira oladi.
Rieltorlik sertifikati oʻquv dasturi va malaka imtihonidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorga QR-kodli elektron hujjat shaklida besh yilga beriladi. Uni yana besh yilga uzaytirish uchun qayta imtihon topshirish talab etiladi. Bundan tashqari, rieltorlar har uch yilda malaka oshirish kursidan oʻtishi kerak.
Qonun rieltorlik xizmatlarini yozma yoki elektron shartnoma asosida koʻrsatishni talab qiladi. Unda xizmat turi, muddati va narxi, sugʻurta polisi, malaka sertifikati, taraflarning javobgarligi hamda xizmat bajarilmasa, pulni qaytarish tartibi koʻrsatiladi.
Shuningdek, xususiy sektor tomonidan multillisting tizimi tashkil etiladi. U orqali koʻchmas mulk haqidagi maʼlumotlar, jumladan, obʼektga qoʻyilgan taqiq va xatlovlar, soliq hamda kommunal qarzdorlik, manzilda roʻyxatdan oʻtgan shaxslar haqidagi axborot almashilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasi 7 noyabrgacha malaka imtihonlarini oʻtkazish, sertifikat berish va Yagona reyestrni yuritish tartiblarini tasdiqlashi kerak.









