Oʻzbekistonda qarz oluvchilarning 29 foizida bittadan ortiq kredit bor
Katta yoshli aholining 20 foizida banklarda amaldagi kredit hisobvaragʻi mavjud, qarz oluvchilarning sezilarli qismi esa bir nechta kreditni bir vaqtda toʻlamoqda. Natijada bir qarz oluvchiga oʻrtacha 1,7 ta kredit toʻgʻri kelmoqda.

Oʻzbekistonda banklardan kredit olgan mijozlarning 29 foizida bir vaqtning oʻzida bittadan ortiq kredit mavjud.
Markaziy bankning moliyaviy ommaboplik boʻyicha ilk milliy indeksida keltirilishicha, bir qarz oluvchiga oʻrtacha 1,7 ta kredit toʻgʻri keladi.
Hisobotga koʻra, katta yoshli aholining 20 foizida banklarda amaldagi kredit hisobvaragʻi mavjud. Bundan tashqari, yana 7 foiz aholida tartibga solinadigan mikromoliya tashkilotlaridagi faol kredit hisobvaragʻi bor.
Shu tariqa, kreditdan foydalanish aholining muayyan qismida ancha faol boʻlsa-da, qarz majburiyatlari bir nechta kredit olgan mijozlar orasida ham toʻplanmoqda.
Ayni paytda kreditlash tizimining raqamlashtirilishi ancha yuqori darajaga yetgan. Yangi chakana kreditlarning qariyb 80 foizi avtomatlashtirilgan kredit konveyeri orqali rasmiylashtirilmoqda.
Katta yoshli aholining 98 foizi kredit byurolari maʼlumotlari bilan qamrab olingan. Bu bank va boshqa kreditorlarga mijozning kredit tarixini, mavjud majburiyatlari va qarz yukini baholash imkonini beradi.
Markaziy bank hisobotida kreditlardan foydalanishni kengaytirish bilan birga qarz oluvchining jami majburiyatlarini hisobga olish, kredit shartlarini uning toʻlov qobiliyatiga moslashtirish va ortiqcha qarzdorlik xavfini erta aniqlash muhimligi qayd etilgan.









